20:08 / 23.07.2018
13 333

Shifokor nega Sog‘liqni saqlash vazirini yomon ko‘rishini ma’lum qildi

Shifokor nega Sog‘liqni saqlash vazirini yomon ko‘rishini ma’lum qildi
Shifokor Abdulaziz Akramov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Sog‘liqni saqlash vazirining ish faoliyati yuzasidan qat’iy munosabatini bildirdi. Unda, nafaqat, oddiy shifokorning, balki butun sog‘liqni saqlash tizimining achinarli ahvoli ifodasini topgan. Quyida vazirga yozilgan ochiq xatni to‘laligicha e’tiboringizga havola etamiz.

Aniq eslolmayman, Alisher Navoiyning qaysidir asarida tabibning bemor oldiga kelish sahnasi bor. Unda tabib otda, zarbof to‘n kiygan va qo‘lida qimmatbaho uzugi bor qilib tasvirlangan. Tasvirdan ko‘rinadiki, tabib o‘ziga to‘q kishi bo‘lgan.

O‘zi mundoq yuzaki tarixni o‘rganib ko‘rilsa ham hamma davrlarda shifokor tabiblar el oldida hurmatli va o‘ziga to‘q kishilar bo‘lgan. Lekin mustaqillik yillariga kelib bu hol 180 gradusga o‘zgargan.

Institutda o‘qib yurgan paytlarimizda siz Urologiya kafedrasi mudiri edingiz. Aniq eslayman: bir tadbirda shifokor burchi va vazifalari xaqida gapirib, shifokor moddiy manfaatni ko‘zlab ish qilmasligini uqtirgandingiz. Va mavzudan biroz chetlanib kelajakda bizni yaxshi hayot va sharafli kasb kutayotganini va hali biz hurmat, moddiy ta’minotdan umuman tanqislik ko‘rmasligimizni aytib bizni ruhlantirgandingiz.

Keyinroq siz rektor bo‘ldingiz. Moddiy ehtiyoji tufayli insofini unutgan bir qancha ustozlarning asl qiyofalari bizga hayotda doim bilim, to‘g‘rilik bilan yashab bo‘lmasligini va pul ko‘p narsani hal qilishini juda chiroyli tushuntirdi.

Ammo institutni bitirmaguncha osmonlarda uchib yuraverdik. To‘lanayotgan kontraktlar ortida oila a’zolarimizni qanchadan qancha mehnati, umidlari va orzulari bor edi. Biz institutni bitirgach, bu sarflangan orzu-umidlar va moddiy kamchilikni ortig‘i bilan qoplashga ishonardik. Afsuski chuchvarani xom sanagan ekanmiz.

Yetti yillik o‘qish davrida har yili paxta mavsumi boshlanishi bilanoq 2 oyga paxtaga ketardik. Matematikani sal-pal bilgan odam ham 7 yilda 2 oydan paxtaga chiqqan odamning 14 oy umri paxta dalasida o‘tib ketganligini juda yaxshi tushunadi… Holbuki biz 14 oyga ham kontrakt to‘lardik. Bir-birimizga hazillashib “agar shifokor bo‘lmasak, fermer bo‘lamiz”, der edik.

Endi mavzuimni moddiy manfaatdan boshlaganim sababini aytib bersam. Bundan avvalroq ham shunga o‘xshash maqola e’lon qilgandim.

Hozirgi kunda davlat byudjeti ta’minlovchi tashkilotlar ichida eng kasbiy tarafdan nohaqlik qilinayotgan soha bu tibbiyotdir!

Ommaviy axborot vositalarini doim kuzatib boraman. Juda kamdan-kam hollarda shifokorlarning noligan maqolalariga ko‘zim tushadi.

Buning sababini men quyidagilar deb o‘ylayman.

1) Shifokor qasamyodi. Bunda moddiy manfaatsiz davolayman, degan band bor;

2) Yetti yillik ta’lim;

3) Hafsalasi pir bo‘lgan shifokorlar

Gippokrat va Galen davrida tibbiyot gullab yashnagan. Bundan bir yarim ming yil avval. Chunki u quldorlik davri bo‘lgan. Shifokorlar o‘ziga to‘q bo‘lgani uchun faqat davolash bilan mashg‘ul bo‘lgan. Ular ijara to‘layman, kommunalka to‘layman, oila boqaman, degan xayollardan forig‘ bo‘lgan.

Masalan, 7 yillik ta’limni tugatgan UASh (umumiy amaliyot shifokori) faoliyatiga yengil nazar tashlasak. Qanaqadir 740 ming oylikka UASh

1) 5- 6 ming aholisi bor (qonunda 1200 nafar) uchastkaga boshi bilan javob beradi. Shu qismning o‘ziyoq qul ekanligini ko‘rsatadi;

2) Har oy UAShlar o‘ziga tegishli hududdan 10- 12 nafar ayol bachadoniga BIV kontratsepsiya (spiral) qo‘yishga majbur. Bo‘lmasa oyligidan qirqiladi. Qalbaki hujjatlar shu yerdan paydo bo‘ladi.

