18:26 / 21.07.2018
3 842

«Alibaba»ni O‘zbekistonga olib kelayotgan yigit haqida

«Alibaba»ni O‘zbekistonga olib kelayotgan yigit haqida
Mirjahon Yazdanov. Foto: «Xabar.uz»
Fikrimni «mamlakatimizda ko‘pgina imkoniyatlar yaratilmoqda» jumlalari bilan boshlamoqchi emasman. Balki «mamlakatimizda ko‘pgina imkoniyatlar yaratilayotgani»dan unumli foydalanayotgan harakatchan yoshlardan birini sizga tanishtirmoqchiman. Suhbatdoshimiz talaba, tadbirkor, tashkilotchi, sayohatchi, bir nechta xorijiy tillarni biladi. Tanishing: Mirjahon Yazdanov.

— Mirjahon, nimalar bilan bandsiz? Talabasiz, tarjimonlik qilasiz, gidlik, buning ustiga tadbirkorlik — bularga qanday ulguryapsiz?
— Avvalambor, shunday iliq kutib olganingiz va e’tibor qaratganingiz uchun minnatdorman.

Bir yil avval YuNESKO tashkilotining Great Wall stipendiyasi g‘olibi bo‘lib, Xitoyning Shanxay shahridagi Shanxay Xalqaro biznes va iqtisodiyot universitetining xalqaro savdo yo‘nalishida bir yil davomida ta’lim olish imkoniyatini qo‘lga kiritdim. Bundan juda baxtiyorman, chunki xalqaro darajada savdo amaliyotlarini olib borishga ishtiyoqim ancha avval boshlangan edi. Samarqand qishloq xo‘jaligi institutining iqtisodiyot yo‘nalishi talabasi bo‘lgan davrimda ham shu sohada ko‘plab izlanishlar olib borganman, ilmiy maqolalarim chop etilgan. YuNESKO bergan bu imkoniyat menga yanada kamarbasta bo‘ldi. O‘z imkoniyatimni jahon darajasida sinab ko‘rdim, ustozlarim yordamida ko‘plab xalqaro moliyaviy amaliyotlarni qo‘llab ko‘rdim. Bu uzoq yillar davomida orttirgan tajribam, ustozlar hamda ota-onam bergan ta’lim mevasi deb o‘ylayman.

— Xalqaro savdo?

— Xalqaro savdo, umuman xalqaro darajada nimanidir olib borishga bo‘lgan ishtiyoqim gid-tarjimonlik to‘garaklari, chet elliklar bilan muloqotlarim, xorij mamlakatlariga safarlarim davomida turfa odamlar bilan muloqotlar davomida shakllanib borgan. Shanxayga borganimdan so‘ng shu tajribalarimga asoslanib izlanishni yanada kuchaytirdim, har xil xalqaro anjumanlar, masalan, Xitoyning eng yirik import va eksport ko‘rgazmasi — Canton Fair 2017da, undan so‘ng One Road One Belt yangi Ipak yo‘li ko‘rgazmasida qatnashish baxtiga muyassar bo‘ldim. Pekin, Guanchjou, Gonkong, Shenchjen, Shanxay kabi Xitoyning ko‘plab yirik shaharlarida bo‘lib, ko‘rmagan-bilmaganlarimni o‘rgandim. Xitoyning nega dunyo miqyosida eng yirik ishlab chiqaruvchiga aylangani va O‘zbekiston uchun qanday yangi jihatlarni joriy qilsak bo‘ladi — shular ustida izlandim.

Nihoyat 2018 yilning boshida Xitoyning dunyoga mashhur Alibaba kompaniyasi bilan shartnoma imzolashga va turli xildagi 1 milliarddan ortiq tovarlarni O‘zbekistonga yetkazib berish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Hozirgi kunda Goshop.uz internet platformamiz hamda Xitoydan yuklarni O‘zbekistonga qisqa muddatlarda, ya’ni 4-8 kunda eltib berish uchun Rosan Express kompaniyasi hamda O‘zbekistonda faoliyat olib boruvchi bir nechta logistika kompaniyalari bilan hamkorlikda Goshop Express eltib berish tizimimizni ham ishga tushirdik.

Buning natijasida kichik — 1 kilogrammlik yuklardan tortib katta — konteynergacha yuklarni yurtimizga olib kelishga ko‘maklashyapmiz. Hozirgi kunda saytimizda Xitoy va Turkiya davlatlarining ko‘plab mahsulotlarini topishingiz mumkin. Hamkorlarimiz va biz bilan birga ishlamoqchi bo‘lgan hamyurtlarimiz soni esa kundan-kunga ko‘payib bormoqda. Bu esa, albatta, bizni yanada izlanishga ruhlantiradi. Biz bilan birga ishlamoqchi bo‘lgan har bir kishiga eshiklarimiz ochiq, xaridorlarimizga yanada qulayroq sharoitlar yaratib berishga harakat qilamiz va bu borada har qancha taklif bo‘lsa mamnuniyat bilan qabul qilamiz.

