15:50 / 12.07.2018
3 316

Davronbek Tojialiyev: «Bizdan Buxoriylar qachon chiqadi?»

Davronbek Tojialiyev: «Bizdan Buxoriylar qachon chiqadi?»
Kuni kecha O‘zbekiston 24 kanalida Xalqaro Press-klubning “Vaqf: xayriya mablag‘lari boshqaruviga shaffof yondashuv” mavzusidagi sessiyasi to‘g‘ridan to‘g‘ri efir orqali olib berildi. Ko‘rsatuv davomida mas’ullar tomonidan diniy sohaga oid bir qancha masalalarda fikrlar bildirildi.

Jumladan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Nuriymon Abulhasanning voyaga yetmagan bolalarning ilm olishi haqidagi fikrlari ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Internetning o‘zbek segmentida o‘z auditoriyasiga ega blogger, ziyouz.com elektron kutubxonasi rahbari Davronbek Tojialiyev ham bu masala yuzasidan o‘z qarashlarini bayon etdi. Quyida ular bilan tanishishingiz mumkin.

1. Janob Nuriiymon Abulhasan bolalarning masjidga chiqishi haqidagi savolga javob berarkan, tarixdan misol keltirib, buyuk ajdodlarimiz "faqatgina diniy bilimlarni egallab, boshqasini kerak emas, deyishmagan", degan fikrni argument tarzida keltirdi. Bu to‘g‘ri. Bu argumentni hozirgi kunga bog‘lash esa - xato. Bugun O‘zbekistonda aynan shu aqidada bo‘lgan, bolalariga faqatgina diniy ilm berib, masjidga olib borib, maktabga umuman bordirmayotgan, dunyoviy ilmni kerak emas, deydigan ota-onalar borligiga ishonmayman. Bunday mutaassib oilalar bo‘lganida, allaqachon yo‘lini ko‘rsatib qo‘yishgan bo‘lardi. Mabodo, so‘nggi "erkinliklar shamoli"da bir-ikkita shundayi chiqqan bo‘lsa, uni butun boshli jamiyatga qarshi argument sifatida qo‘llash mantiqqa zid.

2. "Maktab yoshdagi bolalarga eng katta farzi ayn - ilm olish". Buni ahli ilmlar tushuntirib berishsa yaxshi bo‘lardi. Maktab yoshi 7 dan 17-18 yoshgacha ekanligini nazarda tutsak, katta sinflardagi barcha o‘g‘il qizlar balog‘atga yetgan hisoblanadi. Ularga namoz, ro‘za va boshqa amallarning farz bo‘lishi aniq. Ilm olish namozdan ham katta farz bo‘lishi mumkinmi? Bir farzni ikkinchisidan ustun qo‘yib bo‘ladimi?

3. "Hadis musobaqasini tashkil etganimizda bolalar mashina yutvolaman deb, maktab ilmlarini tashlab, hadis yodlashga tushdi". Vallohi, bu gapga ham ishonmadim. Mayli, mashina yutib olishni orzu-maqsad qilgani rostdir. Lekin maktabga bormasdan faqatgina shu musobaqaga tayyorgarlik ko‘rganiga ishonish qiyin. Bizda maktabga chiqmagan bolaning ota-onasi javobgarlikka tortiladi-ku.

4. "Maktabning ilmini tashlab, masjidga boryapti... (ilmiy) ehtiyojini masjid domlasidan so‘rolmaydi, so‘rasa ham domlaning vaqti bo‘lmaydi. Keyin ... hujraga boradi. U yerdan Suriyaga boradigan, portlatadigan...". Uzr, O‘zbekistonda hujralar qolmagani kundek ravshan-ku. Hujralar tag-tugi bilan tugatib bo‘lingan-ku. So‘nggi 1 yilda masjidga chiqqan qaysi bola "hujra"ga ketib qolibdi? Masjid domlasi nima uchun savollariga javob bermasligi kerak? Agar masjidga bormasa, masjid imomi javob bera olmasa, qayerdan olsin javobni. Internet-shayxlaridanmi?

5. "Odamlar bolalarini moda uchun masjidga jo‘natyapti". Bunga izoh yozishim shart emas.

6. "Ajdodlarimizga munosib avlod bo‘lishimiz kerak. Falakiyotni, tibbiyotni kim egalladi? Maktabni bitirib, voyaga yetgandan so‘ng diniy o‘quv yurtlarda o‘qiyverishsin. Imom Buxoriy yurtida Imom Buxoriylarni tarbiyalashimiz kerak". Hali voyaga yetmasdanoq, falakiyot ustozi Mirzo Ulug‘bek 8 yoshida, tibbiyot ustozi ibn Sino 10 yoshida, Imom Buxoriy 7 yoshida hofizi Kalomulloh bo‘lishgan. Dunyo tibbiyoti otalaridan Abu Ali Ibn Sino ham bolalarga go‘dakligidan Qur’oni Karimni ta’lim berish zarurligini va bu uning salomatligida muhim ahamiyatga ega ekanini aytgan. Endi Buxoriyning avlodlari kel qo‘y, oldin maktabni bitirsin, voyaga yetsin, so‘ng masjidga boradi, diniy ilmni olaveradi, deb tursak, qachon Buxoriylar chiqadi? Diniy akademiya, markazlarimizni nomlariga qo‘ygan Naqshbandiy, Marg‘iloniylar qachon chiqadi? Voyaga yetganimizdami? Qachon voyaga yetamiz?!
Davronbek TOJIALIYeV


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Davronbek Tojialiyev: «Bizdan Buxoriylar qachon chiqadi?»