21:30 / 20.06.2018
4 482

O‘qish va ishga kirishda sudlanganlik bilan bog‘liq tartibga o‘zgartirish kiritildi

O‘qish va ishga kirishda sudlanganlik bilan bog‘liq tartibga o‘zgartirish kiritildi
Sudlanganlik holati tugallangan yoki sudlanganligi olib tashlangan shaxslar o‘qishga, ishga kirishida yoki boshqa hollarda sudlanganligi haqidagi ma’lumotlarni yozib qo‘yish amaliyotiga barham beriladi. Bu Prezidentning 19 iyundagi qarori bilan belgilandi, deb xabar beradi Huquqiy-axborot kanali.

Shuningdek, hujjatga muvofiq, 2018 yil 1 iyuldan Toshkent shahrida jamoat tartibini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimiga quyidagilarni nazarda tutadigan “Xavfsiz poytaxt” konsepsiyasi eksperiment tariqasida joriy etiladi: Unga ko‘ra,

- Soat 16:00 dan 8:00 ga qadar vaqt oralig‘ida ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya saf bo‘linmalari jamoat tartibini ta’minlash kuchlarining kamida 70 foizini, shuningdek, jamoatchilik vakillarini jalb qilish orqali kunu tun uch smenali patrul rejimi tashkil etiladi;

- Ichki ishlar va prokuratura organlarining profilaktika, tezkor va tergov bo‘linmalari, ma’muriy sudlar, advokatura, shuningdek, sud-tibbiy ekspertiza xizmatlari xodimlari sutkaning kechki va tungi vaqtida xizmat faoliyatini to‘liq amalga oshiradi, keyinchalik sutkaning kunduzgi vaqtida o‘n olti soat davomida ular bevosita xizmat vazifalarini bajarishdan ozod qilinadi;

- Huquqbuzarliklarning o‘z vaqtida oldini olish va ularga chek qo‘yish maqsadida ichki ishlar organlari bo‘linmalari, birinchi navbatda, jamoat tartibini ta’minlash kuchlarining patrul guruhlari hodisa sodir bo‘lgan yoki signal berilgan joyga maksimal tezkorlik bilan yetib borishi ta’minlanadi.

Toshkent shahrining har bir mahallasida “Fidokor yoshlar” jamoatchilik patrul guruhlari tuziladi.

2018 yil 1 avgustdan Toshkent shahrida jamoat tartibini ta’minlash kuchlari tarkibida xizmat olib borayotgan xodimlar va harbiy xizmatchilarga har oylik ish yakuni bo‘yicha patrullik hududida og‘ir va o‘ta o‘g‘ir jinoyatlarga bevosita chek qo‘yganligi, ularni aniqlaganligi yoki fosh etganligi, shuningdek, tergov va suddan yashiringan shaxslarni ushlaganligi uchun lavozim maoshining 50 foizigacha bo‘lgan miqdorda bir martalik pul mukofoti beriladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)