13:58 / 21.06.2018
6 759

Xotinboz… (Voqea real hayotdan olingan)

Xotinboz… (Voqea real hayotdan olingan)
Uchinchi bor besh yil turmada o‘tirib qirq yoshida yana ozodlikka chiqqan Abbos “battol”ning uyi shomga yaqin qo‘ni-qo‘shni, yoru birodarlar bilan liq to‘ldi. Bir tarafda Saminqishloq bakovuli yangi so‘yilgan qo‘y go‘shtini qozonga tashlab, qaynatma sho‘rva pishirish bilan band, narigi tomonda esa kabobchi deb nom chiqargan Ahmadali mo‘ylov yelpig‘ichini ishga solib butun hovlini tutunga to‘ldirgan. Xotin-xalaj ham shunday kunlarda ko‘rishib qolishadimi, bir-birlariga gap bermay, nuqul Abbos battolni maqtashgani maqtashgan.

— Vey, uchinchi marta rostdan omadim keldi! — shishadagi aroqni ulfatlarga quyib uzatarkan, Abbos battol og‘zidan tupuk sachratib maqtanardi. — Shu safar turmadagi manaman deganlarini qo‘lga oldim!

— Qanday qilib? — battolning og‘ziga tikilib so‘rashardi ulfatlar. — Shunday qilsayam bo‘larkanmi?

— Bo‘lmasa-chi?.. Paxanigacha qo‘limga suv quyib kun ko‘rdi.

— Opqoch-e!.. — sal naridan turib suhbatni tinglayotgan Ahmadali mo‘ylov qo‘l siltadi. — Ular g‘irt kallakesar bo‘lishadi-ku! Qanaqasiga sening qo‘lingga suv quysin?

— Quyadi-da! — dedi Abbos battol. — To‘g‘ri, endigina turmaga kelganimda qo‘rqitib olmoqchi bo‘ldi. Lekin menam bo‘sh kelmadim. Shartta tomog‘iga pichoq tiradim.

— Turmadayam pichoq olib yursa bo‘larkanmi, aka? — qiziqsinib so‘radi samovarda choy qaynatayotgan Samin chatoq degan bukriroq yigit. — Soqchilar olib qo‘yishmaydimi?

— E, chatoq, yashashni bilish kerak, uqdingmi?!. — battar avjga mindi Abbos. — Soqchilaring kim bo‘pti? O‘shalar kerak bo‘lsa, menga oq non, palovxonto‘ra tashib kun kechirishardi.

— Qoyil! — baravariga oh tortib yuborishdi ulfatlar. — Bunaqasini eshitmagandik! Boplabsan, battol, boplabsan!..

Shu mahal Abbosning ko‘zi qora futbol maykasi, jinsi shim kiygan, sochi qirib tashlangan, xomsemiz erkakka tushib gapirishdan to‘xtadi va o‘rnidan turib ketdi.

— Shu nusxa yetmay turgandi o‘zi! — o‘zicha g‘udranib nari ketdi u. — Pishirib qo‘yganmikan menikida? O‘zining uyidayam odam to‘la bo‘lsa kerak. Nima qilarkan bu yerda?..

Ha, bu sinfdoshi Haydarali “oshqovoq” edi. Turmada birga o‘tirishgan. Bir kunda ozodlikka chiqishgan. Faqat Haydarali qotillik tufayli o‘n besh yil deganda ozodlik yuzini ko‘rdi.

U hammalari bilan quchoq ochib ko‘rishdi-da, Abbosga qarab masxaraomuz tirjaydi.

— Ha, og‘zingni to‘ldirib maqtanyapsanmi? — kuldi Haydarali kabobchiga ko‘z qisib. — O‘zi maktabdayam maqtanaverib hammamizni xunob qilarding. Hech bo‘lmasa, turmadan kelib shu ishingni qilmagin. Hech kim bilmasayam, men bilaman-ku turmada nima qandlar yeganingni!

— Vey, nimaga kelding o‘zi? — Abbos xezlanib sinfdoshiga yaqin bordi. — Kim chaqirdi seni bu yerga?

— O‘zingni bosvol, xunasa! — Haydarali azbaroyi jahli chiqsa-da, o‘zini zo‘rg‘a tutib Abbosni nari itardi. — Bo‘lmasa, bor haqiqatni aytib sharmandangni chiqaraman!

— E, qo‘lingdan nima keladi o‘zi? Yur, tashqariga chiqaylik! Sharmanda qilishni ko‘rsatib qo‘yaman senga!

