16:10 / 05.07.2018
12 286

Kattaqo‘rg‘onlik tahqirlangan ayol: “San’at Umarovga da’vom yo‘q”

Kattaqo‘rg‘onlik tahqirlangan ayol: “San’at Umarovga da’vom yo‘q”
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan — Kattaqo‘rg‘on shahar ichki ishlar boshqarmasi xodimlari o‘g‘rilikda guvon qilingan ayol qip-yalang‘och holda tahqirlangani haqida xabar bergan edik.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi matbuot xizmati rahbari Surayyo Rahmonova San’at Umarovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, unga qonun doirasida eng qat’iy choralar qo‘llanishi haqida ma’lum qildi.

“Xabar.uz” axborot-tahliliy portali ushbu mavzu yuzasidan surishtiruv ishlarini davom ettirmoqda. Muxbirimiz biroz avval voqea qahramoni — jabrlangan ayol, kattaqo‘rg‘onlik N.T. bilan bog‘lanib, u bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldi. Uning aytgan so‘zlarini quyida e’tiboringizga havola etamiz.

«Yoshim 31da. Ikki nafar voyaga yetmagan farzandim bor. Turmush o‘rtog‘im ikki yil avval vafot etgan.

Men Kattaqo‘rg‘on tumanidagi qishloqlarning birida yashayman. Internetda videosi tarqalgan voqea 3 iyun kuni sodir bo‘ldi.

Uyga bozorlik qilish uchun borgan paytim bir militsiya xodimi to‘xtatib, avval bozordagi kabinetiga olib keldi. Keyin ikki nafar militsiya xodimiga qo‘shib shahar ichki ishlar bo‘limiga jo‘natib yubordi. San’atga o‘sha yerda ro‘para qilishdi.

Ochig‘ini aytganda, ilgari yomon yo‘lga kirib, o‘g‘rilikni odat qilganim uchun bir necha bor sudlanganman. Bozordagi militsiya xodimlarining meni tanib qolgani ham shundan. Lekin ancha bo‘ldi, bu odatni tashlaganman, dehqonchilik bilan shug‘ullanaman.

Ular meni ushlab “melisaxona”ga yuborganini ham bir paytlar yo‘l qo‘ygan xatolarimga yo‘ydim — qaysidir jinoyatda mendan shubhalanayotgandir deb o‘yladim.

Shahar ichki ishlar bo‘limiga olib kelishgandan so‘ng San’at Umarov menga hech narsadan hech narsa yo‘q “sen o‘g‘rilik qilib yuribsan”, — deya haqorat qila boshladi. “Uyda bolalarim kutib o‘tiribdi, men hech narsa qilmadim” desam ham quloq solmadi.

U videoga olishdan oldin bir-ikki marta oyog‘imga tepdi. Shunga qo‘rqib qoldim. U kiyimlarimni yechishga majburlab, o‘zi videoga oldi. Yalang‘och holda bozorga olib bormoqchi edi, yalinib-yolvorganimdan keyin navbatchi militsiyalarning oldigacha olib borib, izimga qaytardi. Keyin soat beshgacha ushlab o‘tirib, qo‘yib yubordi.

Mening San’at Umarovga hech qanday da’vom yo‘q. Chunki Kattaqo‘rg‘onda ikki bolamdan boshqa hech kimim yo‘q. Bular bilan dushmanlashsam, o‘zimga, bolalarimga ziyon yetkazishidan qo‘rqaman. Shuning uchun hech qayerga shikoyat ham qilganim yo‘q.

Viloyat prokuraturasiga shikoyat qilganim yo‘q. Lekin men tanimaydigan boshqa odamlar murojaat qilishibdi. Meni chaqirib, voqea qanday bo‘lganini tushuntirib berishimni so‘rashdi. Bo‘lgan voqealarni yozib berdim, bor gap shu».

Aytish kerakki, ushbu voqea yuzasidan Ichki ishlar vazirligi hozircha hech qanday rasmiy ma’lumot bermadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Kattaqo‘rg‘onlik tahqirlangan ayol: “San’at Umarovga da’vom yo‘q”