14:53 / 31.10.2017
5 407

Haqiqat izlaganlarga tekin maslahatlar

Haqiqat izlaganlarga tekin maslahatlar
Anavi kuni bittasi feysbukda taklif bilan chiqibdi, sud’yalar adolatli qaror chiqarishi uchun sud jarayonini onlayn tarzda videotasvirga olishni qonun yo‘li bilan majburiy qilish kerak emish. Tavba odamlarga hayronsan, bir qarasang adolat izlaydi, bir qarasang haqiqat izlaydi, bir qarasang ish izlaydi. E, odamlarga nima kerak o‘zi bilib bo‘lmaydi. Tinchgina ishini topib, topolmasa o‘risga borib ishlab, tirikchiligingni qilaversa bo‘lmasmikan a. Axir ertaga o‘g‘ling, qizing ulg‘ayadi, ularni uylantirish kerak chiqarish kerak, shuni o‘ylasangchi!

Adolatni pishirib yeysanmi? Yo haqiqatni oshga guruch o‘rniga solasanmi, nodon! O‘risga borsang jaraq jaraq dollar topib uyingga yuborasan,to‘g‘rimi, ha yasha! Endi millionlab sanga o‘xshaganlar milliardlab Amiriqoni dollarini opkelib yurtimizda ko‘paytirib yuborayotgan bo‘lsalaring birov sizlarga “nega xorijni pulini opkelyapsan deb bir og‘iz gap” aytmayapdiku, to‘g‘rimi? Endi mundoq tanangga o‘ylab ko‘r, axir kimdir mana shu sanga o‘xshaganlar chet eldan tashiyotgan pullaringdan O‘zbekistonni tozalashi kerakmi, kerak! Aks holda hamma yoqni dollar bosib, o‘zimizni so‘mni topolmay qolamizku, to‘g‘rimi, to‘g‘ri mana haqiqat qayerda, mana adolat qayerda!..

Balkim omi odamlar dollarlarni tadbirkorlarimiz chetga oborib, o‘rniga u bu narsa opkelib sotayotgani evaziga yurtimiz Amriqoning pulidan qutulyapdi deb o‘ylar. Hechamda! Bu ishni san bilan mani ishim tushadigan “akajon”ning xizmatlari evaziga bo‘lyapdi. Bechoralar birovning ishi tushganda, “mayli shuniyam sazasi o‘lmasin” deb teskari qaraganda shundoqqina stolining tortmasiga tashlab qo‘ygan “sehrli” konvertning ichidagilarni uzoqroqqa mamlakatimizdan tashqariga “otvorishga “ majbur” axir!

…E, chalg‘ib ketdik mavzudan, keling taklifga qaytsak. Bugun sud majlisini videotasvirga olishni , ertaga DAN xodimlarini nazorat qilsak, indinga prokurordan qonunlarni barchaga barobarligini talab qilsak bilasanmi nima bo‘ladi?..

Ularning ham bola chaqasi bor. Shuni o‘ylamaysanmi? O‘zi farzandlarini har biriga zo‘rg‘a ikkitadan mashina, uchtadan hovli joy qilib bergan bo‘lsayam, nevaralarini nima qiladi. Parijdagi 5 xonali apartamentlarda siqilib qolgan “toychoq”lariga Lazur dengizi bo‘yidan villani nima qilib oberadi? Buning ustiga ertaga pensiyaga chiqqanida tinchgina yashash uchun hech bo‘lmasa Latviyada juda katta bo‘lmasam kichikroq “saroy” sotib ololmasa, uyat emasmi?

Shunday ekan do‘stim bunaqa mashmashalarni yig‘ishtir. Ja haqiqat, adolat kerak bo‘lsa, mana o‘zimizning o‘zbekfilmlarni tomosha qil! Ha undayam qoniqmasang yana bir tekin maslahatim- 4 ta siyosiy partiyalarimizning internetdagi saytlari bilan deputatlarimizning feysbukdagi sahifalarini o‘qi, istaganingcha haqiqat bilan adolatni topasan, man kafil!

Tekin maslahat beruvchi Davlat Nazar

Manba: fayzbog.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Haqiqat izlaganlarga tekin maslahatlar