00:35 / 26.02.2018
6 531

Piyonistaning zavjasi... (Voqea real hatdan olingan)

Piyonistaning zavjasi... (Voqea real hatdan olingan)
Hayotda turli toifadagi odamlar yashaydi. Ularning ba’zilari ichkilikka ruju qo‘yishadi-yu, oilani ham, yaqinlarini ham butkul unutishadi. Quyidagi hikoyamizni o‘qib hayron bo‘lmang. Qahramonimiz aslida qotil emas. Hayotda qattiq adashgan, xolos. Ajab emaski, ba’zi shunday to‘g‘ri yo‘lni topa bilmayotgan yurtdoshlarimiz ushbu hikoyani o‘qishgach, tegishli xulosa chiqarib olishsa…
***
Qirqni oralab-oralamay tepakalga aylangan, past bo‘yli, Murod “cho‘michburun” (ulfatlari unga shunday laqab qo‘yib olishgan) gandiraklagancha o‘zining uch xonali kvartirasiga kirib keldi-da, yo‘lakda qalqib-qalqib botinkasini yechib bir chetga otdi va oshxonaga o‘tdi. Stol qarshisida xotini Mohinisa boshini changallagancha jim o‘tirardi. Murod bir muddat chayqalib turgach, Mohinisaning tepasiga yaqin bordi.

— Ha-a, it! — o‘shqirdi u og‘zidan tupuk sachratib. — Qisir sigirga o‘xshab yuvoshlanib o‘tiribsanmi haliyam?.. O‘tirasan-da bitta bolani eplab tug‘ib bera olmaganingdan keyin! Ana, ulfatlar aytdi, ayb senda ekan. Xotinlaridan eshitishibdi.

— Menda nima gunoh, Murod aka? — yig‘lab yubordi Mohinisa. — Nima qilay?.. Javobimni bering unda! Nega ketishga qo‘ymaysiz? Har kuni qonimni ichasiz!..

— Javob?.. — Murod sovuq tirjayib bosh silkidi. — Vey, g‘alcha, bilasanmi senga uylanganimda qancha pul sarflaganimni?.. Bilasanmi?.. “Limuzin”larda shaharni sayr qildirganim esingdan chiqdimi?

— Nega hadeb o‘sha “Limuzin”ni yuzimga solaverasiz?.. Jonimdan to‘yib ketdim-ku!..

— Tug‘ bo‘lmasa, tug‘! — ovozining boricha baqirdi Murod. — Qo‘lingdan keladimi? Kuching yetadimi?.. Yetmaydi. Shunday ekan, ovozingni o‘chir! Gapirgiliging yo‘q sening!..

Mohinisa silkinib-silkinib yig‘lagancha balkonga chiqib ketdi.

Agar yana birpas aytishib tursa, Murod musht o‘qtalishga tushishini bilardi. Mastligida kaltaklash, xo‘rlashdan toymaydi.
***
— Vey, qanisan? Qani servantdagi aroq? — zaldan turib qichqirdi Murod. — O‘lib qoldingmi balkonda? Kir dedim ichkariga!..

Mohinisa shu tobda sal o‘zini qo‘lga olgan, yig‘lashdan to‘xtab labini tishlagan ko‘yi kursida o‘tirardi. Erining qichqirig‘ini eshitib shosha-pisha o‘rnidan turdi-yu, ichkariga chopdi.

— Qani aroq? — servantni ko‘rsatib o‘dag‘ayladi Murod. — Ertalab ketayotganimda turgandi-ku! O‘ynashingga berib yubordingmi yo?..

— Voy, ko‘zdan panaroqqa berkitib qo‘ygandim xolos, Murod aka. — dedi Mohinisa qutidan bir shisha aroqni olib erining qo‘liga tutarkan.

— Ha-a, ja ehtiyotkor bo‘lib qolibsanmi?.. — Murod beo‘xshov kulgancha shishaning og‘zini ochdi. So‘ngra servantdan ikkita qadah olib xontaxta ustiga qo‘ydi. — Shunday qilsam, erim jahlidan tushadi deb o‘ylaysanmi?

