09:28 / 24.07.2018
6 342

Itday xor bo‘lib o‘ldi!

Itday xor bo‘lib o‘ldi!
Eshmat birinchilardan bo‘lib partiyaga a’zo bo‘ldi. Kompartiyaga sadoqatini isbot qilish uchun ayoli va ikki qizini kolxoz klubiga lozimsiz, ro‘molsiz olib chiqib, yig‘ilganlar oldida: «Mana, men islohotni o‘z uyimdan boshladim. Eskilik sarqitlaridan qutulib, erkin nafas olib yashash payti keldi. Yashasin revolutsiya, yashasin komunistik partiya» dedi. Uni o‘ziga o‘xshagan bir ikki sotqinlar olqishlab maqtashdi.

Ertasidan boshlab Eshmat boshiga shlyapa kiyib, bilagiga qizil latta bog‘lab yuradigan bo‘ldi. Endi undan yaqin ulfatlari ham cho‘chib uzoqlashadigan bo‘ldi. Qaysi bir dindor xonadonga KGB xodimlari kelsa ularning oldida Eshmat bo‘lardi. Tabiiy ana shu xonadondan katta yoshdagi erkaklar qamalar yoki surgun qilinardi. Shuning uchun ko‘chada to‘planib gaplashib turgan kishilar uzoqdan Eshmatni ko‘rsalar tezlik bilan tarqalib ketishardi. Shunday qilib Eshmatning kompartiyaga xolisona xizmati bilan tez orada erkak kishi qamalmagan uy qolmadi.

Ko‘pchilik uni orqasidan, ba’zilar esa oshkor yuziga qarg‘aydigan bo‘ldi. Yoshlari yetmishdan oshgan qishloq Mullasini uyiga bostirib kirib: «Mana shu darvesh yo‘q bo‘lmaguncha qishloqda tinchlik bo‘lmaydi» deb, mo‘ysafid domlani soqollaridan sudrab hovliga olib chiqdi. Qariya onaxon va qo‘shni ayollarning yalinishiga quloq ham solmadi. Mo‘ysafid domlani yerga yotqizvolib tepkiladi. Keyin ichkariga kirib ikki uchta eski kitoblarni opchiqib yerga tashlab yoqmoqchi bo‘ldi. Domla buva chidab turolmay o‘zlarini kitoblar ustiga tashlab: «Yoqsang mana meni ham yoq» dedilar. U yana u kishini soqollaridan changallab ko‘tarib uloqtirdi. Soqollari yulingan, yuzlari qonga belangan domla buva endi Eshmatni oyog‘iga mahkam osilib yalina boshladilar.

Lekin u iflos oldingidan-da darg‘azab bo‘lib, tepkilay boshladi. Domla buva yuzlarini ikki qo‘llari bilan to‘sgancha inqillab yotardilar. Hech kim jur’at qilib ajratolmas edi. Oxiri u kitoblarni yoqib, kul bo‘lgunicha ustida turdi. Boshlarini zo‘rg‘a ko‘targan domla buva chidab turolmay dod deb yig‘lab: «Itday xor bo‘lib o‘lgin, itday xor bo‘lgin» deb qarg‘adilar. U yana urmoqchi bo‘lib kelayotganda ko‘chadan kirib kelgan bir ikki otaxonlar to‘xtatib qolib: «Hay hay Eshmat, uyalmaysanmi, o‘risam sanchalik qilmaydi. Hali ustingdan arz qilamiz. San o‘zi kimsan? Chiq bu yerdan» deb, ketkazib yuborishdi.

Bir necha kun o‘tib domlabuva olamdan o‘tdilar. Lekin duolari allaqachon ijobat bo‘lgan edi. Bu iymonsiz murtad oilani Alloh xorlab qo‘ydi. Oldiniga ayoli Eshmat birga ichib yuradigan ulfati uchastkavoy Seryoja bilan shaharga ketib qoldi. Qizlari ham yoshi o‘tib qolib er olmasdan o‘zlariga o‘xshagan komsomol bollar bilan uylarida kayfu safo qilib yuradigan bo‘ldi. Oxiri ichvolib duch kelgan odam bilan urishaveradigan odat chiqargan Eshmat partiyadan ham haydalib, ishdan ham ketdi. Qizlari ham alkash otani o‘zlariga ortiqcha bilib uyga kirgizmay qo‘yishdi. Chunki ularga ham xalaqit berardi.

Endi u ichvolib ko‘chalarda yotib yuradigan bo‘ldi. Gohida dumalab ariqlarda balchiqqa belanib yotardi. Bir marta yiqilib ko‘ziga cho‘p kirib ketib, ko‘zi oqib tushib shapko‘r bo‘lib qoldi. O‘lgan kuni ham mast holda ariqqa yiqilib boshi balchiqqa botgancha rosa bir kun qolib ketdi. Sadoqatla xizmat qilgan kompartiyasidan ham, qarindoshlaridan ham hech kim kelmadi. Oxiri qishloqdan uch to‘rt kishi jasadini shundayligicha olib borib qabriston devorining orqa tomoniga ko‘mib kelishdi. Haqiqatda itday xor bo‘lib, itday xor bo‘lib o‘ldi.

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Itday xor bo‘lib o‘ldi!