15:00 / 18.01.2018
7 093

Islom Karimovning sinfdosh do‘sti: «O‘qituvchimiz uning yozgan inshosiga «2» baho qo‘ygan edi»

Islom Karimovning sinfdosh do‘sti: «O‘qituvchimiz uning yozgan inshosiga «2» baho qo‘ygan edi»
Islom Karimovning sinfdosh do‘sti Shamsiddin Sharopov birinchi Prezident haqidagi xotiralarini so‘zlab berdi. Uning xotiralari O‘zAda e’lon qilindi.

«Islom Karimov bilan Samarqand shahridagi 21-umumta’lim maktabida besh yil birga o‘qib, bir partada o‘tirganmiz. Ko‘pincha birga dars qilardik. O‘shandayoq u betakror qobiliyati, qiyinchiliklardan cho‘chimasligi, mustahkam xotirasi bilan ajralib turardi. Eng muhimi, uning o‘ziga nisbatan ishonchi kuchli edi.

Esimda, 1953 yilning kuzi. 9-sinfda o‘qiymiz. Bir kuni rus tili darsida insho yozdik. Keyingi darsda o‘qituvchimiz Nina Semyonovna Xilkevich (biz u kishini suyib Naima opa ham derdik) Islom yozgan insho uchun «2» baho qo‘yganini aytdi. Islom bundan norozi bo‘lib, «nega ikki qo‘ydingiz?», deb so‘radi. O‘qituvchimiz kitobdan ko‘chiribsan, dedi. U esa «ko‘chirganim yo‘q, kitobda qanday o‘qigan bo‘lsam, shunday yozganman», deb javob berdi.

Nina Semyonovna bu gapga ishonmay, boshqa insho matnini bir marta o‘qitdi va dars oxirida so‘rashini aytdi. Dars yakunida Islom berilgan matnni to‘liq yozdi va yoddan aytib berdi. O‘qituvchimiz uning javobini eshitib, lol qoldi. U matnni shu darajada mohirona yodlagan ediki, biror so‘z u yoqda tursin, hatto nuqta-verguligacha aniq aytdi. Shunda Nina Semyonovna Islomni hammamizga ibrat qilib ko‘rsatdi va unga «5» baho qo‘ydi.

U biror ishni bugun qilishi kerak bo‘lsa, zinhor ertaga qoldirmasdi. Tuni bilan bo‘lsa-da, dars tayyorlab chiqardi.

9-sinfda o‘qib yurgan paytlarimizda bir kuni maktabimiz direktori Halim Abdurahmonov «Ertaga komissiya keladi, ishimiz ko‘p, ularni tezda bajarishimiz kerak», deya hammamizga topshiriq berdi. Islom bilan birga yuqori sinfda o‘qiydigan ikki o‘quvchiga maktabning devoriy gazetasini tayyorlash topshirildi. U odatini kanda qilmay gazetani ertagacha tayyor qilishga va’da berdi.

U paytlar katta qog‘oz, bo‘yoq, siyoh qayoqda deysiz. Tag‘in maktabning, har bir sinfning a’lochi va qoloq o‘quvchilari, davomati haqida ma’lumot to‘plash lozim edi. O‘ta zehnli va mas’uliyatli Islom 10-sinfda o‘qiydigan ikki o‘quvchining sust harakatiga qarab o‘tirmay, darhol kechgacha ma’lumotlarni yig‘di. Bunda maktab ma’muriyati va hatto sinf rahbarlarini ham ishlashga undadi, yumshoq qilib aytganda, "majbur" qildi.

Ertalab maktabga kelsak, devoriy gazeta belgilangan joyida osig‘liq turardi. O‘qituvchilar ham, o‘quvchilar ham qiziqib o‘qiyapti. Islomning ko‘zlariga e’tibor bilan razm soldim, qizarib ketgan, shundan bildimki, kechasi bilan uxlamay devoriy gazeta tayyorlagan. Buni direktorimiz Halim aka ham sezdi. Islom Karimovning bir so‘zliligiga tan berdi, unga nisbatan mehri oshdi.

Ha, Islom shunday mehnatkash va katta qobiliyat egasi edi».

Muallif haqida. Shamsiddin Sharopov Islom Karimovning sinfdosh do‘sti. O‘zbekiston milliy universitetida xorijiy tillar fakultetida dekan, kafedra mudiri, xalqaro munosabatlar bo‘yicha prorektor vazifalarida ishlagan. Malaka oshirish institutiga rahbarlik qilgan. Toshkent shahrida yashaydi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Islom Karimovning sinfdosh do‘sti: «O‘qituvchimiz uning yozgan inshosiga «2» baho qo‘ygan edi»