14:44 / 09.06.2018
2 305

O‘zbekiston Prezidenti Xitoy rahbari bilan uchrashuv o‘tkazdi

O‘zbekiston Prezidenti Xitoy rahbari bilan uchrashuv o‘tkazdi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev Sindao shahrida o‘tayotgan ShHT sammiti doirasida Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin bilan uchrashdi.

Si Szinpin Shavkat Mirziyoyevni Xitoyga tashrifi bilan qutlab, O‘zbekiston bilan keng ko‘lamli strategik sheriklik va ko‘p formatli hamkorlikka katta ahamiyat qaratishini ta’kidladi.

Prezidentimiz Shanxay hamkorlik tashkilotiga muvaffaqiyatli raislik va Sindao sammiti yuqori darajada tashkillashtirilgani bilan Xitoy rahbarini tabrikladi.

O‘zbekiston bilan Xitoy munosabatlari har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan. O‘zaro manfaatli hamkorlik barcha muhim sohalarni qamrab olgan va izchil rivojlanib bormoqda. 2017 yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 5 milliard dollarni tashkil etgan.

Mamlakatimizda Xitoy kapitali ishtirokida 700 dan ziyod korxona, qator kompaniyalar vakolatxonalari ochilgan. O‘zaro hamkorlikda sanoat, yuqori texnologiyalar, neft-gaz, kimyo, transport va logistika, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda.

Uchrashuvda O‘zbekiston – Xitoy hamkorligining bugungi holati atroflicha tahlil qilindi. Iqtisodiyot, savdo, investitsiya, transport kommunikatsiyalari, yuqori texnologiyalar va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama etildi. Buning uchun ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish muhimligi alohida qayd etildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Shuningdek, Birlashgan Millatlar tashkiloti, ShHT va boshqa tashkilotlar doirasidagi hamkorlik, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi yo‘lida keng ko‘lamli strategik sheriklik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanligi qayd etildi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)