11:27 / 27.06.2018
3 913

Qabul - 2018. Tayyorgarlik qay darajada?

Qabul - 2018. Tayyorgarlik qay darajada?
Uzoq tayyorgarlikdan so‘ng abituriyentlar nihoyat, olgan bilimini sinovdan o‘tkazadigan vaqt yaqinlashmoqda. 15 iyundan yurtimizning barcha oliy ta’lim muassasalarida boshlangan qabul jarayoni bugun hammaning diqqat markazida. Biz ham bu jarayon bilan yaqindan tanishish maqsadida ayrim oliy ta’lim muassasalarida bo‘ldik.

Toshkent davlat sharqshunoslik instituti. Bu yerda hali ichkariga kirmay turib ham, ta’lim yo‘nalishlari, qabul soni bo‘yicha ma’lumot olish mumkin. Darvoza yonida barcha ma’lumotlar katta harflarda yozilgan bannerlar ilingan. «Qabul» deb yozilgan tomonga odimladik.

Ichkarida zalga aylanasiga qilib stol-stullar qo‘yilgan. Har bir stol turgan joyning tepasida fakultet nomi aks etgan yozuvlar bor. Ilgari qaysi yo‘nalishga qabul qayerda ekanini topguncha ancha sarson bo‘lardik. «Bo‘larkan-ku, yozib qo‘ysa?!» deya xayolimdan o‘tkazdim. Institutning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektorini biroz kutishga to‘g‘ri keldi. Kutish bahona institut haqida ma’lumotlar bilan tanishdim. 4 ta g‘arb, 14 ta sharq tillari o‘qitilishi, ular orasida urdu, uyg‘ur singari tillarning ham borligini ko‘rib, bunday mutaxassis bo‘lishni orzu qiluvchilar ko‘pligini o‘zimcha taxmin ham qilib ko‘rdim.

Afsuski, hali birorta ham abituriyent qabulga kelgani yo‘q. Balki bunga bayram shukuhi hali davom etayotgani yoki qabul boshlanganiga ko‘p bo‘lmagani sababdir. Shunga qaramay, mavjud sharoit, o‘zgarishlar va abituriyentlarga yaratilayotgan qulayliklar bilan tanishdik.

— Yoshlar orasida kim bo‘lishini, qaysi yo‘ldan borishini oldindan rejalashtirib, o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yganlar bor va ular qayerga hujjat topshirishini biladi, — deya izoh berdi institutning O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Nodir ABDULLAYeV. — Biroq qaysi oliy o‘quv yurtiga topshirishini bilmay, ikkilanayotganlar ham anchagina. Ularning to‘g‘ri tanlov qilishida biz ham maslahat berishimiz lozim. Mana, kirishda maslahatchilarimiz o‘tiribdi. Kelgan yigit-qizlarni qiziqishiga qarab ma’lumot berish, yuridik jihatdan tushuntirish uchun har bir fakultet dekani, kafedra mudirlari va huquqshunoslar jalb qilingan. Qabul vaqti ertalab 9:00 da boshlanishiga qaramay, maslahatchilar 8:00 dan o‘z o‘rnida bo‘ladi.

Bu kichik zalda yettita ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha qabul bo‘lib, har biriga alohida joy ajratilgan. E’tiborimizni tortgani, ariza to‘ldirish uchun namunalarning yetarli emasligi bo‘ldi. Bu masalaga namunalar tayyorlab qo‘yilgani, qabulga keluvchilar ko‘payishi bilan ular ham tarqatiladi, degan javobni oldik. Qolaversa, bir vaqtning o‘zida 35 nafar abituriyentni qabul qilish imkoniyati mavjud ekan. Imtiyozga ega abituriyentlar uchun alohida texnik xodim biriktirilgan.

Kimlarga alohida sharoit?
Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti 12 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha abituriyentlardan hujjatlar qabul qiladi. Har bir yo‘nalish va unda nimalarni o‘rganish mumkinligi qabul hovlisiga qo‘yilgan maxsus bannerlarda yozib qo‘yilgan. Qizig‘i, ta’lim yo‘nalishlari soni joriy yilda 5 taga ko‘paygan.

