13:56 / 30.05.2018
3 862

Musulmon ibrati yoxud nemis oilasini Islomga boshlagan yigit qissasi

Musulmon ibrati yoxud nemis oilasini Islomga boshlagan yigit qissasi
Johiliyadagi eng yaxshilar Islomda ham yaxshilardir. Hadis

Ibrohim Olmoniyaga kelganidan beri Klaus Shifferning xonadonida istiqomat qilardi. Katolik xristiani bo‘lmish Shifferlar oilasi har yakshanba cherkovga borsa, Ibrohim juma kunlari masjidga shoshar, bundan tashqari, kuniga besh mahal ibodat qilardi.

Klaus va xotini undan juda mamnun edilar, sababi farzandlari ham Ibrohimni yaxshi ko‘rishar, u bilan o‘ynashni istashar, hatto kechalari xonasida tunab qolishni iltimos qilishardi. Shuningdek, yigitning zamonaviy yoshlar kabi diskotekalarga bormasligi, tungi klub va barlarda ichkilik ichib yurmasligi, buning o‘rniga doim dars tayyorlash, Qur’on o‘qish bilan band bo‘lishi Klausning unga bo‘lgan hurmatini oshirdi. Aslida bir yilgina yashash sharti bilan uyga qo‘yilgan talaba Ibrohimni yana shu yerda yashab qolishga ko‘ndirgan ham Klaus edi...
Ibrohimning dushanba va payshanba kunlari hech narsa yemasligi, yilning muayyan vaqtida bir oy tongdan kechgacha “och yurishi”, cho‘chqa go‘shtini iste’mol qilmasligi, achchiqlanmasligi, tabassum bilan jilmayib turaverishi, ayollarga qaramay ko‘zini yerga tikish kabi odatlari Klausni hayron qoldirar, yigitning kamgapligi, vaqtini avaylashi, sipo va vazminligi yanada hayratlanarli edi. Klaus yoshlar tugul kattalar ham dinga tobora kamroq e’tiqod qilayotgan va xristian oilalarning farzandlari o‘z dinidan chiqib ketayotgan ayni davrda Ibrohimdagi fazilatlarni juda noyob bilib, hurmat qilardi.

Bir kuni ish bilan Ibrohimning xonasiga kirgan Klaus uning joynamoz ustida ko‘z yosh to‘kib o‘tirganini ko‘rdi. Avvallari ham yigitning ko‘zlari yoshdan qizarib yurgani sababini endi tushundi. Namozini tugatib bo‘lgach, Ibrohimning dini haqida uzoq paytdan beri yuragida saqlab kelgan savollarini ketma-ket yog‘dira boshladi... Islom dini, uning mohiyati va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlari haqida tinglarkan, Klaus hayajonlanar, qalbida nimalardir o‘zgarar, vujudi esa betinim jimirlardi.

Shundan keyin Klaus har kuni ishdan qaytgach, Ibrohim bilan suhbatlashishga oshiqadigan, savollariga javob olgach, uzoq o‘yga cho‘madigan bo‘ldi. Bir kuni shu tarzdagi suhbatdan so‘ng Ibrohimga: “Men ham musulmon bo‘lishni istayman!” – dedi. Yigitning ko‘zlari quvonchdan porlab ketdi, Allohga beadad hamd aytdi...

Shunday qilib, Klauslar xonadonidagi joynamozlar soni 7 ta bo‘ldi – uning xotini va to‘rtta farzandi ham musulmonlikni qabul qilishdi. Klaus Ibrohim bilan birga juma namozlariga qatnar, farz namozlari vaqtida butun borliqni unutar, yagona Allohga muhabbati tufayli ko‘zlari yoshlanar edi...

Bir kuni u Ibrohimga shunday dedi: “Seni shunchalar yaxshi ko‘ramanki, haq yo‘lga erishishimga sababchi bo‘lganing uchun bag‘rimga bosgim keladi. Ba’zan sendan shunchalar jahlim chiqadiki, yoqangdan olsam deyman...” Hayron bo‘lib qolgan yigitga qarab so‘zida davom etdi: “Biznikiga kelishingdan uch oygina avval otam olamdan o‘tgandi. U juda e’tiqodli inson edi. Haq yo‘lga tashna edi... Tirik bo‘lganida albatta musulmon bo‘lardi. Hozir anglasam, u butun umr aynan Islomni izlagan ekan. Hech bo‘lmasa, musulmon bo‘lib ko‘z yumarmidi... Shu haqda o‘ylaganimda, nega vaqtliroq kelmagansan, deb jahlim chiqadi...”

Bugun Klausni Umar deb chaqirishadi. Xotini esa, endi – Oisha. Umar va Oisha bizni uylariga taklif qilishdi, farzandlari Usmon, Bilol, Ali va Maryam Qur’ondan tilovat qilib berishdi. Musulmon Klaus – Umar va uning oilasi haqidagi taassurotlarni o‘zaro o‘rtoqlashib uyga qaytarkanmiz, qalbimiz cheksiz surur bilan to‘la edi.
Habiba HAMDAM,
Olmoniyadan maxsus “Irfon” uchun.

Manba: azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Musulmon ibrati yoxud nemis oilasini Islomga boshlagan yigit qissasi