22:43 / 10.05.2018
34 610

Ikkinchi jahon urushi va SSSR tarixiga oid xalq orasida tarqalgan yolg‘onlar

Ikkinchi jahon urushi va SSSR tarixiga oid xalq orasida tarqalgan yolg‘onlar
Tarixchi Anvar Nazir Ikkinchi jahon urushi, G‘alaba kuni va SSSR tarixiga oid xalq orasida tarqalgan yolg‘onlarni sanab o‘tdi, deb yozmoqda Kun.uz nashri.

1. Ikkinchi jahon urushi 1941 yili boshlangan va uni Germaniya boshlaganmi?


Aslida Ikkinchi jahon urushining boshlanishida SSSRning ham ishtiroki bor. 1939 yilning 23 avgustida SSSR bilan Germaniya o‘rtasida 10 yil muddatga hujum qilmaslik to‘g‘risida shartnoma imzolangandi. Bu shartnomaning maxfiy qo‘shimcha ahdnomasiga muvofiq, Germaniya va SSSR Sharqiy Yevropada o‘z ta’sir doiralarini bo‘lib olishi ko‘zda tutilgandi. Har ikki mamlakat manfaatlari, avvalo Polsha davlati bilan bog‘liq edi. Sovet tomoni G‘arbiy Ukraina, G‘arbiy Belarus va Bessarabiya (1921 yilda boy berilgan) hududlarini qaytarib olmoqchi edi.

1939 yilning 1 sentyabrida Germaniya Polshaga bostirib kirdi va Ikkinchi jahon urushini boshlab berdi. 3 sentyabrda Angliya va Fransiya Germaniyaga qarshi urush e’lon qildi. SSSR 1939 yilning 17 sentyabrida Polsha hududiga qo‘shin kiritdi. Ko‘p o‘tmay Brestda nemis qo‘mondoni T. Guderian va sovet generali S. M. Krivosheiy qo‘mondonligida Polshaning bo‘lib olinishi munosabati bilan qo‘shma sovet-german paradi o‘tkazildi.

RKKA (Raboche-krestyanskaya Krasnaya armiya) va Germaniyaning Vermaxti birgalikda Polshani bo‘lib olishdi. Hozirgi Belarus hududidagi Brest shahrini Gitler 1939 yili Stalinga polyaklardan kuch bilan tortib olib bergandi va 1945 yildan so‘ng ham Sharqiy Yevropaning xaritasi o‘zgarmay qoldi.

SSSR bu urushdan manfaatdor edi: Ikkinchi jahon urushi sovetlar davlati uchun o‘z hududlarini kengaytirishda zarur edi va Gitler ham shunday maqsadni o‘z oldiga qo‘ygandi - shu bosqinchilik siyosati Stalin bilan Gitlerni birlashtirdi.

1939 yil noyabridan 1940 yil martigacha SSSR va Finlyandiya o‘rtasida urush bo‘lib o‘tdi. Bu urush natijasida SSSR Finlyandiyaning bir qator hududlarini tortib olib, shimoli-g‘arbiy chegaralarini mustahkamlab oldi, bugungi Sankt-Peterburg shahri yaqinidagi Viborg shahri, Finlyandiyaga yondosh joylashgan Kareliya respublikasi aynan shu urush davomida egallangan.

1940 yil yozida shu urushdan foydalanib SSSR rasmiy talab bilan bilan Ruminiyani Bessarabiya va Shimoliy Bukovinani berishga majburladi, buning natijasida Moldaviya SSR ittifoq respublikasi paydo bo‘ldi (asli moldovan degan millat yo‘q, bular ruminlardir). 1940 yilning iyunida esa Estoniya, Latviya, Litva sovet qo‘shinlari tomonidan bosib olindi.

Shunday qilib Iosif Stalin Adolf Gitler bilan do‘stlik va sherikchilik haqidagi shartnomasi asosida Yevropaning bir qismini egallab, Ikkinchi jahon urushiga fashist Germaniyasining ittifoqchisi sifatida kirdi. Faqat 1941 yili Gitler ochko‘zligi oqibatida bu ittifoqni buzib, SSSRga qarshi yurish boshlaydi.

