11:57 / 12.06.2018
7 619

Kartoshka endi havoda yetishtirilmoqda

Kartoshka endi havoda yetishtirilmoqda
Keyingi paytlarda gidroponika usulida o‘simliklar yetishtirish haqida ko‘p gapirilmoqda. Buning nima ekani tushunarli, albatta. Ya’ni, qishloq xo‘jaligi ekinlari tuproqsiz, maxsus jihozlangan sharoitda, kokos po‘stlog‘ida, suvda eritilgan oziq moddalar yordamida yetishtiriladi. Ammo yana bir yangi usul sekin-asta dehqonlarimiz hayotiga kirib kelayotganidan xabaringiz bormi? Bu — aeroponika. Xo‘sh, bu qanday usul?

Aeroponika — bu tuproqsiz yoki biror asos (substrat)siz mahsulot yetishtirish jarayoni. Bunda o‘simlik ildizlari tuproqda emas, balki havoda osilib turadi. Ularga oziq moddalar aerozol sifatida purkaladi. Mazkur usul suv va elektr energiyasini tejash, shuningdek, o‘simlikning sog‘lomligini nazoratda ushlab turish imkonini ham beradi.

Aslida zamonaviy usulda kartoshka urug‘i olish mini tugunaklar yetishtirishdan boshlab, uzoq davom etuvchi va ancha mehnat talab qiladigan jarayon. Dastlab, steril laboratoriyalarda sog‘lom va genetik toza o‘simlik tanlanadi. Keyin u torf balchiq yoki boshqa qattiqroq asosga ekiladi. Aeroponika tizimi uning o‘rnini bemalol bosa oladi. Sababi, unga qattiqroq asos yoki biror ko‘rinishdagi balchiqning keragi yo‘q.

O‘simlik, masalan, kartoshka ildizlari qorong‘i kamerada havoda osilib turadi. Ularga esa, o‘sishi, rivojlanishi uchun oziq moddali aralashma ma’lum vaqt oralig‘ida avtomatik tarzda purkab turiladi. Vaqt o‘tishi bilan kartoshka ildizlarida tugunaklar hosil bo‘ladi. Ammo o‘simlikning poya qismi aeropon kamera tashqarisida, yorug‘likda bo‘ladi. Yoritish intensivligi ham avtomatik tarzda boshqariladi.

An’anaviy usulda urug‘lik yetishtirishda bir tup o‘simlik uch-to‘rt oy davomida 4-8 ta kichik tugunaklar berishi mumkin. Hosil bir martada terib olinadi. Yangicha usulda har bir tupidan 100 tagacha mini tugunak olsa bo‘ladi. Ammo bunda birdaniga barcha tugunaklar terib olinmaydi, balki kerakli kattalikdagilari terib olinadi maydalari qoldiriladi. Bu ildizga yana qo‘shimcha tugunaklar hosil qilishga imkon beradi.

Aeroponika usulida yetishtirilgan mayda tugunaklar dalada o‘zini an’anaviy usulda yetishtirilgani kabi natija ko‘rsatadi. Hatto, tugunakdagi tomir otuvchi ko‘zchalar ham ko‘proq bo‘ladi.

Yurtimizda ilk bor ana shunday aeroponika usulida kartoshka urug‘i olishga qo‘l urildi. Namangan viloyatining Chust tumanidagi «Baraka meva sanoat servis» MChJda zamonaviy aeroponika usulida boshlang‘ich urug‘lik kartoshka yetishtirilmoqda.

— Bunday usulda kartoshka urug‘i olishning nafaqat yurtimizda, balki Markaziy Osiyoda ham muqobili yo‘q, ilk bor amalga oshirilmoqda, — deydi Namangan davlat universitetining biotexnologiya, seleksiya va urug‘chilik bo‘yicha tadqiqotchisi Sherzod TOShPO‘LATOV. — Bu usulni qo‘llab ko‘rish g‘oyasi mendan chiqdi. «Baraka meva sanoat servis» MChJ rahbari Sodiq Hasanov Rossiyaning Moskva oblastiga borib, bu ishni o‘rganib keldi. Keyin aeroponika usuliga moslab, mahalliy ashyolardan maxsus issiqxona yasadik.

