08:00 / 06.07.2018
9 043

IIV rasmiy bayonoti: «San’at Umarov ichki ishlar tizimiga tasodifan kirib qolgan nopok xodim»

IIV rasmiy bayonoti: «San’at Umarov ichki ishlar tizimiga tasodifan kirib qolgan nopok xodim»
O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi Kattaqo‘rg‘onda militsiya xodimi tomonidan gumonlanuvchi ayol yechintirilib, tahqirlanganiga rasmiy munosabat bildirdi.

«Hech bir jamiyatda inson qadr-qimmati tahqirlanmasligi, har qanday sharoitda ham inson sha’ni qadrlanishi, uning huquqlari to‘la kafolatlanishi belgilangan. Lekin, ba’zi bir nopok xodimlar tomonidan qonun buzilishi holatlari sodir etilayotgani juda ham achinarli.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan fuqaro N.T ga nisbatan sodir etilgan nojo‘ya xatti-harakatlar yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruv natijalariga ko‘ra, holat Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahar Ichki ishlar bo‘limi jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor vakili kapitan San’at Umarov tomonidan sodir etilganligi aniqlandi.

Bugungi kunda San’at Umarov ichki ishlar organlaridan salbiy harakatlari uchun ishdan bo‘shatilgan. Holat yuzasidan Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan bunday salbiy holatlarni aniqlash, oldini olish va ichki ishlar organlari saflarini nopok, tasodifan kirib qolgan xodimlardan tozalash maqsadida, doimiy ravishda keskin choralar ko‘rib boriladi», deyiladi bayonotda.

4 iyul kuni «Ozodlik» nashri Kattaqo‘rg‘ondagi voqea videosini tarqatdi — unda Kattaqo‘rg‘onda militsiya xodimi o‘g‘irlikda gumon qilingan bir ayolni qip-yalang‘och yechinishga majbur qilgani tasvirlangandi. Ichki ishlar xodimi ayolni shu ahvolda ko‘chaga haydamoqchi bo‘ladi va bu jarayonni videoga oladi. Keyinroq gumondor ayol qo‘yib yuborilgan.

Bundan avvalroq Bosh prokuratura matbuot xizmati San’at Umarov ushlangani va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » IIV rasmiy bayonoti: «San’at Umarov ichki ishlar tizimiga tasodifan kirib qolgan nopok xodim»