— Ko‘pgina xorij mamlakatlarida bo‘lgansiz. Aytingchi, axborot texnologiyalarining rivojlanish darajasi bo‘yicha chet ellar va yurtimiz o‘rtasidagi tafovut qanday?
— Dunyoning o‘nga yaqin davlatida bo‘lgan bo‘lsam, har bir davlat o‘zining turfa jihatlari bilan meni hayratga soldi. Masalan, Xitoydagi juda ham qulay to‘lov tizimi — Alipay, ham to‘lovlar, ham kundalik ijtimoiy hayot tarzi uchun qo‘l keluvchi Wechat messenjeri, Xitoy ko‘chalari bo‘ylab tarqalgan ko‘plab ijara velosipedlari, elektromobillar va mopedlar menda ajoyib taassurot qoldirdi. Bu kabi texnologiyalar har bir davlatda joriy etilsa, menimcha, o‘sha yerning xalqi uchun juda ko‘p qulayliklar beradi.

— Sizni hayratga solgan eng zamonaviy texnologiyalar «TOP-5»taligini ayta olasizmi?
— Wechat messenjeri; 2) elektromobillar va mopedlar; 3) tezyurar poyezdlar (Shanxaydagi 450-480 km/soat tezlikka ega poyezd shahar chetidan markazigacha bo‘lgan 40 km. masofani 6 daqiqada bosib o‘tadi); 4) Alipay va elektron savdo platformalari; 5) Didi — qulay taksi tizimi.

— Qanday xalqaro forum, anjumanlarda ishtirok etdingiz va o‘zingizga nimalar oldingiz?
— Ko‘plab ilmiy-amaliy konferensiyalar, shaxsiy imkoniyatni kuchaytiruvchi turli maktablar, biznes-forumlar hamda munozaralarda qatnashdim. Albatta, bularning barchasi sizning o‘z ustingizda yanaqa qattiq ishlashingiz, to‘g‘ri yo‘nalish topishingiz hamda hayotiy bilim tajribangizni boyitishga xizmat qiladi. Ozarbayjonda o‘tgan Green Economy, Xitoydagi an’anaviy Canton Fair ko‘rgazmasi, Samarqand qishloq xo‘jaligi institutida hamda Toshkent axborot texnologiyalari universitetida bo‘lib o‘tgan bir nechta ilmiy-amaliy konferensiyalar, yurtimizda har yili o‘tkazilib kelinayotgan YuNISEF xalqaro anjumani menda juda yaxshi taassurot qoldirgan.

— Sayyohsiz. Ijtimoiy tarmoqlarda juda faolsiz. Sayohat siz uchun hobbimi yo ko‘p narsani o‘rganishmi?
— Ha, juda qiziq savol…. Menimcha hozirgi kunda sayohat qilishni xohlamaydigan insonning o‘zi yo‘q! Sayohat men uchun hobbi deb ayta olmayman, lekin juda xush ko‘raman. Chunki sayohat davomida o‘zingizning hamda sayohat qilayotgan mamlakatingizning ko‘plab yangi qirralarini kashf etishingiz mumkin. Chunki sizda hayotiy tajribangizni boyitish, yangidan-yangi do‘stlar topish hamda har doim ulardan zavq olish imkoniyati bo‘ladi. Bu menimcha inson harakat qiladigan har qanday narsaning asosidir. O‘zing qilayotgan narsadan zavq ola bilish va uni to‘g‘ri maqsadda yo‘naltirish hamma uchun foydali bo‘ladi. Ijtimoiy tarmoqlarda esa olgan hissiyot va tajribalarimni o‘rtoqlarim bilan bo‘lishishga harakat qilaman.

— Doimo yuksak harakatlar uchun katta motivatsiya kerak. Siz asosan nimalardan ruhlanasiz? Kino, musiqa, kitob, video?
— Albatta, har bir inson uchun motivatsiya juda muhim. Stiv Jobs aytganidek: “Agar siz o‘zingiz haqiqatan ham qadrlaydigan va zavqlanadigan ishingiz bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsangiz, unda sizning ishlashingiz uchun turtki kerak emas, jarayon o‘z-o‘zidan oldinlab ketadi”. Ya’ni, avvalo, qilayotgan ishingizdan zavq olishingiz kerak! Menda ba’zida shunaqasi bo‘ladi: yarim kechasi qanaqadir g‘oya kelib qoladi va qog‘oz qoralashga kirishaman, tong sahargacha yozuv-chizuv qilib ishimda qanday qilib yangiliklar qilish mumkinligi yoki bo‘lmasa yaqin kelajakdagi rejalarimni moslashtirib olaman. Bu esa albatta o‘z ishimni a’lo darajada bajarishimga turtki bo‘ladi. Ba’zida esa umuman motivatsiya yo‘qolib qolganday bo‘ladi, shunday hollarda kino ko‘rishni yoki biror-bir kishining hayotiy voqealari aks etgan videoroliklarni tomosha qilishni xush ko‘raman. Chunki ularda ham ko‘plab joziba bor.

