11:57 / 22.05.2018
7 443

Arzon uy-joyga qanday ega bo‘lish mumkin?

Arzon uy-joyga qanday ega bo‘lish mumkin?
Yangi oila qurgan borki, o‘z uyim bo‘lsa, ro‘zg‘orimni o‘zim yuritsam deb niyat qiladi. Ammo bugungi bozor iqtisodiyoti sharoitida hammaning ham yer olib uy ko‘tarish yoki tayyor xonadonni sotib olishga qurbi yetmaydi. Arzon uy-joyga muhtojlar shunchalik ko‘pki, buni tuman hokimliklari uy-joy bo‘limiga tushayotgan arizalarning sonidan ham bilsa bo‘ladi. Davlatimiz rahbarining 2016 yil 22 noyabrdagi «2017 — 2020-yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori aynan aholining eng ehtiyojmand qatlamini uy-joy bilan ta’minlashni ko‘zda tutadi. Xo‘sh, bunday uylarga egalik qilish uchun qanday talablarga javob berish kerak? Yana qanday qo‘shimcha shartlari bor? Shu kabi savollarga javob topish maqsadida muxbirimiz Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani uy-joylarni hisobga olish va taqsimlash bo‘limi mutaxassisi Dilmurod Hamdamov bilan suhbatlashdi.

Hammasi juda oson

— Fuqarolarga arzon uy olish tartibini tushuntirib bersangiz.
— Dastlab tuman hokimliklarida tashkil etilgan hududiy komissiyaga ariza bilan murojaat etiladi. Komissiya fuqaroni uyga ehtiyojmandlik mezonlaridan kelib chiqqan holda o‘rganib chiqadi. Ijobiy xulosa berilsa, ushbu fuqaroga qurilayotgan ko‘p kvartirali uydagi xonadonlardan biri biriktiriladi.

Barcha rasmiylashtirish jarayonlari nihoyasiga yetgandan so‘ng bank tomonidan fuqaroga biriktirilgan xonadonni sotib olish uchun imtiyozli ipoteka krediti ajratiladi. Jismoniy shaxs dastlabki badalni unga kvartira biriktirilgandan keyin 60 kalendar kundan kechikmay to‘lashi shart. Kvartira qiymatining kamida 25 foizi miqdoridagi dastlabki badal to‘lanmagan taqdirda hududiy komissiyaning kvartirani jismoniy shaxsga biriktirish haqidagi protokol qarori o‘z kuchini yo‘qotadi.​

Bankka qanday hujjatlar kerak?

— Nizomga ko‘ra ko‘p kvartirali uy qurib bitkazilganidan so‘ng biriktirilgan xonadonni sotib olish uchun fuqaro «Ipotekabank»ning filialiga murojaat etishi lozim. Bunda qanday hujjatlar talab etiladi?

— Ipoteka krediti ajratilishi uchun quyidagi hujjatlar zarur:

- ipoteka kreditini olish uchun ariza;

- kredit oluvchi(birgalikda kredit oluvchi)ning pasporti (bank tomonidan nusxalar olinadi);

- kredit oluvchi (birgalikda kredit oluvchi) tomonidan oxirgi 12 oyda olgan daromadi to‘g‘risida ma’lumotnoma.

Kredit oluvchiga ipoteka krediti 20 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan taqdim etiladi. Kreditning foizi – dastlabki 5 yilda yillik 7 foiz, keyingi yillarda Markaziy bankning amaldagi qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida bo‘ladi.

To‘lov uchun mablag‘dan soliq olinmaydi

— Ipoteka kreditini to‘lashda qanday imtiyozlar bor?
— Kredit oluvchi (oila a’zolari) kreditni qaytarish uchun yo‘naltirilgan mablag‘idan soliq to‘lamaydi. Shuningdek, korxonalarning qaytib olmaslik sharti bilan o‘z xodimlariga ipoteka kreditining boshlang‘ich badalini to‘lagan mablag‘i va kredit to‘liq qaytguniga qadar ipoteka kreditiga sotib olingan xonadon mol-mulk solig‘iga tortilmaydi.

Komissiya muhtojlarni qanday aniqlaydi?

— Hududiy komissiya fuqaroning uyga muhtojligini qanday aniqlaydi?
— Avvalo mahalla fuqarolar yig‘ini raisi va arizachining ikki nafar qo‘shnisi tomonidan fuqaroning haqiqatan ham uyga muhtojligini tasdiqlovchi dalolatnoma taqdim etiladi. Shuningdek, uy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan jismoniy shaxsning quyida ko‘rsatilgan mezonlardan biriga muvofiqligini tasdiqlaydigan hujjatlar talab etiladi:

- o‘z uyining yo‘qligi yoki eskirgan uyda yashash;

- bir uyda (bir kvartirada) boshqa oila yoki boshqa oilalar bilan birgalikda yashash;

- ko‘p bolali oila;

- ona(ota)ning to‘liq bo‘lmagan oilada bolani (bolalarni) tarbiyalashi;

- ariza beruvchining oila a’zolari orasida surunkali kasallikning og‘ir turlaridan azob chekuvchi alohida xonada yashashga muhtoj bo‘lgan shaxslarning mavjudligi;

- oila tarkibida birinchi guruh nogironi mavjudligi;

- turarjoy maydonining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan turarjoy maydonining ijtimoiy normasiga muvofiq emasligi;

- tayanch doktoranturaning 2-kursidan boshlab oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutida tahsil olayotgan doktorantlar.