— Hoy, hoy, o‘zingni bos, Abbos, o‘zingni bos!..

Ulfatlar mushtlashishgacha yetayozgan Abbosni ayirib nari olib ketishgach, Haydarali qolganlarga shipshitdi.

— Aytinglar, birovning nomusiga tegib qamalgan ablahni nima qilishadi turmada? Bilasizlarmi?

— O‘chir ovozingni, iflos! — baqirdi Abbos xirillab. — Hali qarab tur, ko‘rsatib qo‘yaman senga!..

Ulfatlar bu gapdan so‘ng na kulishni, na jim turishni bilishdi. Ikki-uch guruhga bo‘linib olgancha o‘zaro shivir-shivir qilishga tushib ketishdi.

***

Haydaralining gaplari Abbosni naq quturtirib yuborgandek edi. Keldi-ketdining keti uzilgach, kayfi taranglashgan Abbos xufton mahali alamga to‘lib-toshib, ko‘chaga otlandi.

Uzoq vaqt ariq bo‘ylarini kezib yurdi.

O‘zicha nimalarnidir xomcho‘t qilgan bo‘ldi.

Kimlarnidir ovoz chiqarib qarg‘adi.

So‘ngra birdan jonlanib chehrasi yorishdi.

“Meni ayolga yo‘ydimi? — xayolidan kechirdi u. — Turmadagi ishlarni yuzimga soldimi? Yaxshi… Xo‘p… Ha, men shunaqaman. Lekin uniyam adabini beraman. Shunday sharmanda qilamanki, tug‘ilganiga pushaymon bo‘ladi. Xotini Hanifaga chang solaman. O‘ziyam meni ko‘rsa qizarib-bo‘zarardi. Ko‘ngli bor, ha! Ayol kishining ko‘nglini ko‘zidan bilsa bo‘ladi. Lekin… Qanday qilib? Bu padar la’nati Haydar ham endigina qamoqdan qaytgan bo‘lsa. Uyini qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni bosgan… Vey, shu kallakesarga o‘xshagan qarindoshim bo‘lsa-chi, Amerikadan kelsayam qadam bosmasdim uyiga. Odamlarga hayronsan. E, qo‘rqishadi-da! Kallakesarligidan qo‘rqishadi. Mayli, o‘lib ketishmaydimi!?. Endi mundoq qilaman. Ertaga seke-yen hovlisi tarafga o‘taman. Agar Haydar ko‘rinmasa, xotini Hanifani tappa bosaman. O‘zim ham… Yovvoyilashib yurgandim. Janjal qilgani bir jihatdan yaxshiyam bo‘ldi. Shu bahonada nafsimni qondirib olaman. To‘xta! Qamatib yuboradi-ku!.. Iye, nima bo‘pti qamatsa? Borib yurgan joyim bo‘lsa…”

Abbos battol bir qarorga kelgandek, qittay-qittayni davom ettirish niyatida uyi tomon yo‘rg‘aladi.

***

Tong otdi. Abbos o‘rnidan zo‘rg‘a qo‘zg‘alib, boshini changallagancha hovliga chiqdi.

Yetmishga yaqinlashib qolgan onasi Orzi xola munkaygan ko‘yi u yer bu yerda qolib ketgan kosa-tovoqlarni yig‘ishtirish bilan ovora edi.

“Yaramas xotin ketib enamga qiyin bo‘ldi, — o‘yladi u qo‘llarini musht qilib. — Olib kelsammikan? Yo‘q, olib kelmayman. Uniyam tushunsa bo‘ladi. Eri qamoqdan beri kelmasa, qaysi xotin chidab o‘tirardi?!. O‘lib ketsin! Menga desa, boshqaning etagini tutmaydimi…”

Shu tobda Abbosning yodiga tundagi rejalari tushib yugurib bordi-da, chovgumdagi sovuq suvda yuz-qo‘lini chaydi.

— Ha-a, bugun Haydarning uyi kuyadigan kun. — dedi Orzi xolaga eshittirmay. — Enam ham bilmay qo‘ya qolsin. Eshitsa, xafa bo‘ladi. Mening ishlarimni, alamlarimni qaydanam tushunardi. Hozir choyxonaga chiqaman-da, “bosh og‘riq” qilvolaman. Bahonada yurak sal baquvvatlashadi. Ana undan keyin bemalol “Hanifa qaydasan?” deb yo‘lga tushsam bo‘laveradi.

