19:06 / 31.12.2017
6 722

Poraxo‘rlik nuqtalari bo‘lgan postlar tugatilayaptimi?

Порахўрлик нуқталари бўлган постлар тугатилаяптими?
O‘zbekistonda viloyatlar o‘rtasidagi chegaralarda joylashgan postlarning tugatilishi xalq orasida xursandchilik bilan kutib olindi. Bu postlarni Prezident o‘zining 22 dekabrdagi murojaatnomasida «poraxo‘rlik maskanlari» deb atagan edi. Jurnalist, yozuvchi Karimberdi To‘ramurod postlarni tekshirish maqsadida atayin Samarqanddan Toshkentga sayr qilganini o‘z feysbuk sahifasida hikoya qiladi.

«Kecha Toshkentga borib keldim. Birinchi marta biror postda to‘xtatishmadi. Qizig‘i, tongda Toshkentda o‘tganimda «mo‘ltirabgina» turgan «Yetim post» shomda qaytayotganimda yo‘q! O‘zi 17-postdan 17 qadam narida yana post turishi biram g‘alati edi.
Qaytayotganimda e’tibor berdim, «G‘allaorol posti» «Vishshi tochka» postidan 25 km narida ekan. Shu 25 km da biz terrorchi yoki vahobiy bo‘lishga ulgurmaymiz-ku? Menimcha, bu hafta Toshkentga o‘tganimda shu «G‘allaorol» postini ham ko‘rmasam kerak, GAIlarning kayfiyati yo‘q.

«Vishshi tochka»dan o‘tib, «Ha, endi qadrdon Samarqandimga keldim», desam, Samarqandga kirmay turib, yana postga keldim. «Cho‘ponota posti», uni «Shtab GAI» ham deyishadi. Qiziq, «Vishshi tochka» bilan «Cho‘ponota» postlari orasida bittagina Jomboy tumani bor. Odamlar shu Jomboy tumanida qurollanib olishadimi yo narkotik moddalarni Jomboydan olishadimi? Yo Jomboy terrorchi-yu, diniy ekstremistlarning makoni-yu, biz ularni yo‘lda mindirib olamizmi? Menimcha, Yo «Cho‘ponota» postidan yo «Vishshi tochka»dan voz kechish kerak. Bu mening fikrim.

Ana shunday fikrlarni fikrlashning o‘ziga «turtki» bergan prezident Sh.Mirziyoyevga maddohlik qilmagan holda tasannolar aytamiz.
Eng qizig‘ini aytaymi, «Bir to‘xtatishsa edi», deb borib keldim. Nimagaligini bilasizmi? «Bo‘yningga osilgan videokamering qani?» deb so‘rab, bir maza qilmoqchi edim. Eh...

Ammo Jizzax GAIlari radar, fotoradar qo‘yib olib “ov” qilishda davom etishayapti. Menicha, ular uchun ov mavsumining oxiri, ya’ni “Konets sezona” bo‘lsa kerak, vallohi alam!» - deb yozadi jurnalist To‘ra Murod.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Poraxo‘rlik nuqtalari bo‘lgan postlar tugatilayaptimi?