10:48 / 23.02.2018
6 985

Endi avval sudlanganlik ishga kirishda to‘siq bo‘lmaydi

Endi avval sudlanganlik ishga kirishda to‘siq bo‘lmaydi
“Qonunchilik palatasi yalpi majlisi haqida berilgan xabarda endi sudlanganlik ishga kirishda to‘siq bo‘lmasligi haqida aytildi. Qonun qabul qilindimi? Bu bo‘yicha nima yangiliklar bor?”

Ko‘p yillardan buyon amaliyotda davlat idoralariga ishga kirmoqchi bo‘lgan shaxslar yaqin qarindoshlari yoki o‘zining sudlanganligi munosabati bilan ishga kirishda to‘siqqa uchrab kelganligi hech kimga sir emas.

Konstitutsiyada, Mehnat kodeksi va boshqa qonunlarda har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egaligi, hamda mehnatga oid munosabatlarda kamsitishning taqiqlanishi belgilangan.

Biroq, amaldagi qonunchilikda shaxsning o‘zini yoki yaqin qarindoshlarini muqaddam sudlanganligi munosabati bilan ishga qabul qilishni rad etilishi tartiblari aniq belgilanmaganligi, fuqarolarning mehnat qilish va erkin kasb tanlash huquqini to‘liq amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Fuqarolardan tushayotgan murojaatlar tahliliga ko‘ra, Adliya vazirligi tomonidan tayyorlangan “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartish kiritish haqida”gi qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilgan edi.

Ushbu qonun loyihasi 14 fevral kuni yalpi majlisda ikkinchi o‘qishda deputatlar tomonidan ma’qullandi. Bu haqda Adliya vazirligining Telegramdagi “Huquqiy axborot” kanalida xabar berildi.

Qonun loyihasida Mehnat kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartish kiritilib, qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqa hollarda shaxsning muqaddam sudlangani yoxud yaqin qarindoshlarining sudlangani munosabati bilan ishga qabul qilishni rad etilishini taqiqlovchi normani o‘rnatish nazarda tutilgan.

Ushbu qonunning qabul qilinishi fuqarolarga ishga joylashish va o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda mehnat qilish huquqlarini amalga oshirilishini ta’minlaydi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Endi avval sudlanganlik ishga kirishda to‘siq bo‘lmaydi