22:08 / 03.04.2018
6 585

Rossiya kompaniyasida ishlayotgan surxondaryolik diplomsiz dasturchi (audio)

Rossiya kompaniyasida ishlayotgan surxondaryolik diplomsiz dasturchi (audio)
Aqto‘be fojiasidan “Daryo” internet-nashri “Muhojirlar hayoti” loyihasi doirasida xorijda mehnat qilayotgan bir guruh o‘zbekistonlik vatandoshlarning fikrlarini e’lon qilgan edi. “Muhojirlar hayoti” loyihasi doirasidagi navbatdagi audiohikoya — Moskvadagi yirik kompaniyada ishlab kelayotgan o‘zbekistonlik dasturchi Akmal Kadirovdan.

Uning fikrlarini “Daryo” muharriri Dilshod Sharipov yozib oldi, audio uchun Muhrim A’zamxo‘jayev o‘qidi.

Ismim — Akmal Kadirov. Yoshim 30 da. Surxondaryoning Termiz shahrida tug‘ilganman. Ma’lumotim o‘rta — 2005 yil 11-sinfni bitirganman.

Maktabni bitirgach, har xil ishlar bilan shug‘ullanganman: savdo-sotiqdan tortib, viloyat hokimligi-yu televedeniyasida ham ishlaganman. Maktab davridan dasturchilikka qiziqardim. O‘quvchilik vaqtim maktab kompyuteridan foydalanardim. Maktabdan so‘ng, shaxsiy kompyuterim yo‘qligi sabab, kompyuterli joylarga ishga kirganman.

Bu joylarda deyarli tekinga ishlaganman, chunki men uchun asosiy maqsad — kompyuter va internetdan foydalanib, bilimimni oshirish edi. Bilimga investitsiya qilish kelajakda yaxshi natija berishiga ishonganman. Xobbi sifatida saytlar va har xil dasturlar yaratardim.

Dasturlashni o‘rganishimga bir yilcha vaqtim ketgan, chunki ustozim bo‘lmagan — boshida qaysi dasturlash tilini o‘rganish kerakligini ham bilmaganman. Barcha dasturlash tillari bir-biriga o‘xshaydi — birini o‘rganib, ikkinchisiga o‘tish qiyin emas. Shu sababli ham dasturchilar birdaniga ko‘plab dasturlash tillarini biladi. Shunga qaramay, baribir ishlatadigan asosiy dasturlash tilingiz bo‘ladi. Men uchun bu — C, PHP va Java.

Dasturlash sohasiga viloyatlarda talab kuchli bo‘lmagani bois, 2010 yili Toshkentga ketishga qaror qildim. O‘sha paytlar vakansiyalar joylashtiradigan bir sayt bo‘lardi. Shu saytning nuqsonini topib, o‘z vakansiyamni birinchi o‘ringa ko‘targanman. Shuning ortidan darrov bir necha kompaniya ishga taklif qilgan. Sayt administratorlari ham, registratsiyadan o‘tganimga ikki kun bo‘lmay saytda reytingim ko‘tarilib ketganidan shubhalanib, men bilan bog‘langan. Akkauntimni yaqin ikki hafta blok qilmasliklari sharti bilan ularga saytdagi nuqsonni qanday sozlash kerakligini tushuntirganman. Shunday qilib, menga tushgan takliflardan birini tanlab, ishlagani Toshkentga ketdim.

Asosiy ishimdan tashqari dasturlash bo‘yicha darslar o‘tardim. Darslarga asosan TATU talabalari qatnardi. TATUning juda ko‘p talabalariga dars o‘tganman. Yiliga 50 dan ortiq, desam yolg‘on bo‘lmas. Afsuski, noto‘g‘ri ta’lim olgan dasturchiga qaytadan o‘rgatish qiyinroq. Keyinchalik bir do‘stim bilan firma ochdim, ushbu firma ham dasturlash bilan shug‘ullanardi. Ishga olish vaqtidagi suhbatlarda bir narsa yaqqol sezilardi — hech qayerda o‘qimagan, dasturlashni o‘zi, mustaqil o‘rgangan odamlarning saviyasi TATUni bitirib chiqqanlarnikidan ko‘pincha yuqori bo‘lardi. Qiziq tomoni, Rossiyada ham deyarli shu ahvol: hozirgi hamkasblarimdan faqat bittasigina universitet ko‘rgan, u ham ikkinchi kursdan o‘qishni “tashlagan”.

Moskvaga 2014 yil aprelida kelganman. Kelishim bilan faqat bir kompaniyaga intervyuga bordim. Birdan ishga olishdi. Diplom so‘rashgani yo‘q. O‘zingiz ham kuzatayotgandirsiz — hozir odamlar qizil diplomini kabob pishirayotganda yelpig‘ich qilib ishlatayapti. Rossiya ham bu borada istisno emas.

Men ishlayotgan kompaniya filiallari MDHning barcha mamlakatlarida, jumladan, O‘zbekistonda ham bor. Birinchi ishga kirgan vaqtim oddiy dasturchi bo‘lib ishlagan bo‘lsam, hozir bo‘lim boshlig‘iman. Qo‘l ostimda 10 dan ortiq dasturchi bor. Dushanbadan jumagacha, soat 10:00 dan 18:00 gacha ishlayman. Mehnat sharoitlari yaxshi. Kuchli kompyuter, bepul kofe va shirinliklar... Ipoteka bo‘yicha kvartira sotib oldim. Rafiqam va o‘g‘lim bilan birga yashayman. Uydagilarni ko‘rishga qisqa muddatga O‘zbekistonga borib turaman.

