10:03 / 12.03.2018
5 103

Porani olgan ham, bergan ham jinoyatchi, biroq ular yaxshilab o‘ylab olishlari uchun bir oy muhlat berilgan

Porani olgan ham, bergan ham jinoyatchi, biroq ular yaxshilab o‘ylab olishlari uchun bir oy muhlat berilgan
O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, 2017 yilda mansabdor shaxslarga pora berish bilan bog‘liq 1,7 mingdan ortiq jinoyat ishi bo‘yicha sud hukmi o‘qilgan. Natijada 2,5 mingga yaqin shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Bir qarashda ushbu fakt kishini xursand qiladi, ammo men, siz, biz – hammamiz jamiyatimizdagi poraxo‘rliklardan oldin bexabarmidik? Avvallari duch kelmaganmidik yoki kurashmaganmidik? Albatta, barcha davrlarda ham tanish-bilishchilik, korrupsiya, adolatsizlik qattiq qoralangan va unga qarshi kurash olib borilgan. Biroq xalqimizni va davlatimizni ko‘p yillar davomida poraxo‘rlik, korrupsiya balosidan ximoya qiluvchi tuzilma rahbarlari shu kunlarda hibsga olinmoqda. Nega?

Bosh prokuratura tomonidan 24 fevral kuni O‘zbekistonning sobiq Bosh prokurori Rashidjon Qodirov Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasiga asosan ushlanganligi haqida xabar berildi. Qodirovga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-(«Tovlamachilik»), 205-(«Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish»), 210-(«Pora olish»)moddalari bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan. Shuningdek, ushbu jinoyat ishi bo‘yicha Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosarlari hamda Toshkent viloyatining sobiq prokurorlari Jamshid Fayziyev va Ulug‘bek Sunnatov ham hibsga olingan. Bu jarayonlar ayni kunlarda davom ettirilmoqda.

Qolaversa, yaqinda O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati raisi ishdan olindi. Uning sobiq o‘rinbosari, general-leytenant Shuhrat G‘ulomov o‘tgan yil yozida Surxondaryo viloyati boshqarmasi rahbarligidan olinib, keyinroq, 2017 yilning avgustida sud tomonidan davlatga milliardlab so‘mlik zarar yetkazish, qurol-yarog‘ kontrabandasi va pul yuvishda ayblanib, umrbod ozodlikdan mahrum etilgani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi. Ayni paytda ham MXXning turli darajadagi o‘nlab rahbarlari jinoiy javobgarlikka tortilib, so‘roq qilinayotgani haqida ma’lumotlar tarqatildi. Asosiysi, bu masalalarga Prezidentning shaxsan o‘zi bosh-qosh bo‘lmoqda. Yurtimizdagi korrupsiya va poraxo‘rlik bilan bog‘liq holatlarni Shavkat Mirziyoyev e’tirof etmoqda. Bu nimadan dalolat? Har qanday korrupsiyaning ertasi, kelajagi yo‘qligining isboti emasmi?

Shavkat Mirziyoyev prezident sifatida davlat tepasiga kelgach, kitobxonlikka, ma’naviyatga jiddiy e’tibor qaratishni boshladi. Buning isboti sifatida 2017 yil 12 yanvarda davlat rahbarining «Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida»gi farmoyishi, 2017 yil 13 sentyabrda «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Hatto kitob o‘qiganlarga avtomobil sovg‘a qilinmoqda. Hammasi xalqni kitobga qaytarish va ma’naviyatini o‘stirish uchun qilinayapti. Chunki har bir jinoyat, korrupsiyaning zamirida ma’naviyatsizlik yotadi.

Tan olib aytish kerakki, keyingi paytlarda ro‘y berayotgan turli darajadagi jarayonlar yurtimizda qonun barcha uchun barobar ekanligining amaliy isboti bo‘lmoqda. Tanish-bilishchilik, poraxo‘rlikka qarshi avvalgilaridan boshqacharoq kurash ketayapti, adolat qaror topayapti.

Otam mendan pulini «ayagan»

Men dastlabki yili oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirib, kirolmaganman. O‘shanda (hozir ham yo‘q emas) yaxshigina pul (pora) evaziga o‘qishga joylab qo‘yguvchilarning bozori juda chaqqon edi. Xalq orasida bilim evaziga o‘qishga kirib bo‘lmaydi degan tushuncha urchigan edi. O‘shanda pul berib meni o‘qishga joylab qo‘yishga otamning ham qurbi yetardi, lekin pulini mendan «qizg‘angandi». Hatto bundan ozroq xafa ham bo‘lgandim. Keyin bir yillik tinimsiz kitob o‘qishlardan so‘ng bazo‘r shartnoma asosida o‘qishga kirdim. Endi esa o‘shanda otam mendan nega pulini «ayagani»ni bilib, ko‘rib turibman.

