07:30 / 18.02.2018
7 223

Do‘ppidekkina issiqxona daromadi...

Do‘ppidekkina issiqxona daromadi...
Qishning izg‘irinli kunlariga qaramay, sarxil mevalar, barra sabzavotlar bozoru do‘kon rastalarini bezab turibdi. Bemalol savdolashib hamyonbop narxda xarid qilish mumkin. Bu elda farovonlik, dasturxonlarda to‘kin-sochinlikdan dalolatdir.

Mehrtalab kaftdek yer ham bugun yuzlab insonlarning xonadoniga qut-baraka olib kirmoqda. Ana shunday qutli xonadon egasi Davron aka ham avval yerni boqdi, endi esa yer uning dasturxoniga baraka hadya etmoqda.

— Ikki o‘g‘lim birin-ketin shartnoma asosida oliygohga qabul qilindi, — deydi samarqandlik Davron EShQUVVATOV. — Birinikini amalladik, ikkinchisiga qarz ko‘tarsammi, degan o‘y o‘tdi. Xo‘p, qachongacha qarz to‘layman. Bir tomonda ro‘zg‘or. Biror ilojini topmasam bo‘lmaydigan. Shu tashvishlar orasida yurganimda uzoq qarindoshimiznikiga mehmonga chaqirib qolishdi. Bordik. Qarasam, men yo‘qotgan kalavaning uchi o‘sha yerda ekan. Ularning mo‘’jazgina issiqxonasida bahor. Uyga kelib do‘ppini tizzaga qo‘yib, hammasini puxta rejalashtirdim. Menda ham yer bormi, bor, demak, ish boshlasam bo‘ladimi, bo‘ladi! Hovlimdan uch sotixcha joyni ajratib, issiqxonasi bor kishilardan kerakli maslahatlarni oldim va mo‘’jazgina issiqxona yasadim. Avval pomidor, so‘ng bodring ko‘chatlarini ekib parvarish qila boshladim. Mana, uch yildan beri shu ish bilan shug‘ullanaman.

Davron Eshquvvatov Samarqand xalqaro aeroportida yong‘in xavfsizligi bo‘limida haydovchi bo‘lib ishlaydi. Dam olish kunlari va bo‘sh vatqini hamisha shu issiqxonada o‘tkazadi.

Yerning ham, o‘simlikning ham o‘z injiqligi bor. O‘z fursati bilan ehtiyotkorlikda parvarish qilish shart. Tadbirkor buni o‘z vaqtida anglab yetdi. Ba’zan issiqlik yetmasdi, elektr tokining tez-tez o‘chib qolishi, hatto pech o‘rnatib isitishga to‘g‘ri kelgan paytlar bo‘lgan. Biroq qilingan mehnat zoye ketmadi. Eng asosiysi, Davron aka yerga mehr berdi. Shuning orqasidan to‘y qildi. Yana bir o‘g‘li yer ilmi bo‘yicha Samarqand qishloq xo‘jaligi institutida tahsil olyapti. Kelajakda birgalikda bankdan kredit olib, issiqxonani kengaytirish niyatida.
Nargiza YuNUSOVA

Manba: od-press.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Do‘ppidekkina issiqxona daromadi...