13:00 / 28.11.2017
7 593

«DAN» ga berdim nimayu, jarima to‘ladim nima?!

«DAN» ga berdim nimayu, jarima to‘ladim nima?!
«Kuni kecha bir Facebook’dosh do‘stimiz «DAN» xodimlariga pora berishni o‘rgatgan hamsuhbatlari haqida yozib, porani oddiy holga aylanib qolganidan yozg‘irgan ekanlar. Bir tarafdan haqli e’tiroz. Lekin ikkinchi tarafi ham bor.
Do‘stim bilan Andijonga safarga otlandik. Mashinada ketib borar ekanmiz, Hojiboy Tojiboyev aytganidek birdan «DAN» xodimi paydo bo‘lib to‘xtatdi. Tezlikni oshirganimizni, bir km nariroqda foto radar bor ekanligini aytdi. Ko‘rsatilgan rasmda 68 km soat tezlik belgilangan edi. Turar joydagi eng katta tezlik esa 50 km soat. Jarima miqdori 380 000 so‘m ekan. Shu o‘rinda eng kam ish haqi qancha ekanligini eslatish noo‘rin bo‘lsa kerak. O‘zimiz yerda, bo‘lib ham O‘zbekistonda yashashimizga qaramasdan, narx navolarimiz, jarimayu, soliqlarimiz Yupiter o‘lchovlaridan olingan, degan xayol keladi.
Xullas, mavzuga qaytaman. Inspektor «Nima qilamiz?», deb menga qarab turibdi. Nima qilardik, el qatori, otamiz qilgan ishni qildik. Hujjatlar orasiga 30 000 va ish bitdi.
Endi buni pora deb jar soladiganlarga qaytmoqchiman. Rossiyada turar joyda belgilangan tezlik 60 km soatiga. Endi bir nuqtaga e’tibor qarating. «Dopustimыy skorost» degan narsa bor. 60 km soat belgilangan joyda 20 km tezlik qo‘shimcha beradi. Ya’ni kameralarga 80 dan o‘tmaguncha tushmaysiz. Bu qonun chiqarilishida esa «chelovecheskiy faktor» inobatga olingan. Inson faktori. Inson 50 km belgilangan joyda 50 yura olmaydi. Ozgina oshishi tabiiy narsa. Bizda esa ko‘z tegmasin, bunday narsalarni ahamiyati yo‘q. 50 belgilangan joyga 51 kelsangiz ham tamom. Bu masalaning bir tomoni. Endi yana boshqa tomoni bor. Rossiyada eng katta jarima 5000 rubl. (Bizni pulga 600 000) Tezlik, qizil chiroq, piyodalarni qo‘yib yubormaslik kabi jarimalar 1500 rubl. (Bizni pulga 200 000 deylik). Oylik esa o‘rtacha 40000 rubl. 5 000 000 orasida. Mantiqiy jarima. Topishiga yarasha. Bizda esa o‘rtacha oylik 800 000 dan 1 200 000 gacha. Jarimalar esa osmon kengligi va qora tuynuk kabi tubsiz va chegarasiz narsalarga o‘xshaydi. Bir oyda bir marta jarima qilgan odam, o‘sha oy faqat non yeb kun ko‘rishi kerak.
Yuqorida aytganimdek o‘rtacha jarimalar 1500 rubl. Shunday bo‘lgandan keyin «DAN» xodimiga ham 1000 rubldan kam bermaydi. Har qanday odamda «DAN» ga berdim nimayu, jarima to‘ladim nima?! degan fikr tug‘iladi. O‘z o‘zidan poraxo‘rlik kamayadi. Daromadga yarasha buromad…
Sizni to‘xtatgan «DAN» xodimi: «Bir oylik oyligingizni teng yarmini berasizmi yoki…» – desa, albatta yokiga rozi bo‘lasiz. Yokiga rozi bo‘lmasligingiz bolalaringiz, rejalaringiz, bir oylik hayotingizni barbod qilishini yaxshi tushunib yetasiz.
Chet elning qaysidir davlatida «biz kameralarni sizning pulingizni olish uchun emas, sizning hayotingiz va sog‘lig‘ingizni himoya qilish uchun o‘rnatganmiz» degan yozuv bor ekan. Ha, darvoqe, daraxt orqasida radar ko‘tarib yashirinib turgan, piyodalar yo‘lakchasidan bir tanishini uyoqdan buyoqqa ataylab o‘tkazib, sizni jarima qilishga majburlagan «halol» «DAN» xodimlariga yuqoridagi gapning mutlaqo ahamiyati yo‘q. Axir ular ham radarni «shapka»sini berib olishadi. Yuqoridagilarni ham bola-chaqasi bor.
Kinolarda bo‘lgani kabi eshik ortidagi stulga asirdagi odamni boylab, peshonasiga miltiqni tirab, eshik ochilsa otilib ketadigan qilib bog‘lanadi. Siz sho‘rpeshona eshikni ochasiz. Ochishingiz bilan miltiqdan o‘q otiladi va siz qotilga aylanasiz. «DAN» xodimiga berilgan pora, ana shu «qotil» ga o‘xshab ketadi. Bechora o‘zi istamagan edi, ammo qotilga aylandi. Latifada aytilganidek «Sening birinchi xatoing, rulga o‘tirganing».
Pora bermaslik uchun qonunlarni odam to‘lay oladigan, yerliklar aqliga sig‘adigan qilish kerak. Yoki mashina minmaslik kerak.
Birinchisi amalga oshishiga ishonmaymanku-ya, ammo ikkinchisini eplasa bo‘ladi. Piyoda yurish, sog‘liq uchun foydali. O‘zingizni asrang!
Sayyid Islom

Manba: carzone.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «DAN» ga berdim nimayu, jarima to‘ladim nima?!