Shunga qaramay, 1945 yili Gitler bilan 1939 yilgi ittifoqchilik natijasida sovetlar bosib olgan hududlar SSSR tarkibida qoldi. Demak, Sovet-German ittifoqi sovet mamlakatining miqyosini kengaytirdi.

2. O‘zbeklar bu urushga faqat 1941 yilga kelib kirganmi?

Bu yolg‘​on ma’lumot. Yuqorida keltirilgan sovet-german ittifoqi natijasida boshlangan bosqinchilik urushlarda Qizil Armiya tarkibida o‘zbek millatiga mansub sovet askarlari Polshani, Finlandiyani, Ruminiyaning bir qismini va Boltiq bo‘yi hududlarini bosib olishda qatnashgan.Faqat bu «fashizmga qarshi kurash» emas, bu fashist Germaniyasi bilan ittifoqda olib borilgan harbiy harakatlar edi.

3. Ikkinchi jahon urushimi yoki Ulug‘ vatan urushi?

«Ulug‘ vatan urushi» atamasi ham aslida tarixda bo‘lgan faktlarga zid, tepada keltirilgan dalillar ko‘rsatmoqda, SSSR Germaniya bilan ittifoq tuzib, Yevropani bo‘lib olish niyati bilan, Germaniyaning ittifoqchisi sifatida Ikkinchi jahon urushini boshlagan. Faqat Gitler Stalinni aldab, 1941 yilning 22 iyun kunida sovetlarga qarshi urush boshlaganida, Stalin 1939 yilgi kelishuvni yopish uchun, 1939 yilgi bosqinchilik harakatlarini tarixdan o‘chirib tashlash uchun, «Ulug‘ Vatan Urushi» atamasini rasman joriy etgan. Bu atama 19 asr boshida, 1812 yilda rus-fransuz urushi davrida o‘ylab topilgan edi, o‘sha urushni aynan shunaqa ulug‘ vatan urushi deb atashgan va bu urush rus tarixida alohida o‘ringa ega. Stalin buni bilib turib, ataylab shu atamani tanlagan. Urushdan so‘ng sovet rejimi (bugungi Rossiya ham) 1939 yilgi voqealarni tarixdan o‘chirib tashlashga harakat qilgan va urush 1941 yilning yozida boshlanganini uqtirib kelgan. Natijada, o‘zbekistonliklarda ham urush 1941 yilning 22 iyunida boshlangani haqida xato tasavvurlar paydo bo‘lgan. Lekin bu tarixda bo‘lgan voqealarga ziddir.

4. Sovetlar Amir Temur qabrini ochgani uchun urush boshlanib ketganmi?

Bu endi eng kulgili uydirma. Amir Temurning qabri haqida va uning urush arafasida ochilgani atrofida juda ko‘p afsonalar va ig‘volar yuradi. Go‘yoki, «urush ilohi» Amir Temurning qabrini ochishgani Gitlerning sovetlarga qarshi boshlagan hujumiga sabab bo‘lgan emish. Albatta, bu mayda irim, eski mafkuraviy demagogiya, Chingizxondan, Atilladan va Temurdan afsona yasash bilan bog‘liq yolg‘on.

Qolaversa, Gitler SSSRga qarshi «Barbarossa» rejasini 1940 yiliyoq ishlab chiqq​an edi. Amir Temurning qabri esa Germaniya uchun sovetlarga qarshi hujum aniq maqsadga aylanganidan so‘​ng ochilgan.

5. Stalin o‘zbeklarni hurmat qilganidan urush yillarida Moskvada Alisher Navoiyga bag‘ishlab tadbir o‘tkazgani haqidagi cho‘pchak

Bu tarix ham aslida boshqacha bo‘lgan: Germaniyaning SSSRga hujumi Stalin uchun kutilmagan hodisa edi. Chunki, 1939 yili Stalin Gitler bilan ittifoq tuzib, Ikkinchi jahon urushini boshlagandi. Stalin uchun Gitlerning hujumi kutilmagan chaqiriq bo‘ldi. U birozgina avval, 1937 yilda sovet xalqlari bir qancha qatag‘onlar to‘lqinlarini boshdan kechirganini o‘ylab, ular endi SSSR uchun jonini berishga tayyorligiga ishona olmagan. O‘shanda Stalin Lenin va Marks uchun emas, boshqa milliy mafkura uchun xalqni urushga ko‘tarish lozim degan g‘oyani rasman oldinga tashlagan.