— Urug‘lik tugunaklarni qayerdan oldingiz?


— Urug‘lik uchun O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Bioorganik kimyo institutidan «in-vitro» usulida yetishtirilgan tugunaklardan oldik. Ularni kokos po‘stlog‘ida yetishtirib, keyin ko‘chat holida aeropon uskunaga ekdik. Ammo o‘simlikni oziqlantirish masalasi oson bo‘lgani yo‘q. Hech bir xorijiy firma ozuqa aralashmasi tarkibini oshkor qilgisi kelmadi. Boshida aralashmaga qancha kimyoviy unsur qo‘shishni bilmasdik. Xullas, 24-25 marta tajriba o‘tkazgandan so‘ng bizning sharoitga mos ozuqali aralashmani topishga muvaffaq bo‘ldik. Ko‘chatlar ildizida 15 kundan so‘ng tugunaklar paydo bo‘ldi. 40 kundan so‘ng har bir ildizdan o‘rtacha 10 tadan birinchi mini urug‘lik tugunaklarini terib oldik. Ularning eng kattasi tovuq tuxumiday, maydaroqlari danak va yong‘oqday keladi. Xullas, joriy yilning avgust oyida bug‘doydan bo‘shagan 2 gektar yerga ko‘chat qilib ekib ko‘rmoqchimiz.

— Oddiy tuproqqa ekilgani-chi?

— Agar urug‘lik tugunak tuproqqa ekilsa, 18-20 ming dona urug‘lik tugunak olish mumkin. Aeroponika usulida biz 120 ming dona mahalliy «Sarnav» navli urug‘lik tugunagi oldik. Bu tuproqdagidan 6 baravarga ko‘p, degani. Uni 60 ming donadan 2 gektar yerga ekamiz. Tuproqdan olingan urug‘lik tugunagi esa 35-40 sotix yerga ekilgan bo‘lardi.

— Iqtisodiy samarasi qanday?

— 1 gektar yerga 60 ming dona tugunak ekiladi. 1 kilogramm standart super elita avlodli urug‘likda 20 dona tugunak bo‘ladi. Bittasining massasi o‘rtacha 50 gramm desak, bu 375 so‘mga to‘g‘ri keladi. Aeroponika mini tugunaklari donasi 250 so‘mga tushadi. Bu chetdan kirib kelayotgan urug‘likdan 33 foiz arzonroq va bir avlod yuqori, degani.

— Aeroponika usulida yetishtirilgan urug‘likning kasalliklarga chidamliligi qanday?

— Juda yaxshi. Urug‘lik terilayotganda kartoshka ildizlariga quyosh nuri tushadigan qilib, bir-ikki kunga ochib qo‘yilsa, kasalliklarga chidamliligi yanada ortadi. Sababi, ildiz quyosh nuridan o‘ziga kerakli moddalarni yig‘ib oladi. Bu esa, o‘simliklarning kasallikka chidamliligini oshiradi. Xullas, 2 gektar maydondan 40 tonna sifatli, kartoshkaning turli kasalliklardan xoli super elita avlodini olish mumkin. Uni kelasi yili 10 gektar maydonga eksa bo‘ladi. Aslida shu paytga qadar ana shu 10 gektardan chiqadigan urug‘lik hosili xorijdan keltirilardi.

— Daromad-chi?

— Hozircha daromad olish haqida o‘ylaganimiz yo‘q. Aeroponika usulida kartoshka urug‘ini yetishtirishni o‘rgana boshlaganimga ikki yil, amalda qo‘llay boshlaganimizga endigina uch oy vaqt bo‘ldi. 2021 yilda Namangan viloyatini sifatli urug‘ bilan to‘liq ta’minlashni niyat qilganmiz.

Manba: "Oila davrasida"

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Kartoshka endi havoda yetishtirilmoqda