17:35 / 04.02.2018
13 219

7 mo‘jizaviy raqam…mi?

7 mo‘jizaviy raqam…mi?
Qator yozma manbaalarda yetti soniga mo‘’jizaviy raqam, deb ta’rif beriladi. Unda qandaydir ilohiy ishoralar bor degan fikrlar aytiladi. U dunyodagi ayrim xalqlar nazarida baxt-saodat keltiruvchi sirli son hisoblanadi.

Xalqimizda yetti soni bilan bog‘liq qator ibora va maqollar mavjud. Xususan, «Yetti xislat egasi», «Yetti o‘lchab bir kes», «Yerdan ayrilgan yetti yil yig‘lar», «Bir bolaga yetti mahalla ota-ona» va hokazo. Bundan tashqari, olamning yetti mo‘’jizasi, yetti qavat osmon, yetti sayyora, yetti iqlim, yetti xazinaning biri kabi iboralar ham go‘yo yetti raqamining o‘ziga xos xosiyati borligini anglatadigandek.

Ushbu raqam nomi lotin tilidagi «Septanna» so‘zidan olingan bo‘lib, lug‘aviy «yetti yillik muddat» degan ma’noni bildiradi.

Rivoyatlarga ko‘ra, muqaddas Makka shahridagi «Zam-zam» suvining paydo bo‘lishi ham yetti raqami bilan bog‘liq ekan. Haj safariga borganlar Safo va Marva degan tepaliklar o‘rtasida yetti marta sa’i (yugurish) qiladilar. Bitiklarda yozilishicha, Ibrohim (a.s.) birinchi xotini Sora rashkidan bibi Hojarni go‘dagi Ismoil bilan odam yashamas joylarga tashlab kelishni ixtiyor etadi. Ibrohim (a.s.) ularni olib sahroning o‘rtasiga borganda bibi Hojarga «Sizlar shu yerda yashab turinglar», deydi.

Bibi Hojar: – Bu Sizning amringizmi yoki Allohningmi? – dedi.

Ibrohim (a.s.): – Allohning amri, – dedilar. Bibi xojar onamiz:
– Unday bo‘lsa siz ketavering, bizni Allohning o‘zi asrab oladi, – deb javob beradi.

Kun issiq. Yegani na ovqat, na suv bor. Go‘dak yig‘lay boshladi. Bibi Hojar Safo-Marva orasida suv izlab, yetti marta u yoqdan bu yoqqa yugurdi. Yettinchi marta yugurganida go‘dakning tovoni ostidan suv chiqib, bola oqib borardi. Bibi Hojar suvga «Zam-zam» deb qo‘lini urgan edi, suv to‘xtadi, o‘sha yerda buloq paydo bo‘ldi. Ona-bola to‘yib suvdan iste’mol qildilar. Shu-shu o‘sha buloq oqib turadi. Hojilarimizning Safo-Marva orasida yetti marta yugurishi o‘shandan qolgan.

Haftaning yetti kundan iborat ekanligi, yer yuzi hududining yetti iqlimga bo‘linishi bizga qadimdan ma’lum. Misr piramidalari ham yetti mo‘’jizaning biridir. Notamiz ham yettita. Shu yetti nota yordamida yuzaga keladigan kuy insonni larzaga solish mumkin. Kamalak ranglari jilosi ham asosan ko‘rinadigan yetti xil rangdan iborat bo‘ladi. Ana shu holatlar yetti raqamining sir-sinoati haqida odamlarga nimanidir angatishga belgi bo‘lishi ham mumkin.

Kimyo fanida ham moddaning yetti qiyofasi, Mendeleyevning davriy sistemasida ham yettita davr mavjud. Bizning bo‘yin qismimiz ham yettita bo‘yin segmentlaridan tashkil topgan, nafaqat insonlarniki, hatto turli hayvonlarning bo‘yin qismi ham yettita segmentdan tashkil topgan.

Xalqimizda qaynonalarga qarata, «kelin olib yetti qavat ko‘rpacha ustida o‘tiribsizmi?», «Yetti bukilib salom ber», degan gaplar ham bor. Ensiklopediya tarixiga nazar tashlasak, «ensiklopediya» so‘zi dastlab qadimgi yunonlarda paydo bo‘lgan. Ammo bu atamaning ma’nosi keyinchalik o‘zgarib ketgan. Qadimda u «erkin san’at» deb atalgan va yetti ilmni, ya’ni grammatika, ritorika, dialektika, geometriya, arifmetika, musiqa va astronomiyani anglatgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, yetti raqamida inson hali anglab yetmagan qandaydir sir-sinoat bor bo‘lishi mumkin degan fikr tug‘ilishi tabiiy. Buni haqiqatdan ham shunday yoki shunchaki tasodif ekanligiga balki yillar o‘tib aniq javob topilar. Nima bo‘lganda ham ushbu jumboq sirini angash ishtiyoqi insonni hech qachon tark etmaydi.
Surmaxon ISMOILOVA

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » 7 mo‘jizaviy raqam…mi?