Qabul komissiyasi mas’ul kotibi Kamoliddin Ziyayev bilan uchrashdik. «Institutimiz rekonstruksiya qilinayotganiga qaramay, qabul uchun sharoit tayyor», deya uzun yo‘lak bo‘ylab qabulxonaga boshladi. Maxsus ko‘rsatish belgilari orqali qabulxona qayerda ekanini topish qiyin emas. Ichkarida ota-onalar uchun kutish va ovqatlanish mumkin bo‘lgan oshxona ishlamoqda. Undan nariroqda yana bir xonadan o‘tdik. Ikki maslahatchi o‘z ishi bilan band. Chap tomonda esa maxsus zal. Kitob javonlariga taxlangan kitoblarni ko‘rib, bu yer kutubxonaning o‘quv zali bo‘lsa kerak, deb o‘yladik. Zal ichida aylanasiga stol-stullar qo‘yilgan. Har bir stolga fakultet nomi yozilgan va maxsus xodim ishlamoqda.

— Bizda nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda boshqa imtiyozga ega abituriyentlar uchun alohida joy qilingan, — dedi K.Ziyayev. — Pedagog-psixologimiz Vazira Hasanova ular bilan ishlaydi, qabulda qiyinchilik bo‘lmasligiga yordam beradi. Shundan so‘ng o‘ng tomondagi texnik xonada bazaga kiritish ishlari olib boriladi.

Chindan ham, nogironligi bo‘lgan shaxslarga yengilliklar yaratilgani quvonarli. Ayniqsa, ular uchun 17 ta davlat granti asosidagi kvota ajratilgani nogironlarning ham hamma qatori o‘qib, bilim olishi mumkinligidan dalolat.

Bir zalda 200 o‘rin
Toshkent davlat agrar universiteti keyingi manzilimiz bo‘ldi. Ikki maslahatchi boshqa institutlarda ham berilgan «Qayerga ketyapsiz?» savolini berdi. Javobimiz esa, ularni kerakli odamga biriktirish taraddudiga soldi. Oldiniga Inom akani, so‘ng To‘ychi akani qidirdik. Shu vaqt oralig‘ida atrofni kuzatib, kutish joyiga o‘rnatilgan uchta ekranga ko‘zim tushdi. Unda qabul bo‘layotgan zallardan tasvir aks ettirilgan. Bu yerda ota-onalar farzandlarini qanday hujjat topshirayotganini ko‘rishi mumkin ekan.

Nihoyat, sirtqi ta’lim bo‘limi boshlig‘i To‘ychi Xushvaqtov bilan uchrashdik va qabul jarayonida abituriyent o‘tadigan jarayon bilan tanishdik.

— Oltita ta’lim yo‘nalishiga qabul bo‘ladi, — dedi T.Xushvaqtov. — Chap tomonda maslahatchilar qaysi yo‘nalishga topshirishiga qarab, yigit-qizlarni birinchi yoki ikkinchi zalga yo‘naltirishadi. Shuningdek, axborot maslahat xonasida har bir fakultet haqida ma’lumot, tayyorlangan maxsus videorolik hamda tarqatma materiallar orqali ma’lumotga ega bo‘lishlari mumkin.

Ikki ta’lim yo‘nalishi hamda nogironligi bor, imtiyozga ega yoshlar va xorijdan kelgan talabgorlar uchun alohida maslahatchilar xizmatga shay. Binoga kirdik. Harbiy imtiyozga ega bo‘lganlar uchun 12 o‘rinli maxsus qabul xonasi, texnik xodim va har bir stolga arizaning ikki — rus va o‘zbek tillaridagi namunasi qo‘yilgan. Yonidagi xonada esa nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun xuddi shunday sharoit qilingan. Uchinchi xona xorijdan kelganlarga mo‘ljallangan bo‘lib, hujjat topshirishda qiyinchilik bo‘lmasligi uchun zarur choralar ko‘rilgan. Yo‘lak bo‘ylab o‘ng tomonga yuramiz. Katta zal va u yerda 200 nafar yosh bir vaqtning o‘zida ariza to‘ldirishi uchun joy hozirlangan. Ariza namunalari har bir stolga qo‘yilgan. Eshik yonida ikki xodim ariza qog‘ozini tarqatadi. Yuqori tarafda 8 ta kompyuterda texnik xodim ba’zaga kiritish bilan shug‘ullanadi. Ikkinchi qavatga ko‘tarildik. Bu yerda yana 50 dan ortiq o‘rin mavjud. Xullas, bu yerda qabul uchun ko‘rilgan tayyorgarlik risoladagidek.

O‘rganishlarimiz davomida 2018 yilgi qabul jarayonida ijtimoiy tarmoqlar orqali ham abituriyentlaru ularning ota-onalari kerakli ma’lumot va maslahat olish imkoniga egaligining guvohi bo‘ldik.

Nima bo‘lganda ham «Qabul — 2018» endi boshlandi. Kuzatishda davom etamiz.
Noilaxon AHADOVA

Manba: Od-press.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qabul - 2018. Tayyorgarlik qay darajada?