3) Har oy 2-3tadan IJK (ixtiyoriy jarroxlik kontratsepsiyasi – tuxumdon yo‘llarini boylash) qildirishi kerak. Bo‘lmasa oylik qirqiladi.

4 ) O‘limga spravka berishi kerak. Otchyotlarni to‘ldirib bormasa, oyligidan qirqiladi

5) Rejalanmagan tug‘ruq bo‘lsa, oyligidan qirqiladi.

6) 0 yoshdan 150 yoshgacha, homilador, bola, qariya farqi yo‘q. Hammasini davolashi kerak. Xato qilsa oyligidan qirqiladi, sharmanda qilinadi.

7) Har kuni ishdan keyin chaqiruvlarga uyma-uy borib davolaydi. Sababsiz borolmasa, oyligidan qirqiladi.

8) Uchastkada biror bolani ichi ketsa, gepatit bo‘lib qolsa, oyligidan qirqiladi

9) Bemor anketasiga kelsa-kelmasa yozib borish kerak bo‘lmasa oylikdan qirqiladi.

10) O‘tirgan xonangni yoningdan remont qilmasang, gul, parda, plakat ilmasang, oyligingdan qirqiladi.

11) Bemor cho‘ntagingga oyda bir marta 3-4 ming solib qo‘ysa va bundan bosh shifokor xabar topsa, bizga uzatmayapsan, deb oyligidan qirqiladi.

Sanaganlarim 10 dan biri xolos.

Endi Alisher Qayumovich, sizni nega yomon ko‘rishimni asoslasam.

Bu yomon ko‘rishim shaxsiy adovat tufayli emas, butun bir millat shifokorlarining sharafini himoya qilib, ular uchun hech narsa qilmayotganingiz sababli.

Qanaqadir uskunalarga 60 milliard iqtisod qilib prezident oldida ochko oldingiz, ammo shifokorlaringiz sharoitini yaxshilashga nima qildingiz?

El hozir shifokorlarni poraxo‘r, bilimsiz, qo‘pol deb xisoblaydi. Nega qo‘pol, chunki ishdan ko‘ngli sovugan, bemorlarni davolagisi kelmaydi.

Nega poraxo‘r, chunki qorovulni oyligini oladi va quldek ishlaydi.

Nega bilimsiz, sababi 2 yillab paxtaga chiqib poraxo‘r domlalar qo‘lida o‘qigan.

Hozirgi kunda jadal o‘zgarishlar bo‘layotgan paytda Xalq ta’limi vaziri va xalq gapiraverib xodimini oyligini oshirdi, imtiyozlar joriy qilmoqda. Siz nima qildingiz? Feysbukda javob bermaydigan profilingiz va Dima Qayumning uyiga borib ochko olishdan boshqa?

To‘g‘ri boshqalar nazdida kalta o‘ylayotganday tuyulishim mumkin. Faqat vazirga bog‘liqmas, degan bahonalar ham o‘tmaydi. Sizga bog‘liq bo‘lmasa, kimga bog‘liq. Harbiy, o‘qituvchidan nima kam joyimiz bor bizning?

Oylikni kulguli qilib oshirishni keragi yo‘q. Qayta ko‘rib chiqish kerak hammasini. Millatni kasal qilib, doriga o‘tirg‘izishda katta hissa qo‘shyapsiz.

UASh tizimini bekor qilish kerak. Qog‘ozbozlik, majburiy mehnatni umuman yo‘qotish kerak. Oylikni kamida 5 mlndan boshlab tashkil etishga harakat qilishingiz va imtiyozlar joriy qilishga harakat qilish zarur.

Lekin siz bularni qilmaysiz. Shungayam yomon ko‘raman sizni!

Agar yozganlarimni o‘qisangiz, shifokorlar ahvolini yaxshilashga bugundan qattiq kirishing yoki boshqa kirishadigan kishiga o‘rningizni bo‘shating.

Institutda “iqtisodiyot nazariyasi” degan fan o‘qitilgan bizga. Juda yaxshi o‘qituvchimiz bo‘lardi. Bir kursdoshim “bizga iqtisodiyot nega kerak?” deganida o‘qituvchimiz “Agar shifokor bo‘lib oila boqa olmasanglar, bozorni o‘rganib olishlaring uchun” degandi. O‘zlarining turmush o‘rtoqlari ham shifokor ekanliklarini keyinroq bilganmiz. Bir darsda shifokor, bosh vrachlar, bo‘lim mudirlari qanday pul topishi mumkinligini (noqonuniy) hazil aralash aytib bergandilar.

Iqtisod muallimimiz naqadar haq bo‘lib chiqdi. Ayni kunlardagi shifokorlar oilasini boqa olmayapti. Shuning uchun ham sizni yomon ko‘raman.

Xulosa sizdan.

P.S. Aytgancha o‘sha iqtisodiyot nazariyasi o‘qituvchimiz turmush o‘rtog‘ingiz Gulbahor opa Shodmonova edilar.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shifokor nega Sog‘liqni saqlash vazirini yomon ko‘rishini ma’lum qildi