11:24 / 20.05.2018
4 884

Namanganda ro‘zador maktab o‘quvchilariga majburlab suv ichirilgani haqida

Namanganda ro‘zador maktab o‘quvchilariga majburlab suv ichirilgani haqida
Sovet davridagi dinga bo‘lgan munosabat haqidagi hikoyalarni tinglaganda asosan quyidagi manzara ko‘z oldimizga kelardi: namoz o‘qiyotgan odamning joynamozini tortib olish va Ramazon oyida maktab o‘quvchilariga majburan suv ichirib, ro‘zasini ochtirish. Qaysidir ma’noda bu xudosizlar jamiyati uchun normal holdek ko‘rinishi ham mumkin. Lekin bugun, barcha sohalar qatori dinga ham erkinlik berilayotgan bir paytda bolalarning ro‘zasi majburlab ochtirilganiga nima deysiz?

Azon.uz tahririyatiga Namangandan yetib kelgan audioxabarga ko‘ra, Namangan viloyati, Chust tumani, Varzik shaharchasida joylashgan 19-sonli ixtisoslashtirilgan maktabda o‘quvchilar bilan noxush hodisa yuz bergan. O‘zini o‘quvchilardan birining tog‘asi deb tanishtirgan fuqaroning guvohlik berishicha, maktab yotoqxonasida 6, 7, 8 va 9-sinf o‘quvchilari Ramazonning ilk kunida ro‘za tutishadi. Tabiiyki, ro‘zador bo‘lganliklari sabab ertalab bolalar nonushtaga chiqishmagan. Bundan xabar topgan maktab direktori Jo‘rayev Nizomjon hamma o‘quvchilarni yig‘ib, “Senlar ro‘za tutmalaring, och hammang” deb buyruq bergan.

Ammo o‘quvchilar direktorga quloq solishmagan ko‘rinadi, tushlik payti ham o‘quvchilarga tayyorlangan palov ortib qolgan. Bolalar oshpazga borib: “Ovqatimizni olib qo‘yavering. Kechqurun iftorga isitib berasiz”, deb iltimos qilishgan. Oshpaz ham bu taklifga rozi bo‘lgan. Shundan so‘ng bu gap maktab direktoriga yetib borgan. Natijada sinf rahbarlari boshchiligida 60 nafar atrofidagi bolani oshxonaga yig‘ib, majburan suv ichirish orqali ro‘zasi ochtirilgan.

Bu harakatni nima deb atashga ham hayron bo‘ladi kishi. Sovet tuzumidan qolgan eskilik sarqitining bunday tarzda o‘zini namoyon qilishi odamni sergak tortishga majburlaydi. Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, maktab direktori o‘quvchilarning e’tiqodiga daxl qilish huquqiga ega emas. Huquqlari toptalgan farzandlarning ota-onalari xatti-harakatlarida qonun buzilishi alomatlari ko‘rinib turgan maktab direktori ustidan tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishlari mumkin.

Maktab direktori esa ayni damda keng jamoatchilik oldidagi mas’uliyatni his qilib bu holat yuzasidan izoh berishi shart. O‘z navbatida xalq ta’limi boshqarmasi rahbariyati holatni o‘rganib chiqishi va bu xodimga chora ko‘rilishini nazorat qilib, ommani bu haqida xabardor qilishi ham maqsadga muvofiq. Chunki ko‘p guvohi bo‘ldikki, ommadan yashirilgan va jazosiz qolgan bunday qonunbuzarliklar keyinchalik jamiyatning boshqa qatlamlarida ham urchib ketishi va og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Prezidentimizning BMT Assambleyasida so‘zlagan nutqidan keyin ko‘pchilik siyosatchilar, “Shavkat Mirziyoyevning katta minbardan turib Islom dini haqida aytgan gaplarini yaqin orada hech kim aytgan emas”, qabilida fikrlar bildirishdi. Darhaqiqat, o‘sha nutq musulmonlar qalbida uzoq vaqt kul ostida qolgan cho‘g‘larni alangalatdi. Xalqda ertangi kunga, ayniqsa Prezidentga ishonch paydo bo‘ldi.

Ammo so‘nggi paytlarda sodir bo‘layotgan bunday g‘alati voqealar bu umumiy manzarani jiddiy ravishda buzib, xalqning aksarini tashkil qiladigan musulmon qatlamda norozilik kayfiyatining paydo bo‘lishiga va natijada olib borilayotgan islohotlarga nisbatan ikkilanish hislarining ildiz otishiga sabab bo‘lmoqda. Atrofdagilarni bir savol qiynayapti: O‘zbekistonda diniy erkinlik berilyaptimi yoki diniy erkinliklar cheklanyaptimi?

Bu borada Namangandagi ahvol chindan ham achinarli. Bolalar masjidga qo‘yilmasa, ro‘za tutsayu, majburlar ro‘zasi ochtirilsa, bu qaysi “xalq hokimiyati” tamoyillariga to‘g‘ri keladi? Biz qanaqa jamiyat qurmoqchimiz o‘zi? Barcha huquqlari ta’minlangan fuqarolardan iborat demokratik jamiyatmi yoki o‘z rahbarlari o‘zi saylagan xalqni tahqirlaydigan jamiyatmi?

Biz bo‘layotgan voqea-hodisalar o‘ta xavotirli ekanini ma’lum qilgan holda bu holatlar yuzasidan mutasaddi tashkilotlar, xususan, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi, Xalq ta’limi vazirligi va Ichki ishlar vazirligidan rasmiy izoh so‘rab qolamiz. Zero bu ikki tomonlama islohotlarni tushunmay ikkilanib turgan xalq uchun ayni damda juda ham zarur.

Manba: Azon.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)