18:38 / 09.04.2018
7 391

Dang‘aradagi eshak go‘shti mojarosi Qo‘qonda vahimaga sabab bo‘ldi (video)

Dang‘aradagi eshak go‘shti mojarosi Qo‘qonda vahimaga sabab bo‘ldi (video)
Kuni kecha Farg‘ona vodiysida efirga chiquvchi «Muloqot TV» telekanali Farg‘ona viloyatining Dang‘ara tumanidagi qassoblardan biri mol go‘shti orasiga eshak go‘shti qo‘shib sotgani haqida xabar bergan edi.

Telekanal tomonidan tayyorlangan videolavhada Qo‘qon shahar veterinariya bo‘limi mutaxassisi Akramjon Matkarimov eshak go‘shti insonga kasalliklar yuqtirishi haqida, Qo‘qon shahar bosh imom-xatibi Abdumajid hoji Isoqov esa eshak go‘shti harom ekani, uni aldab sotgan kishi bilmay shu go‘shtdan yeganlarning gunohini ham olishi haqida fikr bildirgan.

Aftidan, mazkur holat qo‘qonliklar orasida «Qo‘qon shahrida ham eshak go‘shti sotilyapti» qabilida mish-mishlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan. «Muloqot TV» telekanali mish-mishlarga raddiya o‘laroq yangi videolavha tayyorlagan. Unda Akramjon Matkarimov Qo‘qon shahri bozorlariga chiqariladigan go‘sht mahsulotlari qat’iy tekshiruvdan o‘tishi, eshak go‘shti sotilishiga yo‘l qo‘yilmasligi haqida fikr bildirgan.

«Eshak go‘shti sotish holati Qo‘qonda emas, Dang‘ara tumanida yuz bergan. Bizda eshak go‘shti sotilmaydi. Hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q», — deya yana bir bor aniqlik kiritdi Akramjon Matkarimov.

So‘nggi ikki yil davomida O‘zbekistonda eshaklar va ularning go‘shti bilan bog‘liq bir necha yirik mojaro yuz berdi. Jumladan, 2016 yil dekabrida Samarqand shahri Xishrav qo‘rg‘oni hududidan eshaklar qabristoni topildi. Shundan so‘ng shahar oshxonalarida eshak go‘shti qo‘shilgan taomlar sotilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarlar paydo bo‘lgan edi.

2017 yilning noyabr oyida Toshkentdagi «Sharshara» brendi ostida kolbasa mahsulotlari ishlab chiqaruvchi sexdan 69,6 kilogramm eshak go‘shti topildi. Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, bu go‘sht sexga Xorazm viloyatidan yetkazib berilgan. 2018 yilning mart oyida esa Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumanidagi bir guruh qassoblar viloyatdagi oshxonalarga eshak go‘shti tarqatish bilan shug‘ullangani fosh etildi.

Bundan tashqari, 2017 yil dekabrida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 10 yil davomida Qashqadaryo viloyatidan Toshkent shahridagi bozorlar, oshxonalar, somsaxonalarga sifatsiz (harom o‘lgan mol) go‘shtni tarqatish bilan shug‘ullangan guruh faoliyatiga chek qo‘ygani xabar qilingan edi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Dang‘aradagi eshak go‘shti mojarosi Qo‘qonda vahimaga sabab bo‘ldi (video)