08:30 / 26.06.2018
4 871

Ular tarixda qolishadi. Bu cheksiz faxr...

Ular tarixda qolishadi. Bu cheksiz faxr...
Foto: Baxtiyor Mustanov / "Xalq so‘zi"
Joriy yilning 19 — 23 iyun kunlari Samarqand shahrida umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida fizika va astronomiya fanlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek nomidagi xalqaro olimpiada o‘tkazilishi haqida xabar bergan edik.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan birinchi marta tashkil etilgan mazkur nufuzli bilimlar bellashuvida O‘zbekiston, Rossiya, Belarus, Yaponiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmanistondan jami 45 nafar iste’dodli o‘quvchi fizika va astronomiya fanlari bo‘yicha o‘z bilimini sinovdan o‘tkazdi.

Xalqaro olimpiada astronomiya fani bo‘yicha qirg‘izistonlik Iriskeldi Anarbekov oltin medalni qo‘lga kiritdi. Qozog‘iston vakili Janibek Amankul kumush, hamyurtimiz Do‘stmamat Bozorqulov va yana bir qozog‘istonlik o‘quvchi Yerjan Kenes bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Fizika fanidan o‘zbekistonlik Umidjon Hafizov g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Temur Tinichbekov (Qirg‘iziston), Islam Amangeldi (Qozog‘iston) va o‘zbekistonlik Otabek Hasanov va Abdurahmon Nosirov kumush medal bilan taqdirlandi. Turkmanistonlik Meylis Xodjamurodov , qozog‘istonlik Telman Yerasil, Madina Namugambetova , qirg‘izistonlik Ernazar Sidiqov hamda hamyurtlarimiz Soliboy Roziqov, Bobur Xalimov bronza medaliga munosib ko‘rildi.

Yakunda o‘zbekistonlik o‘quvchilar jami oltita medalga sazovor bo‘lishdi.

Mazkur xalqaro olimpiada ilk marotaba tashkil etilgan bo‘lsa-da, buyuk ajdodlarimizning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini xalqaro miqyosda targ‘ib etish, iste’dodli yoshlarni izlab topish va ularni qo‘llab-quvvatlash, o‘quvchilar uchun xorijlik tengdoshlari bilan do‘stona raqobat muhitini yaratishga xizmat qildi.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tamiz, Mirzo Ulug‘bek nomidagi xalqaro olimpiada har ikki yilda an’anaviy tarzda Samarqandda o‘tkaziladi.

Manba: "Xalq so‘zi"

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ular tarixda qolishadi. Bu cheksiz faxr...