22:30 / 05.07.2018
5 366

Ayol sha’ni ulug‘langan millat edik...

Ayol sha’ni ulug‘langan millat edik...
Bir necha kundan buyon ijtimoiy tarmoqlarda aylanayotgan sharmandali videorolik har bir millatdoshimizni, har bir erkakni yuragini ezadigan og‘ir dard bo‘lmoqda. Aslida bunday holatga munosabat bildirishning o‘zi orsizlik, hamiyatsizlikdir. Lekin, bunday axvolga qay tariqa tushib qoldik? Nahotki biz shunday millat edik, nahotki shunday erkak edik, nahotki shunday erlar edik?

Bizning solih ajdodlarimiz o‘z mahramlarini hatto yuzlarini ham ochishdan qizg‘ongan erlar edi, bugungilar esa... ming afsus. Solihlar davrida bir ayolning ishi Qozi Muso ibn Ishoq (rahimahulloh)ning sud majlislariga havola qilindi. Ayolning vakili Qozi Muso ibn Ishoq (rahimahulloh)ga: “Bu ayol eridan 500 dinor mahr olish haqqi bor. Ammo eri bu haqni inkor qilyapti” deya da’vo qildi. Shunda Qozi Muso ibn Ishoq (rahimahulloh) ayolning vakilidan: “Guvohlaringiz bormi?” deya so‘radi. Vakil: “Ular shu yerda” deya javob berdi. Shu payt ba’zi guvohlar berayotgan guvohliklarida haqiqatda shu ayolmi yoki boshqasimi, shuni bilish uchun ayol yuzini ko‘rishlari uchun ochishlarini so‘radi. Guvoh o‘rnidan turdi va ayolga: “O‘rningizdan turing” deya so‘radi va boshqa guvohlarni chaqirdi. Bu xolatlarni kuzatib turgan er ularga qarata: “Nima qilmoqchisizlar?” deya so‘radi. Vakil: “Ayolingni tanishlari uchun uning yuziga qarashadi” deya javob berdi. Shu payt er Qoziga qarab: “Men sizga guvohlik beramanki, ayolimni mening zimmamda u da’vo qilayotgandek 500 dinor mahri bor! Uni yuzini ochmanglar!” deya guvohlik berdi. Ayol ham Qoziga qarab: “Men ham sizga guvohlik beramanki, men ushbu mahrimni unga (erimga) hadya qildim va uni dunyo-oxiratda bu zimmasidagi qarzdan ozod qildim!” deya guvohlik berdi. Shunda Qozi Muso ibn Ishoq (rahimahulloh) er-xotinning rashkidan ajablanib quyidagi so‘zlarni aytdi: “Bu ish “go‘zal axloqlar” deya yoziladi”.

Amir Temur lafzi bilan hikoya qilingan boshqa bir voqeada bizning ota-bobolarimiz, erkaklarimiz nafaqat o‘z ayollarini, balki begona ayollarning ham sha’ni, daxlsizligi va izzatini qanchalik ulug‘laganini ko‘rishimiz mumkin.

"Qarshi qal’asini zabt etib, muzaffarlik tug‘i bilan qaytar edim. Kechda Ko‘kbuloqqa yetib, shu yerda tunamoqni ixtiyor etdik. Navkarlarni xonadonlarga taqsimlab, o‘zimiz soy bo‘yida yashil chodir tikdik.

Subhidam atrofga razm solmoqda edim. Ittifoqo, bir ayol kishining ot yetaklab, soy tomon ketayotganiga nazarimiz tushdi. Shunda bizni o‘y cho‘lg‘adi. Mulozim yo‘llab, u ojizaning erini topdirib keltirdik. Savol berdik:

– Nima uchun zavjangizni ot sug‘organi yo‘lladingiz? Ot sug‘orish erkak kishining xizmati-ku?!

– Sohibqiron, – javob berdi u kishi, – ot boqish ham, ot sug‘orish ham erkakning yumushi ekanini bilaman. Ammo uyimga qoplonsifat to‘rt navkaring tushibdi. Ularning niyatini bilmayman. Shu boisdan ayolimni ot sug‘orishga yo‘llab, uyda qolgan ikki bo‘ydor qizimni qo‘riqlashni istadim...

Biz mulohazaga berildik. Va o‘z xatoyimizni anglab, hamishalikka qaror berdik: bundan buyog‘iga navkarlar xonadonlarga joylashtirilmasin. Navkarlarim yalang o‘tloq va suvloq joylarda chodirlarda umrguzaronlik qilishsin.

Ko‘kbuloq qishlog‘iga quyosh chiqmasdanoq navkarlarni xonadonlardan chiqarib, chodirlarga joyladim..."

Voqea yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokraturasi bergan ma’lumotga ko‘ra 2018 yil 4 iyul kuni Samarqand viloyat prokuraturasi tomonidan Kattako‘rg‘on shahar IIB tezkor vakili S.Umarovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda S.Umarov ushlangan va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Albatta, zolimlar o‘z jazosini olishiga ishonamiz, zero "...Alloh zolimlarni hush ko‘rmaydi" ("Oli Imron" surasi, 57-oyat).

Biz esa bunday holatni takrorlanmasligi uchun, nomusimizni, sha’nimizni asraylik. Qo‘l ostimizdagi ahllarimizga, xodimlarimizga adolatli bo‘laylik. Agar biz o‘z qo‘l ostimizdagilarga zulm qilsak, Alloh zolimlarni bizga bosh qilib qo‘yadi.

Alloh barchalarimizni isloh qilsin.

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ayol sha’ni ulug‘langan millat edik...