— Men unday deb o‘ylaganim yo‘q. — javob qildi Mohinisa bosh egib. — Shunchaki…

— Ovozingni o‘chir! Nimaga har gapimga javob topib turaversan? Tiling chiqib qoldimi-a?

Mohinisa indamadi.

O‘zicha: — “Kayfi tarqalsa, insof kirib qolar.” — deb oyoq uchida yotoqqa kirib ketdi.
***
Oradan yarim soatcha vaqt o‘tdi. Shu muddat ichidagina Mohinisaning qulog‘i tinch bo‘ldi. U divanning bir chetida g‘ujanak bo‘lib yotar, ammo uxlamasdi. Eri baribir tinchlik bermasligini sezardi.

Shunday bo‘ldi ham. Murod shishani yarimlatguncha g‘o‘ldirab qoldi. Xona ichini aylanib o‘zicha nimalardir deb so‘kingan bo‘ldi. Ketidan kutilmaganda ashula boshlab qoldi.

— Xudo urdi meni! — bunday “tomosha”larni anchadan beri ko‘raverib yurak oldirib qo‘ygan Mohinisa dast o‘rnidan turdi. — Hozir kaltaklashni boshlaydi. Nima qilsam ekan? Uchinchi qavatdan o‘zimni otaymi? Mayib bo‘laman-ku! Unda shu zo‘ravonning tepkilariga chidaymi? Xudoyim, qanday kunlarga qolganman o‘zim? Dardimni birovga aytolmasam. Ota-onasi ham o‘zidan battar bo‘lsa. Aybni menga to‘nkashadi. Oyim sho‘rlikka hadeb gapiraverishim ham insofdan emas. Yuragi xuruj qilib qolsa hech kimga tatimaydi…

Kutilganidek Murod pishqirib yotoqqa kirib keldi va chiroqni yoqib yubordi.

— O‘, bu kishimni qaranglar! Xuddi malikalarday tutadi o‘zini. Erim bor, unga ovqat beray deyish yo‘q. Buyoqqa yur, iflos!..

U Mohinisaning tirsagidan mahkam tutib yo‘lak tomon sudradi.
***
— Qo‘yvoring, qo‘lim og‘riyapti, qo‘yvoring! — siltanib erining qo‘lidan chiqishga urinardi Mohinisa. — Qochib ketmayman-ku! Namuncha xo‘rlaysiz?

— Buyoqqa yur! — uni zalga sudrab kirdi Murod. — Qani, o‘tir bu yerga!

Mohinisa yig‘lamsirab eri ko‘rsatgan kursiga cho‘kdi va javdirab Murodga boqdi.

— Aroqdan quy! — do‘q aralash buyurdi Murod o‘zi qarshidagi yumshoq kursiga cho‘kib. — Nega alanglaysan? Quy dedim!

Mohinisa itoat bilan buyruqni ado etdi.

— Ikkinchisigayam!

— N-nega, Murod aka?.. Bu…

— Senga nima dedim? Quy ikkinchisigayam!

— Xo‘p, mana, quydim!..

Murod qadahlarning birini qo‘liga oldi-da, zarda bilan Mohinisaning oldiga qo‘ydi.

— Ich, it! — qo‘lini bigiz qildi Murod. — Qo‘lingga ol aroqni!

— Men ichmayman, bildingizmi? — Mohinisa sabr kosasi to‘lib o‘rnidan turib yotoq tomon yurmoqchi bo‘ldi. Biroq Murod uning bilagidan tutib qaytadan joyiga o‘tqazdi.

— Qayerga ketasan? Ichasan! Agar ichmasang, o‘ldiraman!

— Qaysi gunohim uchun xo‘rlayapsi-iz? — yig‘i aralash baqirdi Mohinisa. — Kim o‘z xotiniga aroq ichiradi? Kofir emasmiz-ku!

— Men ichiraman! Chunki, sen shunday xo‘rlikka loyiqsan.

— Undan ko‘ra o‘ldirib qo‘ya qoling! O‘ldiring, nega qarab turibsiz? Men siz o‘ylagan ayollardan emasman.

— Yo‘-o‘q, seni o‘ldirmayman. — Murod qo‘liga qadahni olib xotinining og‘ziga yaqin olib bordi. — Men bilan birga ichasan. Tug‘maydigan xotinlarning xoli shu. Qani, ich!

