20:20 / 10.05.2018
4 325

Ekspert fikri: O‘zbekiston Prezidenti nima uchun AQShga boradi?

Ekspert fikri: O‘zbekiston Prezidenti nima uchun AQShga boradi?
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan 2018 yil 15-17 may kunlari ilk rasmiy tashrif bilan AQShda bo‘ladi.

Toshkentdagi “Ma’no” tadqiqotchilik tashabbuslari markazi direktori Baxtiyor Ergashevning fikricha, O‘zbekiston Prezidenti investitsiyalar, Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlikni ta’minlash masalalarini hal etish va mamlakatlar o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishish uchun AQShga bormoqda.

Mazkur rasmiy tashrif chog‘ida Oq uy ma’muriyati bilan keng ko‘lamdagi masalalar muhokama qilinadi.

“AQSh – bu investitsiyalar, mintaqaviy muammolarni yechishda hamkorlikdir. Binobarin, mintaqaviy xavfsizlik, mintaqadagi mamlakatlar taraqqiyoti, o‘sish va iqtisodiy rivojlanish imkoniyatlarini ta’minlash masalalariga yechim topishni xohlayotgan O‘zbekiston uchun AQSh bilan sheriklik juda muhimdir. Prezident AQShga mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha javoblar olish va kelishish uchun ketmoqda”.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugun O‘zbekistonning tashqi siyosati, ayniqsa, mintaqaviy kesimda, juda dolzarb va yanada mantiqan davom ettirilishi lozim.

“Toshkentda Afg‘oniston bo‘yicha juda jiddiy konferensiya tashkil etildi va uning o‘tkazilishida AQSh asosiy hamkorlardan biri bo‘ldi. Lekin endi keyingi pog‘onaga o‘tish, so‘ngra masalalarni hal etish kerak. Siyosiy xarakterga ega ushbu maqsadlar va xavfsizlik, iqtisodiyot va investitsiya masalalarining barchasi muhokama qilinadi. O‘ylashimcha, u yerda juda yaxshi ijobiy natijalarga erishiladi. Tomonlar bunga tayyor”, — deydi ekspert.

Ikki davlat rahbari ilk bor 2017 yil may oyida Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tgan arab-musulmon mamlakatlari va AQSh sammiti hamda shu yilning sentyabr oyida Nyu-York shahrida ko‘rishishgan edi. Mazkur uchrashuvlar siyosat va xavfsizlik, savdo, sarmoya, moliya, texnologiya va madaniy-gumanitar sohalardagi o‘zaro aloqalarni sezilarli faollashtirishga xizmat qildi.

Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yil aprel oyi boshida O‘zbekistonning asosiy xorijiy hamkorlari bilan tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha o‘rta muddatga belgilangan ustuvor yo‘nalishlari tasdiqlandi.

Mazkur hujjatga muvofiq, O‘zbekiston tomoni AQSh bilan harbiy-texnika sohasida hamkorlikni rivojlantirish, fan-texnika, shuningdek, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish masalalari yo‘nalishidagi muloqotni faollashtirishni maqsad qilgan. Xususan, o‘zaro investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash va muhofaza qilish hamda ikki tomonlama soliq solishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha o‘zaro bitimni tuzish yo‘lidagi ishlar davom ettiriladi.

Manba: “Xalq so‘zi”

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ekspert fikri: O‘zbekiston Prezidenti nima uchun AQShga boradi?