14:17 / 02.07.2018
6 166

Tatyana Karimova: “Men hamisha Islom Abdug‘aniyevichga hamnafas bo‘ldim”

Татьяна Каримова: "Мен ҳамиша Ислом Абдуғаниевичга ҳамнафас бўлдим"
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov Tatyana Karimova xotiralaridan:

“Islom Abdug‘aniyevich bilan 1970 yili Samarqandda, muhandislik-texnologiya fakultetining oxirgi kursida o‘qigan kezlarim tanishganmiz. Birinchi uchrashuvimiz ularning akalari Ibod G‘aniyevichning uyida bo‘lgan. Ibod G‘aniyevichning rafiqasi Xayriniso Sultonovna mening xolavachcham edi. Men talabalar yotoqxonasida istiqomat qilar, darsdan keyin ularnikiga tez-tez mehmonga borib turar edim. Ibod G‘aniyevich oqko‘ngil, aqlli va odamshavanda inson, boz ustiga, yaxshi suhbatdosh ham edilar. Yangi yil eshik qoqib turgan kunlarning birida opamnikida o‘tgan navbatdagi mehmondorchilikdan so‘ng endigina ketishga taraddud ko‘rib turganimda bir yigit kelib qoldi. Uni menga Ibod G‘aniyevichning ukasi deb tanishtirishdi. Bu Islom Abdug‘aniyevich edilar. Birinchi uchrashuvimizda deyarli gaplashmadik. O‘shanda opam yo‘ldan kelgan mehmon qo‘lini yuvishi uchun ko‘zadan suv quyib berishimni so‘radilar. Keyin oila davrasida yana bir necha bor uchrashdik.

Kechagidek yodimda, martning yettinchi kuni, ayni bayram arafasi edi. Ko‘klamning xush iforga to‘la iliq havosi. Shig‘alab yog‘ib o‘tgan yomg‘irdan keyin atrof-borliq toza, musaffo va go‘zal bo‘lib ketgan. Ko‘lmaklarda osmon parchasi aks etar, ko‘ngillar yorishib, farahbaxsh hislarga limmo-lim to‘lgan edi. Men talabalar yotoqxonasida edim. Ittifoqo meni birov so‘rab kelganini xabar qilishdi. Kelgan inson kim ekanini tasavvur ham qilaolmaganim rost. Chiqib ko‘rdimki, meni yo‘qlab kelgan odam Islom Abdug‘aniyevich ekanlar.

Meni xiyobonda sayr qilishga taklif etdilar. Biz ilk bor yolg‘iz o‘zimiz ko‘rishib, gaplashib turgan edik. Tabiat, ob-havo, o‘qish haqida suhbatlashdik. Odatiy suhbat. Lekin sayr asnosida Islom Abdug‘aniyevich to‘xtab, hech kutilmaganda “Menga turmushga chiqasizmi?” deb so‘radilar. Men uchun bu mutlaqo kutilmagan hol edi. Qanday izohlashni ham bilmayman: aql vaziyatni hali to‘liq anglab, baholab bo‘lmasdan, qalb va yurak “ha” deya javob berib bo‘lgan edi. Ko‘ngil shubhayu gumondan xoli kezlarda shunday bo‘ladi. Men bu insonning ichki kuchi, samimiyati, jozibasi, qat’iyati va nedir bir ohanrabosini sezgan bo‘lsam kerak... Men “ha” deya javob berdim. Bari ana shunday kechgan edi. Bor-yo‘g‘i bir necha qisqa uchrashuv...

Islom Abdug‘aniyevich aprelda ota-onamdan qo‘limni so‘ragani Quvasoyga bordilar. To‘yimiz may oyida dastlab Samarqandda, keyinroq Quvasoyda bo‘lib o‘tdi.

To‘ydan keyin Toshkentdagi ikki xonali kvartirada juda oddiy hayot kechira boshladik. Bu kvartirani Islom Abdug‘aniyevich Davlat plan komiteti raisining yordamchisi bo‘lgan kezlarda olganlar.

U kishi kuchli iroda va xarakter sohibi bo‘lib, juda ko‘p ishlar edilar. Biz oila qurgan kezlarimizda kamolga yetgan inson edilar. Men o‘shandayoq u kishining shaxsiyati ko‘lamini anglagan, murakkab, lekin sharafli bir yo‘lni bosib o‘tishlarini his etgan edim.

Men hamisha Islom Abdug‘aniyevichga hamnafas bo‘ldim. Mendan butun umr izlanish, o‘sish, matonatli bo‘lish va tushunishga odatlanish, takomillashish yo‘lidan yurmoq talab etildi. Negaki, umr yo‘ldoshim mudom o‘qib-izlanib yuksak cho‘qqilar sari talpinardilar. Muhabbat bizni birlashtirdi, butun hayot yo‘limizni yoritdi…”.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Tatyana Karimova: “Men hamisha Islom Abdug‘aniyevichga hamnafas bo‘ldim”