Sovet xalqlarining tarixiy va madaniy qahramonlarini tez orada rasman e’zozlash tadbirlari boshlangan, shular orasida Alisher Navoiyni ham alohida e’tibor bilan davlat darajasida ko‘tarishgan. Stalinga urushda g‘alaba kerak edi va buning uchun u ko‘p narsadan vaqtinchalik voz kechishga majbur bo‘ladi. Vaqtinchalik degan so‘zimizga asos bor: Masalan, Oybek domlaga «Alisher Navoiy» romani uchun 1944 yili mukofot berishgan bo‘lsa, urush yakunlanishi bilan, 3 yil o‘tar-o‘tmas Stalin rejimi Oybekni shu romani uchun jazolagan, Oybek «millatchilik, panturkizm, g‘ayrisovetchilik» degan ayblovlar bilan qatag‘onlarga uchragan. Alisher Navoiy ijodi ham tanqidga uchragan, navoiyshunoslik taqiqlangan va faqat Stalinning o‘limidan so‘ng tiklangan.

6. Sovet rejimi o‘zbeklarning jasoratini hech qachon unutmaganmidi?

Ikkinchi jahon urushi janggohlarida 300 ming nafardan ortiq vatandoshimiz halok bo‘ldi, urush yillarida O‘zbekiston SSRga bir million nafarga yaqin kishi RSFSR, Ukraina, Belarus va Moldaviya SSRdan evakuatsiya qilindi. Ulardan ikki yuz mingga yaqini yosh bolalar bo‘lgan. Ularga 135 000 kv. metrdan ziyod yashash maydoni ajratilib, ish bilan ta’minlandi. O‘zbekiston hududiga 113ta harbiy gospital joylashtirilgan bo‘lib, ularga 750dan ortiq mahalliy korxona, muassasa, kolxoz va sovxozlar homiylik qildi.

Bundan tashqari, o‘zbek xalqi vakillaridan «Ishchi batalonlar» tuzilib, Rossiya hududiga jo‘natilgan. Ular orasida kasb-hunar bilim yurtini endigina tamomlagan o‘spirinlar ham bo‘lgan. Arxivdagi 1943 yilga taalluqli ma’lumotlarga qaraganda, o‘sha «Ishchi batalonlar» tarkibiga kiritilgan o‘zbeklar soni bir yuz ellik besh mingdan ziyod bo‘lgan. Bunday tuzilmalar yoshi katta kishilar, keksalar va «xalq dushmanlari»ning oila a’zolaridan tashkil topgan. Ishchi batalon ishtirokchilarining barchasi urushning noma’lum qahramonlari bo‘lib, sovet manbalarida ular yuzaki eslangan, aksariyat hollarda esa ko‘z yumib o‘tilgan.

