11:45 / 21.05.2018
5 585

Ramazon aytib kelmang eshigimizga: bolani tilanchilikka emas, saxovatga o‘rgataylik (video)

Ramazon aytib kelmang eshigimizga: bolani tilanchilikka emas, saxovatga o‘rgataylik (video)
Islom dinida yosh bolalar qanday tarbiyalanishi lozim? Ularni qaysi axloqiy qoidalar va fazilatlar asosida voyaga yetkazish kerak bo‘ladi? Bolani yoshligidan saxovatli inson etib o‘stirish uchun qanday yo‘l tutish kerak? Bu va boshqa savollarga Toshkent shahar Yunusobod tumani “Mirza Yusuf” jome masjidi imom xatibi Rahmatulloh qori Habibulloh o‘g‘li atroflicha to‘xtalib o‘tdi.

Payg‘ambarimiz (s.a.v) shunday dedilar: “Bolalaringiz 7 yoshga kirganda namozga buyuringlar, 10 yoshda o‘qishmasa uringlar, 10 yoshda o‘g‘il-qizlarni ajratib yotqizinglar”. Bu mashhur sahih hadis. Namoz qachon farz bo‘ladi? Qachonki, bola balog‘atga yetsa. 7 yoshdan buyuring degani, bolani shu yoshdan ibodatga ko‘niktirib boring, deganidir. 10 yoshda ularni o‘qimasa uring, degani ma’joziy ma’noda keladi. Urish, ya’ni siyosat qilish kerak degani. Bolaga ozroq qattiqroq turiladi. O‘sha yoshda aka-singil va opa-ukalarning orasini alohida qilib yotqizish kerak bo‘ladi. Chunki bu davrda ularda jinsiy mayllik shakllanishni boshlaydi. Bu ko‘rsatmalarning barchasi Islom madaniyatidir.

Bolalarimiz bizning kelajagimiz. Ertangi kunimiz, dinimizni ham shularga qoldiramiz. Ularni yoshliklaridan yaxshi narsalarga o‘rgatib boraylik. Saxovatga o‘rgataylik. Bolalarimizni yoshliklaridan tilanchilikka o‘rgatmaylik. “Yo Ramazon” aytish, tilanchilik emasmi? Ularning bu qo‘shiqlarni aytib, kechasi uyma-uy yurib, eshik taqillatib bir nimadan ta’ma qilishlari aslo yaxshilik emas. Agar bunga insof bilan qaraydigan bo‘lsak, bolaligidan ta’ma qilib o‘rgangan bola katta bo‘lganda kim bo‘ladi? Buning o‘rnida bolani beradigan qo‘lli, saxovatli qilib o‘stirish kerak.

O‘z hayotimda bo‘lib o‘tgan voqeani aytib beraman. Bundan 11 yil muqaddam Ramazon vaqtida Makkaga, Umra ziyoratiga borgan edik. Bir joydan mashinada kelyapmiz, iftorlik vaqti yaqin. Buning ustiga mashinalar ko‘pligidan yo‘llar tirband, to‘xtab qoldik. Biz iftorlikdan xavotirlanyapmiz, chunki og‘iz ochish uchun hech narsa olmagan edik. Bir vaqt mashinaning eshigi taqilladi. Eshikni ochsak, besh-olti yashar habash bola ro‘zadorlarning iftorligi uchun qo‘lidagi bir hovuch xurmoni bizga uzatyapti. Atrofga razm solsam, shu kabi yosh bolalar ro‘zadorlarning iftorligi uchun xurmolar tarqatib yurishibdi. Mana, bolalarni nimaga o‘rgatish, mana, musulmonchilik. Yoshligidan ularni berishga o‘rgatib borishyapti, olishga emas. Savob olishni o‘rgatishyapti.

Biz nima qilyapmiz? “Yo Ramazon” aytishi uchun bolani ko‘chaga chiqarish qayerdan chiqdi? Holbuki, qorong‘i tushganidan keyin, bolalarni ko‘chadan uyga olib kirish kerak. Yosh bola deb masjidga qo‘ymaymiz-u, ko‘chada uning izg‘igani hech kimning parvoyiga kelmaydi. Masjidning oldida turib, yosh bolani qaytarish bilan shug‘ullanishdan ko‘ra, ko‘chalarda “Yo Ramazon” aytib yurgan bolalarni uyga olib kirishni o‘ylab ko‘rish kerak. Ko‘chada har xil odam yuradi, har xil vaziyat bo‘ladi, bu eshikdan narigisiga yugurishadi. Berganni maqtaydi, bermaganni so‘kadi. Bu narsa musulmonchilik odob-axloq qoidalariga aslo to‘g‘ri kelmaydi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ramazon aytib kelmang eshigimizga: bolani tilanchilikka emas, saxovatga o‘rgataylik (video)