Bankdan porasiz dollar

Kredit, valyuta, naqd pul, omonat, qo‘yingki, bank bilan bog‘liq barcha xizmatlar oddiy aholi uchun deyarli pora evaziga amalga oshirilar edi. Bir safar menga 1000 AQSh dollari miqdorida naqd pul kerak bo‘lib qoldi. Aslida har bir fuqaro har chorakda 2000 (o‘sha paytda) dollargacha bo‘lgan mablag‘ni Markaziy bank belgilagan qiymatda sotib olishi mumkin edi. Biroq ko‘chadan borgan har kimga ham bunday imkoniyat berilmas edi. O‘shanda bank eshigida ikki kun sarg‘ayganman. Chunki qora bozordan valyuta olish o‘sha paytda ham xavfli va anchagina qimmat edi.

Fuqarolik huquqimdan foydalanish uchun oylar va yillar kutishim kerak bo‘lardi. Keyin bank rahbari bilan yuzma-yuz gaplashdim, muammom hal bo‘lmadi. Biroq jurnalist ekanligimni bilgach, masalam Milliy xavfsizlik xizmatidagi bank kuratorining roziligi bilan hal bo‘lishini ochiqchasiga aytdi. Hafsalam pir bo‘lib, ortga qaytdim... Lekin bank rahbari ishimni bir hafta oralig‘ida hal etib bergan, albatta porasiz. Ming afsuski, bankdan kredit, naqd pul olish va hokozolar ham korrupsiyasiz hal bo‘lishi juda qiyin edi. Chunki biz pora berishga moyilmiz...

Ikki ming dollar yonga qolgan

Biz yillar davomida butun dunyoga maqtanib keldik. O‘zimizda zamonaviy avtomobillar ishlab chiqarilayotgani-yu o‘zbek avtomashinalari chet davlatlarga eksport qilinayotganidan g‘ururlandik. Biroq oddiy o‘zbek peshona teri evaziga orttirgan puliga avtosalonga borib yangi mashina ololmayotgani haqida lom-mim demadik. Yangi avtomobillar uchun shartnomalar xalqqa ochiqchasiga katta mablag‘lar evaziga pullandi. Pora olib o‘rgangan rahbarlar hech bir qiyinchiliksiz beraverishdi, oddiy xalq esa... jabrini tortdi.

...2012 yil o‘zimizda ishlab chiqarilgan «Spark»dan sotib olish niyatida «Avtotexxizmat» korxonasining eshigini qoqdim. Borishimdan oldim bir hamkasbim aytganidek, shartnoma yo‘q ekan. Qachon kelishi esa noma’lum. Achinarlisi, aylanma yo‘llar bilan men istagan mashina uchun shartnoma tarqatilmoqda. Faqat 2000 dollar pora evaziga. O‘shanda ham haqim uchun talashib, o‘zim istagan avtomashinaga porasiz shartnoma olganman.

Yuqorida bevosita o‘zim guvoh bo‘lgan, duch kelgan sohalardagi korrupsiya va poraxo‘rlikning ayrimlari haqida yozdim. Biroq hammamiz uchun oddiy holga aylangan, qonimizga singib ketayozgan illatdan bugun qutulmasak, yana qachon bunday imkoniyat bo‘ladi?

Eslatib o‘tish lozimki, pora berish jinoyat hisoblanib, bu qilmishni sodir etganlar Jinoyat kodeksiga muvofiq javobgarlikka tortiladi. Ya’ni, eng kam oylik ish haqining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Pora berish juda ko‘p miqdorda, uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa – o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Biroq shaxsga nisbatan pora so‘rab tovlamachilik qilingan bo‘lsa va ushbu shaxs jinoiy harakatlar sodir etilganidan keyin bu haqda o‘ttiz sutka mobaynida o‘z ixtiyori bilan arz qilsa, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, jinoyatni ochishda faol yordam bersa javobgarlikdan ozod etilishi belgilangan.

Tan olib aytsak, yillar davomida poraxo‘rlik bunchalik avj olishiga ko‘p hollarda o‘zimiz sababchi bo‘layapmiz. Atrofimizdagilarni pora olishga ko‘ndirayapmiz. Hatto «Pora olmaydigan odam yo‘q, berolmaydigan noshudlar bor» degan iborani to‘qidik va shunga amal qildik. Asl haqiqat shuki, pora berish ham, olish ham jinoyat, biroq 30 sutka o‘ylash uchun yetarli muddat. Vaqt ketdi...
Sarvar Ochilov

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Porani olgan ham, bergan ham jinoyatchi, biroq ular yaxshilab o‘ylab olishlari uchun bir oy muhlat berilgan