08:02 / 23.06.2018
5 733

Senatning navbatdagi yalpi majlisida qanday qonunlar ko‘rib chiqiladi?

Senatning navbatdagi yalpi majlisida qanday qonunlar ko‘rib chiqiladi?
22 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi N.Yo‘ldoshev olib bordi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabar berdi.

Kengash O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisini joriy yilning 28 iyun kuni Toshkent shahrida chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Senatning yalpi majlisi kun tartibida «O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida»gi (yangi tahrir), «Mediatsiya to‘g‘risida»gi, «Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi, «O‘simliklar karantini to‘g‘risida»gi (yangi tahrir), «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunlar muhokamasi o‘rin olgan.

Bundan tashqari, yalpi majlisda senatorlar xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasining bir qator qonunlarini ham ko‘rib chiqadilar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2017 yildagi faoliyati, O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlarining 2017 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlarni, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining faoliyati, ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish sohasidagi faoliyati haqidagi axborotni eshitadilar. Yalpi majlisda Andijon viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti ham eshitiladi.

Senat a’zolari safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi hamda yoshlarning chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarligi holati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga parlament so‘rovlari yuborish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qiladilar.

Shuningdek, yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqiladi.

Oliy Majlis Senati qo‘mitalari va devonining o‘n beshinchi yalpi majlisga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir ishlarini muvofiqlashtirish uchun Kengash tomonidan ishchi guruh tuzildi.

Senat Kengashi o‘z vakolatiga doir boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Senatning navbatdagi yalpi majlisida qanday qonunlar ko‘rib chiqiladi?