16:06 / 19.12.2017
13 787

O‘zbekistonda paxta o‘rniga qizil qalampir ekiladi

O‘zbekistonda paxta o‘rniga qizil qalampir ekiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘i bilan 2018 yil Qoraqalpog‘istonda 15 ming gektar yerlarga paxta o‘rniga qizil qalampir ekiladi.
Davlatimiz raxbari Qoraqalpog‘istonga qilgan safari davomida Xo‘jayli tumanida qurilayotgan zamonaviy logistika markazini borib ko‘rgan va Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi sohasi hamda oziq-ovqat sanoatida hayotga tatbiq etiladigan investitsiyaviy loyihalar bilan tanishgan.
Shu jumladan, prezidentga, eksportga chiqariladigan qizil qalampir bo‘yicha istiqbolli loyihani taqdim etishdi, deb yozadi Asr.uz nashri.

Mutaxassislar fikricha, bugungi kunda dunyo bo‘yicha 4,4 million gektar maydonda achchiq qalampir ekilib, 68,3 million tonna hosil olinadi. Bir gektar maydonda hosildorlik 15-20 tonnagacha yetadi. 5 kilogramm hosildan 1 kilogramm quritilgan achchiq qalampir olish mumkin. Misol uchun, 1 gektar maydondan 16 tonna hosil yetishtirilsa, 3,2 tonna quritilgan achchiq qalampir olinadi. Uning 1 tonnasining narxi dunyo bozorida 8 ming 640 dollar atrofida baholanadi. 2017 yilda achchiq qalampir savdosidan olinadigan daromad 30 milliard dollardan oshishi kutilmoqda. Ushbu mahsulotning asosiy qismi Indoneziya, Xitoy va Meksikada yetishtiriladi.

Prezidentimiz kam hosil beradigan paxta maydonlarini qisqartirish hisobiga 60-80 kunda yetiladigan achchiq qalampir ekish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

«Yaqinda bir guruh mutaxassislar va tuman hokimlari bilan Indoneziyada komandirovkada bo‘ldik. O‘sha yerda eksportga mo‘ljallangan mahsulotlarni yetishtirish bo‘yicha tajriba almashdik. 2018 yilda fermer xo‘jaliklarining 1000 gektar dala maydonlarida Indoneziyadan keltiriladigan qizil qalampirni yetishtiramiz. Bunda kam hosil beradigan paxta maydonlaridan foydalaniladi», — deb ta’kidlagan Beruniy tumani hokimi Farhod Ermonov.

Qoraqalpog‘istonda qalampirning chet eldan keltiriladigan navlari ekiladi. Ularning achchiqlik darajasi jahon standartlariga mos tushar va ular yaxshi eksport qilinar ekan. O‘zbekistonlik fermerlarga bu borada Indoneziyalik mutaxassislar yordam berishi kutilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda paxta o‘rniga qizil qalampir ekiladi