07:30 / 10.03.2018
17 126

O‘zbek to‘ylari haqida ayrim mulohazalar

O‘zbek to‘ylari haqida ayrim mulohazalar
O‘zbekning to‘yi ajoyib..

Bir yil oldin vahimasi boshlanadi: “uylantirish kerak”, “uzatish kerak”, “bu yil yubileyim, nima qilaman”, “o‘g‘limizning xatnasi kechikib ketdi” degan tashvishlar butun oilaning oromini oladi.

Keyin yil davomida mablag‘ yig‘ishadi. O‘zini o‘tga, suvga urib pul topishadi. Yetmaganiga qarz olishadi. Bir balo qilib to‘y kunini belgilanadi.To‘y kuni belgilangan sanadan boshlab bu tashvishlarga qarindoshlarning oilalari qo‘shiladi: “tog‘amiz to‘y qilayotgan ekan, gilam olish kerak”, “ammamiz to‘y qilayotgan ekan, yaxshiroq sarpo va to‘yanaga pul topaylik”, “akam to‘y boshlabdi, sog‘umga qo‘y olishim kerak”, “opam to‘y boshlabdi, jiyanimga navvos olib bormasam qanday tog‘a bo‘laman?”. Ular ham o‘z kamu ko‘stini unutib qarindoshining to‘yi tashvishiga qo‘shilishadi.

To‘ydan oldingi haftada tashvishlar eng yuqori cho‘qqiga ko‘tarila boshlaydi: “xabar berdingmi?”, “olib keldingmi?”, “oldingmi?”, “berdingmi?”, “gaplashdingmi?”

To‘y uchun joy belgilanadi. Vaqti yetib to‘y ham boshlanadi. Karnay, surnay bilan to‘y boshlangani ma’lum qilinadi. Mehmonlar kela boshlaydi. Bir ishonchli odam eshik oldida o‘tirib olib to‘yanalarni daftarga qayd qilib boshlaydi. Birov xo‘kiz, birov qo‘y keltirsa, birov gilam ko‘tarib keladi. Ko‘pchilik to‘yana, deb pul beradi. E’tibor berib qarasang, hamma “predoplata” qilib restoranga kirganday xolat..

Uzoq kutilgan to‘y boshlanadi. Hamma tomoshatalab, hammaning nazari to‘y egalarida. Bir gapdon boshlovchi hammaga bosh bo‘lib to‘yni boshqaradi. Olgan pulini oqlash uchun to‘y egalarini maqtay boshlaydi. Yettinchi osmonga olib chiqib, gap bilan sal kam behishtning eshigiga yetkazadi.. So‘ng shirakayf mehmonlarga so‘z beriladi. Ular ham to‘y egasining ota-bobolari genofondini titkilab chiqishadi, farzandlarining odobi-yu axloqini soatlab maqtashadi. Aslida bu so‘zlarning hammasi hamma to‘ylarda aytilaverib, aytilaverib, aytilaverib siyqasi chiqib ketgan.. Gapdon boshlovchining maftunkor she’rlari-yu, dono iqtiboslari ham o‘zining “shpatlevka” qilingan yuziday bezbet bo‘lib ketgan.

To‘yning avji san’atkorlar bilan bo‘ladi. “Duppa-duppa” hammani o‘tirgan o‘rnidan davraga olib chiqadi. To‘ylar xalq raqqoslik san’atining noyob sahnasiga aylanadi. Hamma raqsga tusha boshlaydi. Birov kiyimini, birov bo‘yi yetgan qizini ko‘z-ko‘z qiladi. Uch kundan buyon uxlamagan to‘y egalari esa ichdan o‘tganini bildirmaslik uchun tinmay tirjayadi. Keyin ularni o‘rtaga chiqarib qistir-qistir boshlanadi. Yana birov it azobda topgan to‘yanasini topshirishdan oldin sahnaga olib chiqib rosa namoyish qiladi. (ahmoqmi ko‘rsatmay berib, videoga ham oldiradi)

To‘ydagi eng yomon odatlardan biri odam ajratish. Doimgiday rahbarlar va kibr ahli to‘yga sal kechroq keladi. Vajlari bor: “selektorda edik”, “boshqa to‘ylarga ham borishga to‘g‘ri keldi”, “ishimiz qaltis”..