Bir kishiga necha kvadrat metr?

— Fuqarolarga arzon uy ajratishda oila a’zolari soni hisobga olinadimi yoki bir uyda yashayotgan oilalar sonimi?

— Bunda birinchi navbatda bir uyda yashayotgan oilalar soni inobatga olinadi. Shuningdek, oila a’zolari soni va doimiy ro‘yxatda turgan xonadon maydoni ham hisoblanadi. Nizomda ko‘rsatilganidek, turarjoy maydonining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan ijtimoiy normaga muvofiq emasligi tekshiriladi. Ya’ni bir kishiga 16 kv/metr, agar u nogiron bo‘lsa, 23 kv/metr maydondan kam joy to‘g‘ri kelsa, demaak u haqiqatan uyga muhtoj hisoblanadi. Albatta, bunda har bir mezonni sinchiklab o‘rganib chiqamiz. Barcha mezonlarga mos kelib, uy sharoiti yaxshi bo‘ladigan bo‘lsa, mahalla raisi va qo‘shnilari uning haqiqiy muhtojligini tasdiqlamasa, unday fuqaroga uy ajratilmaydi. Komissiya a’zolari arizalarni iloji boricha adolat nuqtai nazaridan ko‘rib chiqadi. Har bir arizachi bilan shaxsan suhbatlashadi.

Akasining ikkita uyi bo‘lsa...

— Aka yoki ukaning nomida bo‘lgan uy fuqaroning arzon xonadonlardan birini olishiga to‘sqinlik qiladimi?
— Komissiya ariza beruvchining moliyaviy ahvoli va sharoitini o‘rganayotganda qarindoshlik darajasiga alohida e’tibor qaratadi. Aka yoki ukaning nomida ikki yoki undan ko‘p uy bo‘lgan taqdirda ham o‘zining nomida uyi bo‘lmasa, muhtojligiga ta’sir etmaydi. Faqatgina ota yoki onasining nomidagi katta mol-mulk arzon uy olishga xalaqit qilishi mumkin. Shunda ham komissiya a’zolari ota-onasi bilan mol-mulkini farzandiga berishi yoki bermasligi borasida suhbatlashib, masalaga oydinlik kiritadi. Chunki ba’zi hollarda ota yoki ona mol-mulkini o‘z farzandiga emas, boshqa bir begona shaxslarga vasiyat qilib qoldirishni ko‘zlagan bo‘lishi ham mumkin.

Uylanmaganlarga uy yo‘qmi?

— Uylanmagan fuqarolar uysiz, ota-onasidan alohida yashayotgan bo‘lsa, ularga ham arzon uylar beriladimi?
— To‘g‘risi, hali bunday ariza bizning tumanimiz komissiyasiga kelib tushmadi. Agar haqiqatan ham uyga muhtojligi aniqlansa, komissiya o‘z qarorini aytadi.

Bu yil tumanda 546 oila uyli bo‘ladi

— Bu yil Mirzo Ulug‘bek tumanida nechta oila uyli bo‘lishi kutilmoqda?
— Shu vaqtgacha tuman komissiyasiga 2077 ta ariza kelib tushgan bo‘lib, 1300 tasi ko‘rib chiqilgan. Shundan 748 ta oilaga uy biriktirildi. Ularning 238 tasi ayni paytda yangi uylariga ko‘chib o‘tib, yashab kelmoqda. Bu yilgi hisob-kitoblarga ko‘ra tumanimizning uy-joyga muhtoj aholisi uchun 546 ta xonadon ajratilgan.

Navbatingizni «Telegram» orqali kuzating

— Ariza topshirgan fuqarolar navbatini onlayn tarzda kuzatish imkoniyati yaratilganmi?
— Toshkent shahrida qurilayotgan arzon uylarga onlayn navbatga qo‘yish tizimini yaratish bo‘yicha Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi xodimlari ish olib bormoqda. Loyiha muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgandan so‘ng to‘la ishga tushadi va fuqarolar arzon uy olish uchun onlayn ariza topshirish, navbatini kuzatish imkoniga ega bo‘ladi.

Ayni paytda tumanimizda arzon uylarga navbatda turganlarga axborot berib borish uchun t.me/arzonuy «Telegram» kanalimizni ishga tushirganmiz. U yerda komissiya faoliyatidagi yangiliklar, navbatlar ketma-ketligini joylashtirib boramiz.
«Jamiyat» muxbiri Bekzod Ibrohimov suhbatlashdi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Arzon uy-joyga qanday ega bo‘lish mumkin?