23:23 / 28.04.2018
5 638

Ustozidan o‘tib ketgan shogird!

Ustozidan o‘tib ketgan shogird!
Xalqimizda: “Ustozidan o‘tgan shogird”, degan ibora bor. Shogird ustozidan o‘tishi kerak. Haqiqiy shogird ustozidan o‘tib ketgan bo‘ladi. Imomi A’zam Abu Hanifa rohimahullohning ustozlarini bir eslang. U zotning 4000 nafar ustozi bo‘lgan, deyiladi. Imom Buxoriyning ustozlarini bir eslang. Uning ustozlarining ro‘yxatining o‘zi bir kitob bo‘lgan. Qaffoli Shoshiy Hazrati Imomni hamma taniydi. Burhoniddin Marg‘inoniy hazratlari o‘z ustozlarining tarixini bir kitob qilib yozganlar. Bular o‘z ustozlaridan o‘tib ketgan buyuklardir.

Davrimizda ham o‘z ustozlaridan o‘tib ketgan, ustozlarini rozi qilgan, ustozlarining faxri-iftixori bo‘lgan qahramonlar atrofimizda mavjud, ular juda ko‘p. Ana shunday shogirdlardan biri Yo‘ldoshbek qori Ibrohim eshon o‘g‘li Nuriddinov bo‘ldi. Yo‘ldoshbek qorining ustozi Ne’matulloh qori eshon bundan o‘n yillar avval respublika miqyosida o‘tkazilgan qorilar musobaqasida uchinchi o‘rinni egallagan edi. Shundan bir necha yil o‘tib, shogirdi Yo‘ldosh qori respublika miqyosida o‘tkazilgan qorilar musobaqasida ikkinchi o‘rinni egalladi.

Yo‘ldoshbek qori o‘sha yili Kuvaytda o‘tkazilgan butun dunyo qorilar musobaqasida qatnashib, faxrli o‘rinni egallab ham qaytgandi. U paytlar qorilar musobaqalari juda tor doirada o‘tkazilardi. Bularni birov bildi, ko‘pchilik esa bilmay qoldi. Bugun esa davlat siyosati darajasida, Prezidentimizning shaxsan tashabbuslari ostida, ommaviy axborot va matbuotning nazari ostida, butun xalq va millatning ko‘zi oldida butun respublikadagilarni qamrab olgan tarzda Qur’on musobaqasi shukuhli va tantanali, shaffof va insofli tarzda o‘tkazildi. Unda ustoz Ne’matulloh qori eshonning o‘zi ham, shogirdi Yo‘ldoshbek qori ham qatnashdi. O‘z ustozidan o‘tgan shogird bugun faxrimiz-iftixorimiz bo‘ldi! Shogird mana shunday bo‘lmog‘i kerak! U hammaning oldida Prezident sovg‘asi avtomashinani o‘z ustoziga taqdim qilib, hammani yig‘latdi. Shogird ana shunday bo‘lmog‘i lozim! Buyuk shogird bo‘lgan ajdod bobokalonlarimiz yurtida bugun ham buyuklikka intilgan ana shunday shogirdlar yetishmoqda!

Qoraqalpog‘iston Respublikasining eng chekka qishloqlarining biridan kelgan “jaydari” qori eng oliy mukofotni oladi, deb kim ham o‘ylabdi, deysiz?! Qorilar yurti Andijon qorilari oldida birov g‘olib bo‘la olarmidi?! Namangan qorilariga birov bas kela olarmidi?! Farg‘ona qorilari oldida birov o‘tkazib qiroat qila olarmidi?! Yo‘q, aslo! Qoraqalpog‘istonlik qorining yutib ketishi faqat va faqat Alloh taoloning fazli-marhamatidir! Zotan, bundan boshqasini aql hazm qila olmaydi. Qoraqalpog‘istonda hozir ham, bor bo‘lsa, uch-to‘rt qori bor, xolos. Unda nima bo‘ldi?! Allohning fazli bo‘ldi! Allohning marhamati bo‘ldi! Allohning xohish-istagi amalga oshdi! Alhamdulillahi ’ala kulli haal!

Bu dunyoda ham, oxiratda xam Allohga suyanganlar yutadi, xolos. Xolis ixlos qilganlarni Alloh taolo qo‘llab-quvvatlaydi. Bu dunyoning mukofotlari muhim emas, oxiratda mukofot olish muhimdir. Oxiratdagi mukofot esa faqat va faqat dillarning pokligi bilan o‘lchanadi, xolislik bilan o‘lchanadi, “Faqat Alloh uchun!” degan g‘oya bilan o‘lchanadi. Ne’matulloh qori eshon: “Agar musobaqada yutsam, mukofot tarzida berilgan mashinani andijonlik ustozim Ahmadjon qori domla hafizahullohga olib borib beraman!”, degan edi. Uning bu niyatini bir-ikki odam bilardi, xolos. “Niyat ul-mu’min xoyrun min amalihi!” (“Mo‘minning niyati amalidan yaxshiroqdir!”), degan hikmatga muvofiq niyati qabul bo‘libdi, shekilli, shu niyatiga bu dunyoning o‘zidayoq mukofot olib qo‘ya qoldi. Musobaqada umuman o‘rin ololmagan bo‘lsada, o‘z shogirdi unga mashina kalitini tutqazdi. Naqadar hayajonli va ibratli holat!

Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘tkazilgan bu shukuhli Qur’on musobaqasi bizga juda ko‘p ibratli va o‘rnak olarli voqealarni taqdim qildi. O‘z o‘rnini do‘stiga bo‘shatib bergan ixlosli qorilarni ko‘rdik biz. O‘zining peshqadamligini, aniq yutishini bila turib, boshqa yoshlarga o‘rin berayin, deb turib, musobaqada qatnashishdan voz kechib qo‘ya qolgan qorilarni ko‘rdik biz. O‘zi olgan mukofotlarni ustozlariga olib borib, yashirin duo olgan qorilarni ko‘rdik biz. O‘z ustozlaridan utib ketgan qorilarni ko‘rdik biz... Yo‘ldoshbek qori qatorida barcha qorilarimizni ming bora, million bora tabriklab qolamiz!

Barcha qorilarimizga baxt-iqbol hamisha yor bo‘lsin! Alloh taolo faxr-iftixoriga sabab bo‘lgan Yo‘ldoshbek qorini ikki dunyoda ham sarbaland aylasin! Yo‘ldoshboy qoriga Parvardigori olam ilmi ladun ato qilsin, ilmini ziyoda qilsin! Ustozlari, ustozlarining ustozlari, ota-onalari sog‘-salomat bo‘lishib, uzoq yillar uning duogo‘yi bo‘lib yurishaversin. Yurtimizda bu xildagi qori-qurrolar ko‘payaversin! Yurtimiz nurga, barakaga hamisha cho‘maversin! Alhamdulilloh! Allohumma solli va sallim ’ala sayyidina Muhammad va ’ala alihi va as’hobihi ajma’iyn.
Hamidulloh BЕRUNIY

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ustozidan o‘tib ketgan shogird!