Bu toifa odamlarga boshqacha iltifot boshlanadi. Oddiy odamlar ko‘z o‘ngida ularning dasturxoniga tansiq taomlar keltiriladi. Konyak, viskilar qalashib ketadi. Mezbonlar ham qo‘li ko‘ksida qirq martalab “xush kelibsiz” qiladi. Toifakash odamday paskash bo‘lmaydi o‘zi..

To‘yning oxiri Al-Kashsheyning ummatlari-alkashlarniki bo‘ladi. Hamma charchaydi, alkashlar charchamaydi. Hamma tinadi alkashlar tinmaydi. Hasmi, mahrami demay o‘pishishlar boshlanadi.

To‘y oxirlab san’atkorlar dumini qisgan tulkiday qochishga tushadi. Birov rozi, birov norozi bo‘lib, rasmiylar aralashuvi va g‘irt mast odamlar duosi bilan to‘y tugatiladi.

To‘y tugagan paytdan to‘y haqida g‘iybatlar boshlanadi. Norozilar ko‘chani to‘ldirib so‘kinib qaytadi: “qo‘lingdan kelsa to‘y qil, araq emas zahar olib kelgan ekan”, “salatlari rasvo ekan”, “dasturxonimga arzimagan pishiriq solibdi, pas..”..

Ertasiga “yettinchi osmon”dan tushgan to‘y egalarining uyidagi kayfiyatni ko‘ring. Endi yana xafagarchilik boshlanadi: “onasi falonchi to‘yda ko‘rinmadimi?”, “shu bizni ko‘rolmaydi, shuning uchun kelmagan”, “xali to‘y qilsin, ko‘ramiz, shu iflosnikiga-chi umuman qadam bosmayman." Bu g‘avg‘olarni hamma biladi.

Ammo eng qizig‘i “bosh og‘rig‘i marosimi”. To‘y egalari va yaqinlari birikib to‘yni yakun qilishadi. Bu marosimning dasturxoni ajoyib yarmi ichilgan aroqlar, bir tishlab qo‘yilgan nonlar, kechagi salatlar.. Yelkangda tog‘dek qarz, yana nima ham yeysan? Qarzdor odamga nima ham deysan?

Abdulla Avloniy bundan yuz yil oldin kuyunib “O‘zbek xalqini to‘y balosidan qutqaring!” degan ekan. Balki o‘shanda ham to‘ylar shunday bo‘lgandir. Bilmadim-u bugungi to‘ylardagi mantiqsizlikni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Bir xonadonda ko‘rdim. Boshqa birovning to‘yini deb, bu uyda janjal bo‘layotgan ekan. Sababini surishtirsam, bu odamning o‘g‘li kuyov bolaning do‘sti ekan. To‘yga “neksiya” zakaz qilishi, yangi kostyum shim olishi, yana yuz ming so‘m to‘yana qilishi kerak ekan. Otaning aytishicha, buncha pul yo‘q, ammo o‘g‘il topmasa ko‘nmayotgan ekan..

Ba’zan uyga kelsang birdaniga 4-5 joydan to‘yxat kelib turgan bo‘ladi. Har biriga to‘yana bersang ro‘zg‘orga zil yetadi. To‘yana bermasang “qurumsoq” bo‘lasan.. Qolaversa baribir hammasiga ulgurmaysan.

To‘yda prokatchilar ishtiroki ayanchli: ming kishi kiygan kelin ko‘ylak, mingta to‘y ko‘rgan gilam, to‘yma to‘y yuraverib to‘ydan to‘yib ketgan qo‘ylar, echkilar, yarmi darz ketgan to‘yxona idishlari, ming marta yuvilgan dasturxonlar, to‘yda aftini ko‘rsatib maza qiladigan taniqli artistlar, doim bir xil likillaydigan otarchilar.. Hammasi shaytonning izniga tushgan odamning riyo uchun intilishi oqibatida bir joyga jam bo‘lib kulgingni qistatadi.. To‘yxona chetdan kuzatgan odamga shaytonning uyidek ko‘rinadi.

Bunday to‘ylardan voz kechish davri keldi.. Voz kechaylik. To‘ylarimiz tartibli va mazmunli o‘tsin. Yaxshi niyatlar bilan tarbiya qilayotgan farzandlarimizning to‘ylarini shaytonning izniga qo‘ymaylik. Yaxshi niyat bilan boshlab, yaxshilik bilan o‘tkazaylik. Bu oddiy odamning mulohazasi.

Alloh o‘zi bizni isloh qilsin!
Anvar Bo‘ronov

Manba: Erk.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbek to‘ylari haqida ayrim mulohazalar