Biroq o‘zbek xalqining Ikkinchi jahon urushida ko‘rgan ulkan talafotlari behuda ketdi. Gap shundaki, Stalin boshchiligidagi sovet rahbariyati minnatdorlik o‘rniga urush tugaganiga 3 yil bo‘lmay, O‘zbekistonga SSSRning qurolli vazirlik va idoralari vakillaridan tashkil topgan komissiyani yo‘llab, millat vakillari orasidan «xalq dushmanlari»ni aniqlab topishning navbatdagi jarayonini boshladi. O‘zbeklarga badaxloqlik darajasida ishonchsizlik bilan qaralib, ish bolsheviklarning maxsus organi yaratilishiga, ya’ni, VKPB Markaziy qo‘mitasining O‘zbekiston SSR bo‘yicha boshqarmasi tuzilishiga, boshqacha qilib aytganda, O‘zbekiston bevosita Moskvadan boshqarilishiga qadar borib yetdi. Ushbu boshqarmaga, amalda esa O‘zbekistonga rahbar etib A. Ignatev ismli shaxs tayinlandi (keyinchalik bu shaxs sovet KGBsini boshqardi). Millati o‘zbek bo‘lgan amaldor bor-ki, ishonchni oqlamagan toifa sifatida respublika rahbariyati tarkibida rasman qolgan bo‘lishiga qaramay, respublika rahbariyati tarkibidan amalda to‘la-to‘kis chiqarib tashlandi. Shu tariqa, urushda mislsiz qurbonliklar berganiga qaramay, sovet rahbariyati tomonidan butun boshli o‘zbek millatiga «ishonchsiz millat» tamg‘asi bosildi.

Dahshatlisi shundaki, yuqorida aytib o‘tilgan boshqarma yagona bo‘lib, unaqasi sovet respublikalarida bo‘lmagan. Ushbu boshqarma faoliyatining natijasi – Shayxzoda, Oybek, Hamid Sulaymon, Mirtemir, Shuhrat, Shukrullo, Said Ahmad, Muhiddin Qoriyoqubov kabi ko‘plab ko‘zga ko‘ringan o‘zbek ziyolilarini qatag‘on qilish bo‘ldi. Badiiy asar qahramoni,o‘zbek millatiga mansub qaynona o‘zining o‘ris kelinini koyib bergani uchun «Qo‘shchinor» muallifi Abdulla Qahhor millatchilikda ayblandi. Alisher Navoiyning asarlari bilan «Alpomish» eposi «o‘rta asrga xos eskirgan asarlar» sifatida bir chetga uloqtirildi, navoiyshunoslar «feodal o‘tmishni madh etish»da ayblandi. Shoshmaqom esa «motam, umidsizlik va dilgirlik kuyi» deya e’lon qilindi. Sovet rahbariyatining fikricha, bularning bari sovetlar yurtida kommunizm qurishga to‘sqinlik qilgan. Stalin boshchiligidagi rasmiy Moskva urushda ko‘rgan talafotlari uchun o‘zbek xalqiga shu tariqa «minnatdorchilik bildirdi».

Urush arafasida, ya’ni 1938 yili o‘zbek ziyolilarining 60 foizi qatag‘on qilingandi. Agar Stalin yana bir necha yil umr ko‘rganida, millat ziyolilari 100 foiz qirib tashlanishi muqarrar edi. Zero, Kreml qatag‘on qilinishi lozim bo‘lganlar ro‘yxatini tuzgan, unda ayrim shaxslardan tashqari, yana 60 kishining nomi qayd etilgandi.

Stalinning o‘limidan so‘ng, 1953 yildan qatag‘on qurbonlarining nomlari oqlanishiga umid bag‘ishlagan siyosiy iliqlik davri boshlangandi. Ammo 60-yillar boshida o‘zbek tili va millat diniga qarshi navbatdagi kurash, paxta yakkahokimligi, yangi qurilgan uylar kalitining 90 foizi ko‘chirib keltirilganlarga topshirilgan Toshkent zilzilasi bo‘lib o‘tdi. Toshkent vayronalarini tiklash uchun 60-yillar oxirida yurtimizga SSSRning turli hududlaridan kelgan ishchilar «Paxtakor» stadionida o‘zining shovinistik tabiatini ochiqdan-ochiq namoyon qilgancha, o‘zbek millatini nihoyatda qo‘pol kamsitishdi. Bu esa, o‘z navbatida, respublika aholisining norozilik bildirgan ijtimoiy isyoni ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. Lekin bu haqda biz hanuzgacha og‘iz ocha olmaymiz. Shundan so‘ng, Orol muammosi, butifos, saraton kasalligining ommaviy epidemiyasi, bola o‘limining sobiq SSSR bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichi kuzatildi, ayollar tomonidan o‘z joniga qasd qilishi bo‘yicha sobiq ittifoq miqyosida birinchi o‘ringa chiqish. Bularning bariga millat qoniga botgan oq oltinning yakkahokimligi sabab bo‘ldi. Bu asli, amalda Xalqlar do‘stligi tushunchasining «qadrini» bizga ko‘rsatib berdi.

