21:43 / 05.03.2018
5 515

Kembrij universiteti eshiklari o‘zbekistonliklar uchun ochildi

Kembrij universiteti eshiklari o‘zbekistonliklar uchun ochildi
Mamlakatimizning bir guruh islomshunos, sharqshunos olimlari Buyuk Britaniyaga safari chog‘ida Kembrij universitetiga tashrif buyurib, ushbu nufuzli ta’lim dargohining professor va mutaxassislari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Kembrij universitetining Markaziy Osiyo forumi direktori professor Sidxart Saksena bilan yurtimizda yaqinda tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi hamda Toshkent islom universitetining Islomshunoslik ilmiy-tadqiqot markazi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Olimning ta’kidlashicha, Kembrij professor-o‘qituvchilari Toshkent islom universiteti, O‘zbekiston Islom akademiyasining talaba va tadqiqotchilari uchun maxsus ma’ruzalar o‘qiydi, mamlakatimizda o‘tkaziladigan xalqaro forumlarda ishtirok etadi. Jahon reytinglarida Oksford universitetidan keyin ikkinchi o‘rinni muntazam egallab kelayotgan Kembrijning nufuzli nashrlarida o‘zbekistonlik mutaxassislar ilmiy maqolalari chop etiladi. Ikki tomon olimlari qo‘shma ilmiy guruhi tashkil etiladi. Hamkorlikda dolzarb mavzularda tadqiqotlar amalga oshiriladi.

Tomonlar, shuningdek, Kembrij universitetida Xorazmiy va Ibn Sino stipendiyalarini ta’sis etish to‘g‘risida ham kelishib oldilar. O‘zbekiston delegatsiyasi 1209 yilda tashkil etilgan mazkur fan va ta’lim dargohi bilan talabalar, amaliyotchi tadqiqotchilar almashinuvi, o‘quv, ilmiy va oilaviy turizmni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

S.Saksena O‘zbekistonda buyuk allomalarimiz ilmiy merosini chuqur o‘rganish, ushbu sohada xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilayotgan e’tiborni yuqori baholadi.

“Britaniyadagi qadimiy binolar Oksford, Kembrij universiteti kollejlari Buxoro va Samarqand madrasalarining me’moriy uslubi asosida bunyod etilgan. Bu esa ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar tarixi uzoq o‘tmishga borib taqalishining yaqqol isbotidir. Biz O‘zbekiston bilan ilmiy hamkorlikni taraqqiy ettirishdan manfaatdormiz. Kembrij kutubxonasida saqlanayotgan turkiy, forsiy qo‘lyozmalarni tadqiq etib, kataloglar tayyorlaydigan o‘zbekistonlik mutaxassislarga ehtiyojmandmiz”, - dedi Markaziy Osiyo forumi direktori.

Mamnuniyat bilan qayd etish lozimki, joriy yilning 12 fevralidan e’tiboran Kembrij universitetida o‘zbek tili darslari tashkil etildi. Erishilgan kelishuvlarga muvofiq, yangi o‘quv yilidan boshlab O‘zbekistondan kelgan mutaxassislar ushbu kurslarda dars bera boshlaydilar.

Muzokaralar yakunida ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro ishonchga tayangan va do‘stona munosabatlar barcha sohalar qatori ilm-fan yo‘nalishida ham jadal rivojlanib borayotganidan mamnuniyat izhor etildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Kembrij universiteti eshiklari o‘zbekistonliklar uchun ochildi