16:30 / 21.07.2018
5 779

Fan va oliy ta’lim sohasi xodimlarining ish haqi oshirish bo‘yicha qaror qabul qilindi

Fan va oliy ta’lim sohasi xodimlarining ish haqi oshirish bo‘yicha qaror qabul qilindi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Fan va oliy ta’lim sohasi xodimlarining mehnat haqi miqdorini yanada oshirish, ilmiy va ilmiy-texnik faoliyat natijalari joriy etilishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 5 apreldagi “Respublika oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–3655-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan fundamental, amaliy tadqiqotlar ilmiy-texnik dasturlarini va innovatsiya ishlarini amalga oshirishda ishtirok etayotgan ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbar va ilmiy xodimlari, shuningdek, oliy ta’lim muassasalari rahbar xodimlari va professor-o‘qituvchilar tarkibining bazaviy lavozim maoshlari miqdorlari 2018 yil 1 sentyabrdan boshlab tabaqalashtirilgan holda o‘rtacha 25 foizga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligining:

2018 yil 1 avgustdan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi boshqaruv apparati xodimlarining ish haqi miqdorini 2 baravar oshirish;

2018 yil 1 sentyabrdan ilmiy faoliyatni konstruktor-texnologik ta’minlash, ilmiy laboratoriya uskunalariga xizmat ko‘rsatish vazifalari yuklatilgan ilmiy-tadqiqot muassasalari muhandis-texnik xodimlarining ish haqi miqdorini egallab turgan lavozimi va ilmiy faoliyat sohasidan kelib chiqib, 30 foizdan 100 foizgacha tabaqalashtirilgan miqdorda oshirish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan fundamental, amaliy tadqiqotlar ilmiy-texnik dasturlarini va innovatsiya ishlarini amalga oshirishda ishtirok etayotgan ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbar va ilmiy xodimlari, ilmiy faoliyatni konstruktor-texnologik ta’minlash, ilmiy laboratoriya uskunalariga xizmat ko‘rsatish vazifalari yuklatilgan ilmiy-tadqiqot muassasalarining muhandis-texnik xodimlari, shuningdek, oliy ta’lim muassasalarining rahbar xodimlari va professor-o‘qituvchilar tarkibining ish haqi miqdori quyidagi ikki bosqichda oshiriladi:

2019 yil 1 yanvardan – 20 foizga;

2019 yil 1 iyuldan – 25 foizga.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligi 2018 yil 25 iyulgacha bo‘lgan muddatda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi boshqaruv apparati xodimlari va ilmiy-tadqiqot muassasalari muhandis-texnik xodimlarining ish haqi miqdorini ushbu qaror talablarini inobatga olgan holda qayta ko‘rib chiqadi.

Vazirlar Mahkamasi mazkur qaror talablariga muvofiq 2018 yil 1 noyabrgacha bo‘lgan muddatda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan fundamental, amaliy tadqiqotlar ilmiy-texnik dasturlarini va innovatsiya ishlarini amalga oshirishda ishtirok etayotgan ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbar va ilmiy xodimlari, shuningdek, oliy ta’lim muassasalari rahbar xodimlari va professor-o‘qituvchilar tarkibining bazaviy lavozim maoshlarini tasdiqlaydi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Fan va oliy ta’lim sohasi xodimlarining ish haqi oshirish bo‘yicha qaror qabul qilindi