20:01 / 20.03.2018
6 049

Xayrulla Hamidov va Nodir Jonuzoq Kattaqo‘rg‘on fojiasiga munosabat bildirishdi

Xayrulla Hamidov va Nodir Jonuzoq Kattaqo‘rg‘on fojiasiga munosabat bildirishdi
Foto: «Xabar.uz»
14 mart kuni Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida 23 yoshli Diana Yenekeyevani katta yo‘ldagi to‘siqlarni oqlash chog‘ida yuk mashinasi urib ketgani, o‘qituvchini zudlik bilan shifoxonaga olib borishlariga qaramay joni uzilgani haqida xabar bergan edik. «Xabar.uz» mazkur hodisani o‘rgandi va surishtiruv natijalarini e’lon qilgan edi.

Mazkur voqea jamoatchilikni larzaga keltirdi, minglab yurtdoshlarimizni chuqur qayg‘uga soldi. Ijtimoiy tarmoqlar mavzuga doir postlar va izohlar bilan to‘lib-toshdi. Fojiaga Prezident matbuot kotibi Komil Allamjonov, Xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari Alisher Sa’dullayev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va keng jamoatchilik vakillari befarq qarab turisholmadi, ijtimoiy tarmoqlar va OAV orqali o‘z munosabatlarini bildirishdi.

Millat ertasi, yurt taqdiriga daxldor ushbu masala ijod ahlini ham ta’sirlantirdi. «Yoshlik» jurnali bosh muharriri Nodir Jonuzoq hamda «Madaniyat va ma’rifat» telekanali muharriri Xayrulla Hamidov o‘zbekistonlik shoirlar orasida birinchilardan bo‘lib mazkur mavzuda yuraklarga og‘riq soluvchi satrlarni qoralashdi.

Millat yuzi
Dilimda nashtarday bir savolim bor
(Beziyon savollar qatma-qat, lim-lim):
Millatning yuzini bosmasmi g‘ubor,
Ko‘cha supurishga chiqsa muallim?

Ne hol bu, maktabda yo‘qmi yo ishi?
Yo qora mehnatga tushganmi ishqi?
Nahotki qaytara olmas hech kishi,
Ko‘cha supurishga chiqsa muallim.

Jovdirab termilar ziyoli ko‘zi,
Dovdirab o‘rda ham, qirda ham o‘zi,
Hatto jujuqlarga o‘tmaydi so‘zi,
Ko‘cha supurishga chiqsa muallim.

“Yurtga nafi tegsa nima qipti, xo‘sh?!
Omborlar to‘ladi - sen ham ulush qo‘sh…”
Faqat, bolalarning miyasi bo‘m-bo‘sh,
Ko‘cha supurishga chiqsa muallim.

Ko‘zlari to‘rt bo‘lib kutgay bo‘sh sinf,
Umidi bo‘rday mo‘rt - to‘kilar sinib.
Darsini xayolda o‘tar xo‘rsinib,
Ko‘cha supurishga chiqsa muallim.

Holbuki, alqaydi zangor qutilar,
Yaltiroq so‘zlarga zeb berib qutlar...
Oh, nahot bir kuni o‘lib qutular,
Ko‘cha supurishga chiqsa muallim?!

Ming uzr, so‘zlarim tuyilsa achchiq,
Ne qilay, ko‘ksimda zaharli sanchiq,
Jonimni “Kamaz”lar ezg‘ilar yanchib,
Ko‘cha supurishga chiqsa muallim.

Siz-ku bir chetdasiz… Yaqinroq keling,
Shogirdsiz - zahmatin teppa-teng bo‘ling.
Qo‘lida supurgi, xokandoz bo‘ling,
Ko‘cha supurishga chiqsa muallim!
Nodir Jonuzoq


Javob
...Esimdan chiqqandi ul og‘ir holat,
Ketib ham qolgandim g‘amga suyana.
Tushuntirib berdi menga sababin
Ko‘chada farroshlik qilgan Diana:

«Yurak eziladi sukut dastidan —
Jimlik haqindagi ko‘hna o‘gitlar...
Ustozlari o‘lsa Kamaz ostida,
Avtobus ichida yongay shogirdlar!»
Xayrulla Hamidov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Xayrulla Hamidov va Nodir Jonuzoq Kattaqo‘rg‘on fojiasiga munosabat bildirishdi