10:30 / 06.07.2018
3 813

E’tiqod ko‘ylak emas, har kuni almashtirilsa...

E’tiqod ko‘ylak emas, har kuni almashtirilsa...
Yurtimizda millatlararo tenglik, diniy bag‘rikenglik tamoyillari ustuvorligini har bir jabhada kuzatish mumkin. Lekin o‘z e’tiqodidan osongina voz kechib, boshqalarni ham shunday qilishga targ‘ib etayotgan kimsalarning hanuzgacha uchrab turishi achinarli holat. Ikki aspirant tanishim bilan ilmiy jihatdan tasavvur hosil qilish maqsadida poytaxtimizda joylashgan buddaviylar ibodatxonasidan biriga borgan edik. Bu yerda bizlarni sochlari orqaga taralib boylangan bir yigit kutib oldi.

Butxonada Krishna ma’budining haykali qo‘yilgan, atrofda isiriqning g‘alati hidi anqirdi. Xoh ishoning, xoh ishonmang, butxonaga sig‘inayotganlar, “Xari Krishna!” deya jazavaga tushayotganlar orasida yosh-yosh o‘zbek yigit-qizlari, ayollarni ham ko‘rib, taajjublandik. To‘g‘ri, mamlakatimizda diniy erkinlikka keng yo‘l ochilgan. Ammo...

Sig‘inayotganlar orasida hijobli bir ayol ham bor edi. Uning qo‘lida bir dasta kitobchalar bo‘lib, u nafaqat butxonaga kelib-ketib yurar, balki targ‘ibot ham qilar ekan-da, deb o‘yladim.

— Kechirasiz, — dedim sekin unga yaqinlashib. — Siz nega hijobda bo‘la turib butxonada sig‘inyapsiz?

Ayol gapga chechangina ekan, menga bir o‘qraydi-yu, dedi:

— Nima bo‘pti? Bizda dinlararo erkinlik berilgan. Xudo bitta, lekin unga turli yo‘llar bilan boriladi.

U ko‘p “aqlli” gaplarni gapirdi, so‘ng mening qo‘limga kichkina kitobcha tutqazdi. Unda inson o‘lgandan so‘ng qayta tirilish mavjudligi haqida yozilgandi. “Opa, odam o‘lgandan so‘ng buddaviylar taomiliga ko‘ra jasadni yoqishadi, sizda qanday bo‘ladi?”, deb so‘radim. Ayol menga nafratlanib qaradi, lekin sir boy bermay:

— Qanday o‘lsak ham xudoning yoniga boramiz-ku, — dedi.

Shu payt hovlida juda xunuk ovoz eshitildi. Isrofil sur chalgandek etimiz seskanib ketdi. Bu burg‘u ovozi ekan. Bizga bu butxona haqida ma’lumot berayotgan kishi har yakshanba va qaysidir kunlari bu yerda bepul ovqat va nimalardir tarqatilishini, butxona a’zolari, butga sig‘inuvchilar yopirilib kelishini ma’lum qildi va bizni ham bu “ehsonlar“ga taklif etdi. Biz esa shosha-pisha bu yerni tark etdik.

Turli usulda kuylayveradigan qushlar ham bir kun o‘z ovozini, o‘z kuyini yo‘qotadi, ya’ni o‘zligidan ayriladi. Manfaat yo‘lida u dindan bunisiga ko‘chib ketaveradigan, hayotda biror tutumi yo‘q insonlar boshqalarni, yosh avlod vakillarini, ijtimoiy muhofazaga muhtoj kishilarni ham yo‘ldan urishlarini kechirib bo‘lmaydi.
Xolnisa RAHMONQULOVA.

Manba: Xalq so‘zi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » E’tiqod ko‘ylak emas, har kuni almashtirilsa...