23:34 / 14.06.2018
6 027

Zikrmi bu yoki jazava? Shayx izoh berdi (video)

Zikrmi bu yoki jazava? Shayx izoh berdi (video)
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh odamlarning doira bo‘lib o‘tirib olib zikr aytishi videosi tarqaldi. Mazkur tasvirda to‘plangan kishilarning zikr aytayotib tushunarsiz harakatlar qilayotgani ko‘pchilikda savol uyg‘otdi. Xo‘sh, bu o‘zi nima? Agar bu zikr bo‘lsa, Allohni yod etish shu qadar shovqin-suron, to‘palon bilan amalga oshiriladimi? Paydo bo‘lgan savollarga Shayx Sayfulloh Nosir haqizahulloh quyidagicha javob berdi.

Ba’zilar hozir internetda tarqalgan jazba (jazava)ga tushayotganlar videotasvirini jo‘natib, unga munosabat bildirishimni so‘rashdi.
Menga yetib kelishicha, bu ishni qilayotganlar shayx Abdulqodir Jeloniy rahimahullohga o‘zlarini mansub deb bilar ekanlar.

Ma’lumki, u zot zamonasining Ollohni tanigan eng orif zotlaridan bo‘lib, kitobu sunnatga da’vat etishda, sunnatni mahkam tutishda mashhur edilar.

Sulukda, nafsni tarbiya qilishda, qalbdan turli ich illatlarini haydashda payg‘ambar alayhissalom va sahobalari, payg‘ambar yo‘liga ergashgan ulug‘ tobeinlar va tabaa tobeinlardan siyratlari va suluklaridan xulosa o‘laroq nafs mujohadasi, uni shariatga bo‘ysundirish yo‘lida ko‘plar jiddu jahd ko‘rsatdilar. Bu borada ayrimlar qattiq riyozat qilganidan Olloh zikri, qiyomat yodi o‘tganda ortiq ta’sirlanadigan, hatto qo‘rquv qattiqligidan o‘zdan ketadigan, behush bo‘ladigan bo‘ldi. Ba’zilar esa, gunohlarini eslab qattiq iztirobga tushganidan bir nav’i jazba (jazava)ga beixtiyor tushadigan bo‘ldilar. Suluk haqida so‘zlovchi ulamolardan biri aytganidek, bu narsa ularda azbaroi Ollohdan xavf ziyodaligi yoki Olloh tayyorlab qo‘ygan rizvonu jannatga shavq ortiq darajada yuqori bo‘lganidan ixtiyordan tashqari hosil bo‘lar edi. Ular bunday harakatni qasd etib, ibodat niyatida qilgan emas edilar aslida.

Zamonlar o‘tishi bilan, payg‘ambar sunnatiga ergashish susayib, shariat ilmi nuri kamaya boshlagach, bu harakatlarni ibodat qolipiga kirituvchilar chiqdi, buni zikrlardan bir turi atab, unga shariatdan dalillar axtara boshladilar. Natijada, sunnat nuri pasaygan yerlarda ana shunday bir «zikr» paydo bo‘ldi…
Nazarimda, farazan agar shayx Abdulqodir Jeloniyning o‘zlari kelib qolsa va mansublari qilayotgan ishni ko‘rsa, birinchi bo‘lib o‘zlari inkor qilgan bo‘lar edi.

Kezi kelgan ekan, bu kabi ishlarga mazhabimiz fuqarolari ham qattiq turganini aytib o‘tmoqchiman.

Misol tariqasida ba’zi naqllarni keltirib o‘taman:

Fatovoi Bazzoziyya (4/349) sohibi bu kabi raqslar to‘rt mazhabda harom ekani haqida aytib o‘tganidan so‘ng quyidagi so‘zlar keltiradi:
«Toifa sayyidi shayx Ahmad Yassaviy ham buning haromligini aytgan, jalolul milla vaddin shayxulislom Kirmoniyning ham … fatvolarini ko‘rdim. Shayx Zamaxshariy ham Kashshofda shu kabi gapni aytgan, «Nihoya» sohibining, imom Mahbubiyning bundan ham qattiq gaplari bor».

Imom Ayniy «Kanzud daqoiq» sharhida raqsning qat’iyan haromligini aytar ekan, «Mutasavvifalar buni (raqsni) vajd va shirin samo’ deyishadi, aslida esa turli fisq va oxiratda turli azobi bor bo‘lgan samo’dir» deydi.

Shayx Tahtoviy «Maroqil faloh»ga qilgan hoshiyasida (2/311) quyidagilarni yozadi:
«Tasavvufni da’vo qiluvchi ayrim kishilarning raqs, chapak, hayqiriq, turli tor va daflarni urishiga kelsak, bu narsa ulamolar ijmoi bilan haromdir. Chunki bu kofirlar odatidir».

Shularni yozib o‘tirar ekanman, eshon so‘fi Ollohyor rahimahullohning shu baytlari yodimga kelib qoldi:

Bu ummatlar ajab zisht etdi holin,
Yopar bid’at bilan sunnat jamolin.

Bahoyimdek ishi ichmak, yemakdur,
Quruq til birla «ummatmiz» demakdur.

Iloho, lutf qil munda va anda,
Yig‘ilg‘onda yomonu yaxshi banda.

Iloho, lutf qil hasratli soat,
Habibingdin nasib etkil shafoat.

Ayirma yaxshilarni orasidin,
Yiroq etma habibing qorasidin.

Olloh taolo barchamizni payg‘ambar alayhissalom sunnatlarida sobitqadam qilsin, turli balo-ofatlardan, bid’atlardan uzoqda qilsin.
Shayx Sayfulloh Nosir haqizahulloh

Нима қилишяпти?

Шунга ўхшаш ҳолатларни кузатганмиз. Бу воқеалар биздан узоқда, бизга ёт деб юрар эканмиз. Аммо адашган эканмиз, бизда ҳам бор экан. Савол нима қилишяпти? Янада кўпроқ фото ва видеолар телеграм каналимизда:???? https://t.me/joinchat/AAAAAD_oW0HVYdoVaRdecQ

Опубликовано suxan.uz 10 июня 2018 г.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Zikrmi bu yoki jazava? Shayx izoh berdi (video)