Xorijda ishlash jarayonida O‘zbekiston davlat idoralari, masalan, elchixona va konsulliklarining yordamini, ko‘magini sezmayman. Bu yerdagi deyarli barcha hamyurtlarimiz o‘zini xuddi qarovsizdek his qiladi. Misol uchun, yaqin tanishim Rossiyada pasportini yo‘qotib qo‘ygach, bu yerdagi O‘zbekiston vakolatxonalariga ikki oy qatnadi. “Pasportimni yo‘qotganligim haqida ma’lumotnoma bering, uyga uchib keta olmayapman, otamning ahvoli og‘ir, hayotining so‘nggi kunlari yonida bo‘lay”, deb. Lekin hech qanday natijaga erisha olmadi. Hatto, otasi vafot etgach ham bechora qiz ko‘zida yosh bilan yana navbatda turdi. Shunda ham vakolatxona xodimlari unga ishonmay, otasi o‘lgani haqida hujjat talab qildi. O‘zbekistondan hujjat kelganidan keyingina qizga kerakli ma’lumotnoma taqdim etildi.

Bu 2015 yili bo‘lgan voqea. Hozir O‘zbekistonda ko‘p o‘zgarishlar yuz beryapti, bu sohada ham ijobiy ishlar bo‘lyapti, deb umid qilaman. Rossiyada O‘zbekistonning davlat idoralaridan ko‘ra o‘zbek diasporasining ko‘magi, daldasini his qilish osonroq. Masalan, yaqinda bir vatandoshimiz yonib ketibdi. Shunga “Vatandosh” diasporasi hisobraqam ochib, pul yig‘ib, yordam ko‘rsatishga urinyapti.

O‘zbekistonlik dasturchilar haqida gapiradigan bo‘lsam, bir do‘stim Google’da, bir necha sobiq hamkasblarim Estoniya, Latviya, Polshada ishlayapti. Bu faqat men yaxshi taniganlarim. Aslida juda ko‘p zukko dasturchilarimiz chet ellarda yuribdi. Bu juda achinarli holat. Axborot-texnologiyalari asrida sohaning zo‘r mutaxassislarini yo‘qotyapmiz. Boz ustiga, yangi, munosib mutaxassislarni yetishtirib bera olmayapmiz.

Ta’lim sohasida chuqur islohotlar o‘tkazilishi kerak. Hozir dasturchi bo‘lish niyatidagi odam faqat internet orqali sifatli bilim olishi mumkin. Lekin O‘zbekistonda internetning ahvoliga ham havas qilib bo‘lmaydi. Bilimli yoshlarimizni yo‘qotmaslik uchun O‘zbekistonning o‘zida ularga imkoniyat, sharoitlar yaratib berish kerak. Dasturchilar har doim kerak, kelajakda esa bu soha vakillariga bo‘lgan talab faqat oshadi.

O‘zbekistonda ko‘p islohotlar o‘tkazilishi, yangilanishlar amalga oshirilishi kerak. Masalan, fuqarolarning umumiy elektron bazasi (ombori)ni tashkil etish kerak. Har bir fuqaroga o‘z uyidan turib, navbatsiz turli davlat xizmatlaridan foydalana olish imkoni yaratilishi kerak. Shunda davlat xizmatchilari fuqarolardan u yoki bu “spravka”larni yig‘ib kelishni talab qilavermaydi, chunki hamma zarur ma’lumotlar “umumiy ombor”da bo‘ladi. Xalqning fikri, xohish-istaklarini ham shu elektron vosita orqali oson o‘rganish mumkin.

Bu korrupsiyani yo‘qotishning ham asosiy sharti deb hisoblayman — barcha davlat xizmatlari boshidan oxirigacha, hatto ularning to‘lovli qismi ham onlayn bo‘lishi kerak. Bu — axborot texnologiyalari sohasidan chiqadigan foydaning bittasi, xolos. Aslida esa bu sohani rivojlantirib, xalq uchun yanada ko‘plab qulayliklar yaratsa bo‘ladi.

So‘zim yakunida sochim haqida bir-ikki og‘iz izoh bermasam bo‘lmas, har holda ko‘pchilikda savol tug‘ilishi mumkin. Ko‘pchilik: “Akmal sochini Rossiyaga borganidan keyin o‘stirib yubordi”, deb o‘ylaydi. Aslida yoshligimdan sochimni shunday o‘stirib yurardim. Uzun sochlar o‘quvchilik yillarimda ham ko‘p muammo bo‘lgan. Rossiyaga ketishimdan avval pasportim almashtirish uchun pasport stoliga borganimda: “Sochingni oldirmasang, pasport bermaymiz”, deyishgan. Shu gapdan keyin Rossiyaga eski pasport bilan ketdim. 2016 yili pasport olish uchun O‘zbekistonga qaytganimda, muammo bo‘lmasin deb sochimni qariyb kal qilib oldirdim. Lekin meni bir savol qiynaydi: sochim bilan kimning, ayniqsa, pasport stolidagilarning nima ishi bor? Ular xohlasa o‘zining sochini kal qilib oldirsin, istasa mayda qilib o‘rib olsin. Hech tushunmayman.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Rossiya kompaniyasida ishlayotgan surxondaryolik diplomsiz dasturchi (audio)