23:34 / 15.03.2018
4 609

"Ipak yo‘li" viza rejimi yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda

"Ипак йўли" виза режими йўлга қўйилиши кутилмоқда
Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida to‘siqlarsiz "Ipak yo‘li" tizimini joriy qilish rejalashtirilmoqda. Zero sayyohlarning qadimiy Ipak yo‘liga bo‘lgan qiziqishi juda katta, O‘zbekistonda esa turizmni rivojlantirish borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda. KUN.UZ Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi A.A.Abduhakimovning bu borada bergan izohlariga asoslanib, shu haqida xabar berdi.

"G‘oya shundan iboratki, qo‘shni mamlakatlarga - Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va ehtimol Ozarboyjon bilan multiturlarni tashkil qilish. Ayni damda gap faqat O‘zbekiston va Qozog‘iston haqida borayotgan ekan, bu mamlakatlardan biriga, masalan Qozog‘istonga viza bilan yoki vizasiz tashrif buyurgan sayyoh O‘zbekistonning Samarqand, Buxoro, Xiva yoki Toshkent shaharlarini ham ziyorat qilish imkoniga ega bo‘ladi. Bularning bari juda jiddiy ishlarning amalga oshirilishini, birinchi navbatda, qo‘shma ma’lumotlar bazasini tuzish, ma’lumotlar almashinuvini talab qiladi", - deydi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi.

Umuman olganda, bu O‘zbekiston Prezidentining 3 fevral kungi "O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida "Kirish turizmini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qaroriga muvofiq keladi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston 1 maydan e’tiboran xorijlik fuqarolarga 72 soat muddat davomida amalda bo‘ladigan qisqa muddatli kirish vizalarini taqdim etadi.

"Bugunga kelib, Qozog‘istonda ham 72 soatlik turistik rejim yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, unga ko‘ra, Ostonaga kelgan xitoylik Qozog‘istonni aylanib, keyin O‘zbekistonga parvoz qilishi, 3 kunni shu yerda o‘tkazib, Xitoyga qaytishi mumkin bo‘ladi.

Qozog‘iston bilan yangi joriy qilinayotgan rejimga ko‘ra esa, bu muddat 3 kun emas, 5 kungacha bo‘lishi mumkin. Qozog‘iston chegara xizmati bilan ishonchli aloqalar o‘rnatilishi asosiy g‘oyalardan biri, ya’ni ular tekshirgan sayyohlarga biz ham ishonishimiz mumkin. Buning uchun shubhasiz ikki tomon qator ishlarni amalga oshiradi. To‘siqlarsiz "Ipak yo‘li" tizimini joriy qilish bunda bosh maqsadlardan biridir. Zero sayyohlarning qadimiy Ipak yo‘liga bo‘lgan qiziqishi juda katta. Buni "Ipak yo‘li" viza rejimi desa ham bo‘ladi", - qo‘shimcha qiladi Aziz Abduhakimov.

Shu o‘rinda "Shengen kelishuvi" yodga tushadi, unda ham dastlab besh davlat o‘zaro to‘siqlarni olib tashlab, keyin sekin-asta o‘z doirasini kengaytirib borgan.

Ma’lumot uchun: Shengen kelishuvi — Yevropa Ittifoqining qator davlatlari chegaralarida pasport-viza nazoratining soddalashtirilishiga doir kelishuv. U 1985 yilning 14 iyunida imzolangan bo‘lib, dastlab besh mamlakatni o‘z ichiga qamrab olgan - Belgiya, Niderlandiya, Lyuksemburg, Fransiya va Germaniya.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » "Ipak yo‘li" viza rejimi yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda