08:30 / 20.07.2018
8 936

Jizzax viloyati Yangiobod tuman IIB boshlig‘i fermer S.Qurbonboyevni urib burnini sindirdi…

Jizzax viloyati Yangiobod tuman IIB boshlig‘i fermer S.Qurbonboyevni urib burnini sindirdi…
Sardor Qurbonboyevning aytishiga ko‘ra, militsiya bo‘limi boshlig‘i uni kombaynni vaqtida tuzatib qo‘ymaganlikda ayblab kaltaklagan.

— Men tuman rahbariyati topshirig‘iga ko‘ra, — deydi fermer. — «Pastkichaqir bulog‘i» fermer xo‘jaligiga qarashli maydonlardagi donni yig‘ishtirib olish uchun ajratilgan kombaynga mas’ul etib tayinlandim. Ammo tekshirib ko‘rsak, kombayn ishga yaroqli emasligi ma’lum bo‘ldi. Kombayn haydovchisi yangi ehtiyot qismlar olib keldi. Kombaynga tushmadi. Bir mahal tuman militsiya bo‘limi boshlig‘i Ilhom Sulaymonov tepamizga keldi-da, 1 soat ichida qanday bo‘lmasin kombaynni ishga taxt qilib qo‘yishimizni tayinladi.

— Ikki soatdan keyin u prokuror va tumanimiz rahbari bilan keldi. Oldin tuman rahbari bizni so‘roqqa tuta ketdi va haqorat qila boshladi. Uning ketidan militsiya bo‘limi boshlig‘i yaqin keldi-da, fermer xo‘jaligining Muzaffar ismli ishchisini ikki marta tepdi. So‘ngra qishloq xo‘jaligi tuman bo‘limi xodimi O‘tkir Omonovni «Vey, iflos, nega bularingni nazorat ostiga olmaysan?», degancha tarsaki tushirdi. Ketidan oyoq zarbalarini yo‘lladi. Keyin esa Sulaymonov menga yaqinlashib haqorat qila ketdi. Kutilmaganda burnim aralash musht tushirgandi, men yiqilib tushdim. Shundan keyin militsiya bo‘limi boshlig‘i meni tepki bilan «siylay» boshladi. Faqat burnimdan sharillab qon oqa boshlagachgina tepkilashdan to‘xtadi. Shunda ham menga nafrat aralash boqib, kombayn tomon ketdi. Ochig‘i, u bizni haqoratlab, kaltaklagan payt og‘zidan aroq isi anqib turgandi…

Guvohlardan birining aytishicha, bo‘lib o‘tgan jarayonni tuman rahbari va prokuror tek turib tomosha qilishgan.

— Ilhom Sulaymonov mast holatda kelib ishchilarni ayovsiz kaltakladi, — dedi ismi-sharifi sir tutilgan guvoh. — Sardorning burnini sindirib tashladi. Hammalarini og‘ziga kelgan so‘zlar bilan haqoratladi. Uni qoniga botgan holda yer maydonining o‘rtasida qoldirdi-yu, o‘zi tuman rahbari va prokuror bilan birga jo‘nab ketdi. Sardor ko‘p qon yo‘qotish natijasida o‘lib qolsa nima bo‘lardi? Militsiyada ishlaydiganlarning umuman insofi qolmabdi…

Sardor Qurbonboyev o‘sha kuniyoq kasalxonaga yotqizilgan. Kasalxonada uni rentgen qilishdi va burun suyaklari singanini tasdiqlashdi. Jabrlanuvchi Jizzax viloyat prokuraturasi, davlat xavfsizlik xizmati va respublika ichki ishlar vazirligiga shikoyat arizasi bilan murojaat etgan. 17 iyul kuni ko‘rsatma berish uchun viloyat prokuraturasiga chaqirilgan. O‘sha kuni prokurorga sud-tibbiy ekspertizasi xulosasini taqdim etgan.

Jurnalistlar tuman militsiya boshlig‘i bilan bog‘lana olishmadi. Lekin Yangiobod tuman rahbari Ikrom Matiyev tumanda Sardor Qurbonboyev degan fermer umuman yo‘qligi, hech qachon bo‘lmaganini aytdi.

Shu o‘rinda alohida ta’kidlab o‘tish joizki, tuman rahbari qancha tonmasin, bu ishni O‘zbekiston bosh prokuraturasi o‘z nazoratiga olgan.

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Jizzax viloyati Yangiobod tuman IIB boshlig‘i fermer S.Qurbonboyevni urib burnini sindirdi…