Ma’lum vaqt o‘tgach, Kreml tomonidan, sovet rejimining jinoiy illatlari uchun javobgarlik o‘zbeklarning gardaniga qo‘yilgan, millatimizni yanada sazoyi qilgan «o‘zbeklar ishi»ni qo‘zg‘atdi. Bunda, rasmiy Moskva biron-bir boshqa millatni ayblamadi , faqat «o‘zbeklar ishi» yuritildi. O‘sha davrda tabiati uyatdan yiroq bo‘lgan chekistlardan biri: «O‘g‘rilar, mafiyachilar va bosmachilar yashaydigan O‘zbekistonni tikanli sim bilan o‘rab tashlash kerak», deya taklif kiritgandi. Kremlning sadoqatli vakili bo‘lmish Rafiq Nishanov ushbu qabih so‘zlardan to‘lqinlangancha, jo‘shib qarsak chaldi. O‘tgan asrning 40-yillari oxirida Kreml o‘zbeklarga ishonchsizlik bilan qaragan bo‘lsa, bunday qarash SSSR parchalanishi arafasida bolshevik-chekist Yuriy Andropov zamonida yana kuzatildi. O‘zbekning sovet tizimi uchun ko‘rgan ulkan talafotlari hech kimning esiga kelmadi.

7. Georgiy lentasi - Ikkinchi jahon urushi belgisimi?

Bunisi eng katta yolg‘on: birinchidan, o‘sha tasma Rim imperatori Diokletian (244-311) zamonida yashab o‘tgan, rimliklar generali bo‘la turib, imperiyada taqiqlangan dinni, ya’ni, xristianlikni qabul qilgan va ushbu qilmishi uchun o‘zining butparast imperatori tomonidan qatl etilgan avliyo Georgiyning siymosi bilan bog‘liqdir. Din yo‘lida halok bo‘lgan kishi sifatida, avliyo Georgiy, mazlum xristianlarning homiysi, xristian lashkarining g‘alabaga olib boruvchi ramziga aylantirilgan.

Mazkur siymoning shon-shuhrati qanday paydo bo‘lgani haqida tarixchilar shunday deydi: «avliyoning yurtiga borib qaytgan salib yurishi qatnashchilari, u haqda ovoza tarqatishgan. Xususan, avliyo Georgiy Quddus janglarda egniga qizil xoch tasvirlangan oq libosda ishtirok etgan. «Georgiyevskiy krest» nomi aynan shundan kelib chiqqan».

Aniqroq aytiladigan bo‘lsa, lashkarga homiylik qiladigan o‘sha siymoning kelib chiqishi xristianlar bilan musulmonlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan urush tarixi bilan bog‘liqdir.

Rossiyada ushbu siymo Rossiya-Turkiya urushi davrida orden ko‘rinishida gavdalanib, unga imperator ayol Yekaterina ikkinchining tegishli farmoni ila dinlararo ziddiyat mazmuni berilgan.

Turkiston hududida avliyo Georgiy tasmasiga ega bo‘lgan o‘sha orden ilk bor 1865 yili paydo bo‘ldi. Xususan, ushbu orden bilan Chor Rossiyasining 1865 yili Toshkentni bosib olish jangida, 1866 yili bo‘lib o‘tgan Rossiya-Buxoro urushida, Samarqandning qamal qilinishida, Samarqand, Kattaqo‘rg‘on, Panjikent va Urgut bekliklarini istilo qilishda, 1873 yili Xo‘jand va Farg‘ona vodiysini zabt etishda, 1876 yili Qo‘qon xonligini istilo qilishda, 1873 yili Xiva xonligini egallashda ishtirok etgan askar va zobitlari taqdirlangan. Boshqacha qilib aytganda, o‘zbeklar va Turkiston hududida yashaydigan boshqa xalqlar ustidan mustamlakachilik hokimiyati o‘rnatilishiga hissa qo‘shgan Chor Rossiya askarlari taqdirlangan.