— Ichmayman! Ichmayman!

— Shunaqami? Unda og‘zingga quyaman, hi-hi-hi-hi!..

— Ustimdan kulmang!.. Qo‘yvoring!

— Ichmaguningcha qo‘yvorib bo‘pman! — Mohinisaning bilagini mahkamroq qisdi Murod. — Xo‘sh, ichasanmi-yo‘qmi?..

— Bo‘pti… Ichaman… Faqat qiynamang! Ichaman! —Mohinisa azbaroyi joni og‘riganidan Murodning qo‘lidagi qadahni oldi.

— Ich! — uni qo‘yib yuborib buyurdi Murod. — Oxirigacha ich!

Mohinisa shosha-pisha ko‘z yoshlarini yengiga artgan bo‘ldi-da, qaltiray-qaltiray qadahdagi aroqni ko‘zlarini yumgancha ichib yubordi.

— Nima?.. — Murod achchiq ichimlik ko‘nglini behuzur qilib polga engashgan ko‘yi bosh silkita boshlagan xotiniga tashlandi. — Ana endi bildim kimligingni!.. Hali ichadigan odating ham bormidi, iflos?..

— O‘zingiz majburladingiz-ku! — baqirdi Mohinisa. — Nega endi bunday deysiz?

— Sen ablah bekorga tug‘may yurmagan ekansan-da-a? O‘ynashlaringminan chekka-chekkada ulfatchilik qilib yurgansan-u, bu yerda o‘zingni oyday qilib ko‘rsatmoqchisan! Shuning uchun atayin tug‘may yurgansan.

— Meni haqorat qilmang! Bunday gaplarni sizdan eshitgandan ko‘ra o‘lganim yaxshi emasmi?

— Piyonista, buzuqi! — o‘shqirib xotinini tepdi Murod. — Atayin sinab ko‘rsam, ichib yubording-a?.. Voy itdan tarqaga-an!.. Mana senga! Ichishni ko‘rsatib qo‘yaman! Mana! Mana!..

Murod jazavaga tushib Mohinisaning duch kelgan yeriga tepa ketdi.

— O‘ldiraman sen piyonista xotinni, o‘ldiraman!..

— Voy-do-od! Voy joni-im! Jon Murod aka, urmang!.. Urmang meni, iltimos!..

Kayfi me’yordan oshib, telba holatiga tushib qolgan Murodning qulog‘iga bu yalinishlar kirmasdi. Bo‘ralab so‘kingancha Mohinisani tepkilardi. Oxiri Mohinisa hushdan ketib yiqildi. Shundan keyingina Murod birdan hushyor tortdi.

— Mohi, hoy Mohi! Senga nima bo‘ldi?.. Nima bo‘ldi deyapman? O‘lib qolmadingmi ishqilib?..

Shu orada tashqari eshik taqillab qo‘shnilarning baqir-chaqiri qulog‘iga chalingan Murod yo‘lakka chopdi. Yuqori qavatdagi er-xotin qo‘shnilar ekan. Ular ham ko‘zlari olayib ketgan Murodni ko‘rishgach, baravariga ichkariga kirishdi. Kimdir “Tez yordam”ga qo‘ng‘iroq qila boshladi.

Erkaklardan biri yugurib kelib bir chetda alanglab turgan Murodga-da e’tibor qilmay, Mohinisani ko‘tarib oldi.

— E, piyonista! — so‘kindi qo‘shni erkak. — Hayf sendaylarga xotin!.. Nima qilib qo‘yding-a? Bir begunohni o‘ldirib qo‘ysang nima bo‘lardi?..

Yo‘q, Mohinisa, harqalay, omon qoldi. Vrachlar tez kunda uni oyoqqa turg‘azishdi. Faqat miyasi chayqalgan ekan.

ESLATMA:
O‘sha kuni oradan bir soat ham o‘tmay qo‘shnilar chaqirgan militsiya xodimlari Murodni bo‘limga olib ketishdi.
U qilmishiga yarasha jazosini oldi.
Mohinisa tuzalib kasalxonadan chiqqach, o‘ylab o‘tirmay ajralish haqida sudga ariza berdi.

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Piyonistaning zavjasi... (Voqea real hatdan olingan)