13:55 / 14.06.2018
4 399

150 ming so‘m oylikka yashaydiganlar borligi milliy fojiadan boshqa nima?

150 ming so‘m oylikka yashaydiganlar borligi milliy fojiadan boshqa nima?
Yaqinda Kun.uz saytida “O‘zbekistonda oyiga 400 ming so‘mga qanday qilib yashash mumkin?” nomli maqola e’lon qilindi. Unda muallif har qanday ish beruvchi oyiga 426466 so‘mdan kam to‘lamaslikka majburligi, bu qoidaning natijasida xususiy sektordagi ish beruvchilar atayin oylik ish haqlarini 500-600 ming so‘m qilib belgilayotganini qayd etar ekan, «axir oyiga 500 ming so‘mga kun ko‘rib bo‘lmaydi» deya ta’kidlaydi. Muallif fikrida davom etar ekan, «oyiga 500-600 ming maosh» muammosi davlat va jamiyatning muammosiga aylanmog‘i kerak» deb xitob qiladi.

Maqolani o‘qir ekanman, yurtimizda 500 ming so‘m oylik oladiganlardan ham nochorroq qatlam borligi, ular “nol yigirma beshlar qatlami” deb atalishi yodimga tushib ketdi. Gap 0,25 stavkada ishlayotgan xodimlar haqida ketayotganligini sezgan bo‘lsangiz kerak.

O‘tgan yili Facebook ijtimoiy tarmog‘ida eng kam oylik ish haqi 172 ming so‘m emas, 426 ming so‘mligi haqida yozgan paytim, ayrimlar e’tiroz bildirib, 150 ming so‘m oylik oladiganlar ham borku, aldamang deyishgandi. Keyin bilsam ular ham “nol yigirma beshlar qatlami”ni nazarda tutishgan ekan.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining rasmiy vakansiyalar bazasiga kirib, bo‘sh ish o‘rinlarini qidirdim va 0,25 stavkalar bilan tanishib chiqdim.

Vakansiyalar ro‘yxati



Tibbiyot sohasida



Ta’lim sohasida



Texnik xodimlar

E’tibor bersangiz, ish o‘rinlari milliy bazasida 0,25 stavkalar bo‘yicha e’lonlar yetarlicha topiladi. Oylik ish haqlari esa 100 ming so‘mdan 250 ming so‘mgacha (okladiga bog‘liq).

“500 ming so‘mga yashab bo‘ladimi, bu davlatning muammosiga aylanishi kerak” deb turilgan joyda rasman 100-150 ming so‘m oylikka yashaydiganlar borligi milliy fojiadan boshqa nima? To‘g‘ri, mutlaqo ishsizlar oldida 100 ming so‘m oladiganlarning holati yaxshiroqdir. Lekin rasmiy mehnat bunchalar arzonga baholanmasligi kerak, chamamda.

“Nol yigirma beshlar” asosan sog‘liqni saqlash va ta’lim sohasida. Buning kelib chiqishiga bir qancha sabablar bor. Avvalo ish hajmi katta, lekin shtat kam. Ish beruvchi noiloj ko‘proq odamni ishga olgisi keladi. Natijada xodimlar 0,25 bo‘lsa ham, 0,5 bo‘lsa ham, ertadan kechgacha to‘liq stavkadagi xodimning ishini qiladi, ba’zan.

Shuningdek, har yili mehnat boshqarmalari kvotalangan ish o‘rinlarini yaratish majburiyatini qo‘yishadi (juda ham eski va oqsoq tizim shu). Byudjet tashkiloti agar o‘zida vakant joyi bo‘lmasa yangi ish o‘rnini qayerdan ham ochardi, degan savolni o‘ylab ko‘rishmaydi. Keyin ish beruvchi noiloj stavkani bo‘lishga majbur bo‘ladi. Vakansiyalar bazasida bitta tashkilotning o‘zida 7-8 ta 0,25 stavka uchun bo‘sh ish o‘rni e’lon qilinganini ko‘rish mumkin. Xo‘sh, shu 8ta 0,25ning o‘rniga 2 kishini butun stavkaga ishga olishga nima xalaqit beradi?

O‘z o‘rnida vaziyatdan kelib chiqib taklif berar edimki, stavkalarni sun’iy bo‘lishning qonun doirasida oldini olish kerak. Masalan, 0,25 stavkaga ishga olish uchun boshqa joyda ishlayotgani haqida ma’lumotnoma so‘rash kerak. Lekin buning uchun avvalo munosib ish o‘rinlari ko‘payishi kerak, yo‘qsa stavkalar yaxlitlansa, ishsizlar soni battar ko‘payadi.

Shuningdek, 0,25 stavkada ishlayotganlarni ham ishsizlar statistikasiga qo‘shish kerak. Ya’ni bu mehnat bozorini real talablar asosida shakllantirishga va imkoni bo‘lishi bilan “0,25”larni to‘liq stavkaga ishga o‘tkazishga yordam beradi.
Xushnudbek Xudayberdiyev,
huquqshunos


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » 150 ming so‘m oylikka yashaydiganlar borligi milliy fojiadan boshqa nima?