Yuqorida keltirilgan uch faktning o‘zi avliyo Georgiy siymosini Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan o‘zbeklar jasorati bilan bog‘lashni bema’nilikka chiqaradi.

Dinlararo urushlar va mustamlakachilik siyosatining ramzi bo‘lmish o‘sha tasmani o‘zbek millatiga mansub qariya ko‘ksiga qadab qo‘yilishi har bir fuqaroning vijdoniga bog‘liqdir.

Ta’kidlab o‘tmoq joizki, dinga qarshi kurash olib borilgan o‘sha sovet mustamlakachiligi davrida ham g‘alabaga olib boruvchi Georgiy siymosi bilan bog‘liq hamma narsa qat’iy man etilgan. Ya’ni, 1917 yildan 1992 yilga qadar unday siymo nomiga ega biron tasma bo‘lmagan. Gvardiya tasmasi va qizil bayroq bo‘lgan xolos. Gvardiya tasmasi mukofot tasmasi bo‘lganu, g‘alabaning rasmiy ramzi sanalmagan. Qizil bayroq esa faqat 7 noyabr paradiga olib chiqilgan xolos.

Muxtasar qilib aytganda, g‘alabaning biron-bir ko‘rinishdagi ramzi o‘sha sovet davrida ham bo‘lmagan. Georgiy tasmasi g‘alaba ramzi sifatida 2005 yili Rossiya prezidentining farmoni bilan joriy etilgan. Ya’ni, o‘sha tasma xorijiy davlat qarori bilan ramzga aylantirilgan. Savol tug‘iladi: nega endi biz o‘zbeklar yot davlat ramzini ramz sifatida qabul qilishimiz kerak? Tasma rasmiy ramzga aylantirilib, Rossiya xalqi urushda asosiy o‘rin egallagani e’tirof etildi, ya’ni o‘zbeklarning urushda tutgan o‘rni o‘z-o‘zidan kamsitildi. Hamma teng hissa qo‘shgan emasmi-di g‘alabaga?

Davlatimiz dunyoviy davlat hisoblanadimi? Darsliklarimizda Rossiya imperiyasining mustamlakachiligi qoralandimi? Salib yurishlar davri Yevropa tomonidan qoralandimi? Bunday savollarning bariga ijobiy javob beriladi. Hatto Rim Papasi ham yahudiylar bilan musulmonlardan bir zamonlar bo‘lib o‘tgan o‘sha yurishlar uchun rasman kechirim so‘radi. Yevropa bilan Vatikan salib yurishlarini sharmandalik davri, deb biladi.

Georgiy lentasi loyihasi - bu bugungi eng katta ko‘zbo‘yamachilik desak mubolag‘a emas.

8. Germaniya bosmachilarni to‘plab, SSSRga janubdan hujum qilmoqchi edimi?

Bu eski, sovetning ertaklari. Avvalambor, 1940 yilga kelib Afg‘oniston hududida jiddiy «bosmachilik» bilan bog‘liq kuch va qatlam qolmagandi.

Afg‘oniston qiroliga qarshi Habibulla bachaii sakao qo‘zg‘oloni ko‘tarilganda unga nafaqat mahalliy aholi, Turkistondan kelganlar ham qo‘shilishgan.Qo‘zg‘olon mag‘lubiyatidan so‘ng, Afg‘oniston davlati «bosmachilar», umuman turkistonlik muhojirlarni qirgan yoki zindonga tashlagan.1940 yilga kelib «bosmachilik» harakati Afg‘oniston hududida kuchini yo‘qotib bo‘lgan edi.

Umuman, mantiqdan kelib chiqsak Germaniya uchun SSSRning janubiy hududlarini bosib olish harbiy va iqtisodiy nuqtai nazaridan ahmoqona siyosat bo‘lar edi. Chunki nemis armiyasi SSSRning Osiyo hududlaridan Moskvagacha va boshqa yirik shaharlarigacha juda katta va qiyin, ulkan masofani qamrab olishga majbur bo‘lar edi. Albatta bu katta moliyaviy resurslar va katta armiyani talab qilardi. Demak, «janubiy versiya» ham yana bir sovet propagandasi mahsulotidir.