Haydarali “oshqovoq”ning hovlisida erkak tovushi eshitilmas, xotini Hanifagina tovuqlarini “kish-kish”lash bilan ovora edi.

— Zap vaqtida kelibman-da o‘ziyam! — Abbos uyoq-buyoqqa o‘g‘rincha qarab olib, ko‘chada hech kim yo‘qligiga amin bo‘lgach, sekin taxta darvozani itardi. — Xayriyat, ochiq ekan!.. Qara, haliyam qomatini yo‘qotmabdi-ya! Ketayotganimdayam shunday lo‘mbillagan edi. Ozmabdi. Aksincha to‘lishibdi. Eh, shunday xotinim bo‘lsa, yonidan jilmasdim!..

— Haydar, hov Haydar! — bo‘sag‘adan turib baqirdi Abbos. — Kim bor?

— Huv-v!.. — Hanifa keskin ortga o‘girilib, darvozaxonadagi Abbosga ko‘zi tushdi-yu, shosha-pisha ro‘molining uchi bilan yuzini berkitgan bo‘ldi.

— Voy, keling, mullaka! Eson-omon qutulib chiqdingizmi?

— Rahma-at! Rahma-at!.. — Abbos miyig‘ida kulimsirab Hanifaga yaqin keldi. — Haydar yo‘qmi deyman?

— Xo‘jayin… Ulfatlari choyxonaga chaqirishgandi… Shunga…

— Bolalar-chi, bolalar?

— Ular dalaga o‘t tergani ketishgan…

Abbos ehtiyot shart devor osha qo‘shnilarnikini kuzatgan bo‘ldi.

— Hanifaxon, iloji bo‘lsa, ichkariga kirsak! — dedi u muloyimlik bilan.

— Voy… Uzr, mullaka, uzr! Hovlida turishimizni qarang… Qani, ichkariga! Hozir choy qo‘yaman!

— Choy kerakmas. — Abbos Hanifaning ortidan ichkari uyga kirdi deguncha tashqari eshikni tambalab qo‘ydi. Buni uy bekasi sezmadimi, e’tibor qilmay, yangi ko‘rpachalarni gilam ustiga to‘shash bilan ovora bo‘ldi.

— Qani, o‘tiring, mullaka! Xo‘jayinam kep qolar hali zamon!

Abbos o‘tirish o‘rniga Hanifaga yeb qo‘ygudek tikilib turdi-da, kutilmaganda ikki yelkasidan tutib o‘ziga tortdi.

— Jonim-m!.. To‘lishganingni qara, to‘lishganingni!..

— N-nima qilayapsiz-z?.. — ayol bunday qaltis harakatni kutmagan edi. Rangi dokadek oqarib, dir-dir titragancha siltana-siltana Abbosning kuchli qo‘llaridan xalos bo‘lish harakatiga tushdi. — Qo‘yvor, iflos, xotinboz, qo‘yvor!..

— Qo‘yvorib bo‘pman! — Hanifani bir zarb bilan o‘zi to‘shagan yangi ko‘rpacha ustiga yotqizdi. — Besh yil qamoqda o‘tirib faqat seni o‘ylaganman. Mana shu kunni besh yildan beri orzulaganman!..

— Q-qo‘yvor dedim, iflos, qo‘yvor-r-r!..

Hanifa bor kuchini ishga solib begona erkakning changalidan qutulishga urinar, ammo ilojini topa olmasdi.

Oxiri ikki qo‘lini yoniga tashlab ko‘zlarini yumib oldi.

Yuzlari, peshonasini muz ter bosdi.

Ayolning hushdan ketganini ko‘rgan Abbos yanada jonlanib kiyimlarini yechib tashladi…

— Nima-a-a?.. Ablah!.. Itdan tarqagan hezalak!..

Shu orada eshikni tepib ichkariga Haydarali bostirib kirdi.

O‘zini yo‘qotib qo‘ygan Abbos na turishni, na yotaverishni bilar, javdiragancha turmadoshiga tikilib qolgandi.

Haydarali kira solib uni yuzi aralash tepa ketdi…

Oradan yarim soatcha vaqt o‘tib a’zoyi badani qonga belangan Abbosni katta ko‘chaga itqitib tashladi.

XOTIMA O‘RNIDA:

Hanifaga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatildi. U o‘ziga kelgach, bor haqiqatni huquqni muhofaza qilish tashkiloti vakillariga aytib berdi.

Abbos jinoyati isbotlangach, uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Xotinboz… (Voqea real hayotdan olingan)