21:51 / 15.11.2021
4 935

Avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yig‘im qachon bekor qilinadi?

Avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yig‘im qachon bekor qilinadi?
Avvalroq Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev ikkilamchi bozordan avtomobil xarid qilinganda uni boshqa shaxs nomiga oldi-sotdi shartnomasi orqali notarial rasmiylashtirish hamda DYHXX (GAI)da ro‘yxatdan o‘tkazishda to‘lanadigan davlat boji va yig‘imlar miqdorining yuqoriligi hamda ushbu yig‘imlar miqdorini kamaytirish bo‘yicha yuborgan deputatlik so‘roviga Moliya vazirligi tomonidan avtotransport vositasini DYHXXda ro‘yxatdan o‘tkazish uchun transport vositasining ot kuchi va ishlab chiqarilgan sanasidan kelib chiqqan holda fuqarolardan undiriladigan yig‘imni bekor qilish, shuningdek notarial idorada undiriladigan davlat bojini pasaytirish nazarda tutilayotganini ma’lum qilgandi.

Kuni kecha (va, nihoyat) hukumat tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga 2022 yil uchun Davlat Budjeti loyihasi va Budjetnoma kiritildi.

Ushbu hujjatlarga ko‘ra, fuqarolarga mulkiy munosabatlarni amalga oshirishda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlarini yengillashtirish va mulk huquqini to‘laqonli tasarruf etishga qulay sharoitlarni yaratish maqsadida 2022 yil 1 yanvardan boshlab avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yig‘im to‘liq bekor qilinadi.

Shuningdek, Moliya vazirligidagi manbalarga ko‘ra, «Davlat boji to‘g‘risida»gi Qonunga kiritilishi kutilayotgan o‘zgrtirishga asosan avtomobil oldi-sotdi shartnomasini notarial rasmiylashtirish uchun undiriladigan davlat boji, transport vositasining ot kuchi va ishlab chiqarilgan sanasidan qat’iy nazar, BHMning 3 barobari (810 ming so‘m) etib belgilanadi (solishtirish uchun amaldagi to‘lov miqdori BHMning 2 barobari (540 ming) dan 10 barobarigacha (2 mln. 700 ming).

Demak, «2022 yil uchun Davlat Budjeti to‘g‘risida»gi qonunni qabul qilinishi hamda «Davlat boji to‘g‘risida»gi Qonunga tegishli o‘zgartirish kiritish ortidan ikkilamchi bozordan sotib olingan avtomobilni rasmiylashtirish xarajatlari keskin kamayadi.

Misol uchun, amaldagi tartibga asosan ot kuchi 105 bo‘lgan va ishlab chiqarilgan sanasi 3 yildan ko‘p bo‘lmagan Neksiya avtomobilini oldi-sotdi shartnomasini notarial rasmiylashtirish uchun xozir o‘rtacha 5mln. 535 ming so‘m xarajat talab qilinayotgan bo‘lsa, qonunchilikka yuqoridagi o‘zgartirishlar kiritilgandan so‘ng (2022 yil 1 yanvardan) bu xarajatlar taxminan 4 mln so‘mga kamayib, 1 mln. 600 ming atrofida bo‘ladi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda bir yilda 300 mingdan ortiq (ishonchnomalar bilan hisoblaganda aslida 700 mingdan oshadi) avtomobil oldi-sotdi shartnomalari amalga oshirilishini inobatga olsak, ko‘zda tutilayotgan bu ijobiy o‘zgarishlar natijasida fuqarolar ixtiyorida qo‘shimcha 1,2 trln. so‘mdan ortiq mablag‘ qoldiriladi.

2019 yil 1 oktabrdan boshlab mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yangi avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun 3%lik yig‘im avtomashinalar narxiga kiritilgan va shu kungacha fuqarolarimiz UzAuto Motors avtomashinalarini 3% ortiq narx bilan xarid qilib kelmoqdalar. Qiziq, endi ushbu yig‘im bekor qilinishi ortidan UzAuto Motors avtomobil narxlarini 3%ga tushirarmikin?

Lekin kompaniya xaridorlardan avtomashina narxi ichida olingan 3%lik yig‘imni (birgina 2020 yilning 9 oyida 582,6 mlrd. so‘mni tashkil etgan) shundoq ham davlat budjetiga to‘lamay kelganini inobatga olsak, bular narxni oshirsa-oshiradiki, aslo kamaytirmaydi, deb yozadi deputat.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yig‘im qachon bekor qilinadi?