10:28 / 27.06.2018
8 293

Maktab vazifasini o‘tagan chinor

Maktab vazifasini o‘tagan chinor
Urgut tumani markazidagi «Chor chinor» ziyoratgohida bir yuz yigirmadan ziyod bahaybat chinor daraxti yashnab turibdi. Ular ming yildan oshiq umr ko‘rgan. Majmua darvozasidan ichkari kirishingiz bilan markaziy yo‘lakning ikki tomonida o‘sgan bahaybat chinorlarga ko‘zingiz tushadi.

Qadimdan o‘zbek xonadonlarida bu daraxtga bahodirlik va pahlavonlik ramzi sifatida qaralgan. Chinor yog‘ochi noyob qurilish materiali sifatida ham ishlatiladi. Ularni kuzata turib, shoirning: «Magar chinor bo‘lsang, chinorday yasha, Bevaqt uzilmasin biror yaprog‘ing», degan misralari ko‘ngildan kechadi.

Ziyoratgohdagi eng katta chinorning yoshi 1300 yildan oshgan. O‘sha chinor kavagiga o‘rnatilgan eshikdan ichkari kirdik. Kavak keng va kattagina ekan. Bu istalgan kishini lol qoldiradi. Ilgari bu yerda ko‘plab tolibi-ilmlar saboq olgan ekan. Rivoyatlarga ko‘ra, arab sarkardalaridan biri Xo‘ja Abu Tolib Urgutdagi buloq atrofiga to‘rt tup chinor daraxti ektiradi. U vafot etgach (866-867 yillar), shu chinorlar yaqiniga dafn etiladi. Xullas, bu joy «Xoja Chor chinor», degan boshqa nom bilan ham ataladi. «Chor chinor» majmuasi ichida 1914 yilda Shayx Muhiddinxon tomonidan barpo etilgan masjid ham bor.

Ziyoratgohda sokinlik, orastalik hukmron. Tog‘ bag‘ridan sizib chiqayotgan hovuz-buloq jimirlab, qaynayotganga o‘xshaydi. Bunga sabab hovuz-buloq o‘rtasidagi ko‘zlardan chiqayotgan suv. Buloq suvi muzday va shirin. Suvda baliqlar emin-erkin suzib yuribdi. Qora, qizil va boshqa tuslilari... Aytishlaricha, baliqlar buloq atrofidan hech qachon uzoq ketmas ekan...

Chindan ham ona tabiatimizning sir-sinoati, borib tomosha qiladigan oshyonlari ko‘p. Ular haqidagi bir-biridan qiziqarli afsona-yu rivoyatlar esa, undanda ko‘p...

Ziyoratgohdan bir olam taassurot bilan qaytdik.
Ulug‘bek JUMAYeV

Manba: Oila davrasida

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Maktab vazifasini o‘tagan chinor