Lekin savol paydo bo‘ladi, unda kim Afg‘oniston hududida boshpana topgan qo‘rboshilar yoniga tashrif buyurib, ularni nemislar bilan ittifoq tuzishga jalb etishga harakat qilgandi?

Albatta, bu sobiq Buxoro amirining atrofidagi ayrim odamlar edi. Lekin bu harakat natija bermagani bugun aniq. Nega? Yuqorida keltirilgan sababdan tashqari, Afg‘onistondagi eng nufuzli qo‘rboshi Shermuhammadbek hali sovet rejimiga qarshi kurashganda Buxoro amiri bilan til topisha olmagan, amir bilan o‘ta yomon munosabatda bo‘lgan. Afg‘onistonda ham bu holat saqlanib qolgandi va shunga sobiq amir Olimxon ko‘pchilik sobiq «bosmachilar» uchun jiddiy shaxs bo‘lmagan.

Ammo, keyinroq bu mavzuni sovet propagandasi ataylab ishlatdi, «bosmachilik»ni yana bir bor qoralash uchun. Albatta, ayrim o‘zbek millatiga mansub sovet agentlari sovet-afg‘on chegarasidan o‘tib, sovet imperiyasining janubiy chegarasini xavfsizligini ta’minlash uchun afg‘onistonlik o‘zbeklarning kayfiyatini o‘rganib kelgan. Lekin buning urush mavzusiga aloqasi yo‘q, bu doim bo‘lgan sovet maxfiy xizmatlarining ishlari edi.

9. Sobir Rahimov o‘zbeklardan chiqqan birinchi generalmi?

Bu tarixiy haqiqatga zid. Birinchi bo‘lib general unvonini olgan o‘zbek Jo‘rabek bo‘lgan. Shahrisabz begi bo‘lgan Jo‘rabek Rossiya imperiyasi armiyasining general-mayori bo‘lgan. Undan so‘ng bunday unvon sovetlar tomonidan Fayzulla Xo‘jayev va Mirkomil Mirsharapovga berilgan. Ikkisi ham sovet qatag‘onlari qurbonlariga aylangan.

10. SSSR davrida 1945 yildan so‘ng G‘alaba bayrami doim 9 may kuni nishonlanganmi?

Stalin davrida atigi bir marta, 1945 yili bu kun parad bilan nishonlangan. Iosif Stalin va Nikita Xrushchev davrlarida 1946 yildan boshlab to 1965 yilgacha 9 may ish kuni edi, atigi salyut berilar edi xolos.

1965 yili Leonid Brejnev bu sanani dam olish kuni deb e’lon qilgan, lekin asosiy sana bo‘lmadi bu kun. 1991 yilgacha asosiy sanalar SSSR miqyosida ikkita edi, 7 noyabr - Lenin uyushtirgan oktyabr to‘ntarishining g‘alabasi kuni (Oktyabr inqilobi) va 1 may - «mehnatkashlar kuni». Faqat 7 noyabr kuni har yili harbiy paradlar o‘tkazilgan. 9 May kuni esa faqat 1992 yildan so‘ng, SSSR qulashidan so‘ng asosiy bayramga aylangan. Rossiyaning birinchi prezidenti Boris Yelsinning farmoniga binoan, 9 may kuni, 7 noyabr o‘rnini egallab, Rossiyaning asosiy bayram kuniga aylanadi.

Umuman olganda, bu sana SSSR va bugungi Rossiya tarixida eng ko‘p mish-mishlarga, uydirmalarga va ertaklarga boy. Muallif shundan ayrimlarida to‘xtalib o‘tdi. Umid qilamanki, bu ma’lumotlar bugungi o‘zbek jamiyati uchun foydali bo‘ladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ikkinchi jahon urushi va SSSR tarixiga oid xalq orasida tarqalgan yolg‘onlar