— Xo‘sh, unda o‘z ishchilaringizga qanday motivatsiya bera olasiz?
— Har doim jamoani tinglashga va ular bilan birgalikda ishlashga intilaman! Ishchilar, umuman, ish borasida gap ketganida har doim o‘zim ko‘p kuzatib boradigan shaxs — Alibaba kompaniyasi asoschisi Jek Maning yo‘lini tutishga harakat qilaman — “Yoshlarga yordam ber, yoshlarga imkon ber. Chunki bir kun ular ham “katta odam” bo‘ladi. Sen birgalikda ulg‘aygan, sen to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatgan shaxslar bilangina sen bir kun kelib dunyoni o‘zgartira olasan”. Ya’ni yaxshi jamoasiz yaxshi natijalarga erishish juda qiyin. Har doim jamoamizga yangi g‘oyalar, yangi fikrlarni o‘rtaga tashlashga va ular bilan kelgusi rejalarni, kerakli asosiy chiziqlarni yaratib olishni xush ko‘raman. Bundan ularning ham, mening ham qilayotgan ishimizga ishonchimiz va mehrimiz yanada ortadi. Ya’ni har bir kishi o‘zining qilayotgan ishida o‘zining bir g‘oyasini ko‘radi, bu esa har bir kishiga shu ishdan mamnunlik tuyg‘usini beradi, menimcha.

— Atrofingizdagi tengdoshlaringiz haqidagi fikrlaringiz?
— Yonimda juda ko‘plab do‘stlarim bor, ular borligidan juda minnatdorman. Albatta, tarozining ikki pallasi bo‘lgani kabi ba’zi bir pessimist kayfiyatdagi tengdoshlarimni ko‘rganimda ularga qandaydir ruhlanish berishga harakat qilaman. Lekin har doim ham o‘xshamaydi…

— Qanday mavzulardagi kitoblarni yaxshi ko‘rasiz? O‘qiysizmi?
— Rostini aytsam, an’anaviy kitoblarni juda kam o‘qiyman. Kitoblarni, asosan, elektron shaklda mutolaa qilaman. Bu juda ham qulay. Yo‘lda, kutish zallarida, metroda, samolyotda, xullas, qayerda bo‘sh vaqtim bo‘lsa shu yerda mutolaaga sho‘ng‘iyman. Lekin xohish keldi deguncha odatda psixologik kitoblarni o‘qishni, ayniqsa, Deyl Karnegining kitoblarini o‘qishga tushaman.

— Yosh tadbirkor tengqurlaringizga fikrlaringiz.
— Asosiysi, hech qachon izlanishdan to‘xtashmasin, menimcha, hozir har kim o‘ziga qiziqarli jihatlarni topishi mumkin. Men ularga o‘zlari qiziqqan sohani hech qachon qo‘ymaslikni va shu sohada yirik natijalar qayd etishmasa hech qachon to‘xtab qolmaslikni tilab qolardim. Chunki hayot juda qisqa. Qachon diplom olaman-u qachon bir ishning boshini tutib uy yoki mashina olarkanman deb yurishsa, yuksak cho‘qqilarni zabt etishlari juda qiyin. Har doim optimist bo‘lishga intilishimiz, qandaydir ishni kutib emas, o‘zimiz yaratuvchan bo‘lishga intilishimiz kerak!

— Kelajak rejalaringiz?
— Kelajakda yurtimizga naf keltiradigan, xalqimizga xizmat qiladigan Goshop.uz internet savdolar platformasini yanada takomillashtirish hamda butun dunyodan xalqimizga xush keluvchi tovarlar va xizmatlarni taqdim qilish niyatidaman. Kelgusida esa orttirgan biznes tajribam hamda biznes aloqalarimdan foydalangan holda nafaqat yurtimizga yuklarni import qilish, balki yurtimizda ishlab chiqarilayotgan ko‘plab tovarlarni eksport qilishni, jahon iste’molchilarini O‘zbekiston mahsulotlari bilan ta’minlashni yo‘lga qo‘ymoqchiman.

— Besh yildan keyin o‘zingizni qayerda va qanday holatda tasavvur qilasiz?
— Besh yoki o‘n yildan so‘ng esa aynan shu ishlarning bir yetakchisi sifatida xalqimizga xizmat qilish eng oliy maqsadimdir! Agar shu orqali xalqimizga yanada narxlarning arzonlashuviga erishsam, ichki bozorning raqobatbardoshligini oshirsam, ishlab chiqaruvchilarimizga eksport qilishga yordam bersam o‘zimni haqiqiy baxtiyor inson sifatida ko‘ra olaman.

— Qiziqarli va samimiy suhbatingiz uchun minnatdormiz!
— Rahmat!
G‘ulomjon Nazarov suhbatlashdi

Manba: Xabar.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Alibaba»ni O‘zbekistonga olib kelayotgan yigit haqida