15:20 / 25.07.2018
3 115

Euractiv: Shavkat Mirziyoyev — yetuk va uzoqni ko‘zlaydigan davlat arbobi, haqiqiy islohotchi

Euractiv: Shavkat Mirziyoyev — yetuk va uzoqni ko‘zlaydigan davlat arbobi, haqiqiy islohotchi
O‘zbekistonning dunyoga namoyon bo‘lgan yangi imidji va yurtimizda kechayotgan yangilanishlarga xorijiy ommaviy axborot vositalari, nufuzli ekspertlar, xalqaro siyosiy institutlar tomonidan katta qiziqish bildirilmoqda.

Xususan, Belgiyaning nufuzli “Euractiv” axborot-tahliliy jurnalida “O‘zbekiston dunyoga ochilmoqda” nomli maqola chop etildi.

Material Niderlandiyadagi Yevropa xavfsizlik tadqiqotlari markazi eksperti Jos Bonstra hamda Belgiyadagi “Yevropa qo‘shnichilik Kengashi” nodavlat “aql markazi” bo‘lim boshlig‘i Andreas Maratsis muallifligida yozilgan.

Qayd etilishicha, Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi va bevosita boshchiligida respublikada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilyapti. Siyosiy ochiqlik va iqtisodiy liberallashuv jarayonlari natijasi o‘laroq mamlakat tub o‘zgarishlarga yuz tutmoqdaki, mazkur o‘zgarishlarning ta’siri O‘zbekistonning o‘rta va uzoq kelajakdagi istiqbolini belgilab beradi.

Bugungi kunda Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan davlat boshqaruvi tizimi takomillashib bormoqda. Ko‘plab siyosiy mahbuslar ozod qilingani, ommaviy axborot vositalari erkinligi kuchayib, ular faoliyatida “ikkinchi nafas” ochilgani maqolada alohida ta’kidlanadi. Hukumatga yosh, zamonaviy fikrlaydigan mutaxassislar jalb qilinishi esa o‘zgarishlarning jadalligi va izchilligini ta’minlashga xizmat qilayotir.

“Eng muhimi, barcha yangilanishlar tashqaridan biron ta’sir yoki turtkisiz, respublika rahbariyatining bevosita tashabbusi va qat’iy irodasi bilan amalga oshirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zini zamonamizning yetuk va uzoqni ko‘zlaydigan davlat arbobi, haqiqiy islohotchi sifatida namoyon etayotir”, deb yozadi mualliflar.

O‘zbekistonning yangi ochiqlik siyosati xalqaro hamjamiyat tomonidan “pozitiv ishora” sifatida qabul qilindi. Natijada so‘nggi vaqtlarda xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning mamlakatga qiziqishi keskin ortishi kuzatilayotir. Rasmiy Toshkent deyarli barcha sohada ochiqlik va hamkorlikka tayyorligini bildirayotir. Qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarda uzoq yillar mobaynida saqlanib qolgan muammolarning hal qilinishi Shavkat Mirziyoyev erishgan katta yutuqlardan biri bo‘ldi.

Bundan kelib chiqqan holda tahlilchilar Yevropa ittifoqi O‘zbekiston bilan hamkorlikni jadallashtirishi lozim, deb hisoblaydi. Buning uchun qisqa va o‘rta muddatga mo‘ljallangan harakatlar dasturi ishlab chiqilishi lozimligi tavsiya qilinadi.

Buyuk Britaniyaning “Reuters” axborot agentligi jurnalistlari yurtimizda kechayotgan o‘zgarishlarni diqqat bilan kuzatib, bu borada ko‘plab maqolalar chop etmoqda. Jumladan, yaqinda e’lon qilingan materialda mamlakatimiz Markaziy Osiyodagi voqea-hodisalarning “drayveri”, ya’ni “harakatlantiruvchi kuchi” sifatida e’tirof etiladi.

O‘zbekistondagi iqtisodiy modernizatsiya va liberallashuv jarayonlari haqida fikr yuritar ekan, agentlik jurnalistlari eksport hamda import sohasida ko‘plab yangiliklar kiritilgani, bu esa mahalliy va xorijiy tadbirkorlar faoliyati uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratganini eslatib o‘tishadi. Masalan, ko‘plab tovarlar importi uchun belgilangan to‘siq va to‘lovlar bekor qilingani, bojxona tartibining soddalashtirilgani alohida ta’kidlanadi. Natijada mamlakat bozorining “rangbaranglashuvi” kuzatilayotir.

So‘nggi vaqtda respublikada chet el kompaniyalari sezilarli darajada faollashdi, yangi biznes-sub’ektlar mamlakatga qiziqish bildirib, bu yerda yaratilgan sarmoyaviy muhitni diqqat bilan o‘rganishmoqda. Markaziy Osiyoning yuragida joylashgan O‘zbekiston Rossiya, Xitoy va Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish uchun ko‘prik vazifasini o‘taydi.

Maqolada yurtimizda yirik davlat kompaniyalari monopoliyasini bekor qilish va ularni xususiylashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga yuksak baho berilgan. Valyuta sohasining erkinlashuvi esa barcha kutgan va hamma uchun birdek manfaatli qaror sifatida qayd etiladi. Respublika xom ashyo qazib chiqarishga emas, tayyor mahsulot ishlab chiqarish jabhasiga investitsiyalarni jalb qilayotganini ta’kidlar ekan, “Reuters” bu milliy iqtisodiyotni diversifikatsiyalash uchun ko‘maklashadi, deb hisoblaydi. Jurnalistlarning fikricha, Shavkat Mirziyoyev ko‘rsatmasiga binoan davlat organlari tomonidan statistika yuritish tartibining takomillashtirilishi mamlakatdagi iqtisodiy vaziyatni real baholash va to‘g‘ri qarorlar qabul qilishga imkoniyat yaratadi.

Respublikamiz bank-moliya sohasidagi o‘zgarishlar nufuzli “The Diplomat” tahliliy jurnalidagi maqola mavzusi bo‘ldi. Muallif, iqtisodiy tahlilchi Paolo Sorbelloning yozishicha, O‘zbekiston hukumatining moliya sohasidagi qoidalarni liberallashtirishi natijasida respublikaga chet el banklari va moliya institutlarining kirib kelishi tezlashadi.

Jumladan, Qozog‘iston banklari O‘zbekiston moliya bozorida ishlashga katta qiziqish bildirmoqda. Respublika bilan hamkorlik qilish istagini arab davlatlarining islom-banking tamoyili asosida ishlaydigan moliya institutlari hamda Ozarbayjon, Gruziya, Turkiyaning qator banklari ham bildirmoqda.

Agar shu paytgacha O‘zbekistonda, asosan, mahalliy banklar faoliyat yuritgan bo‘lsa, endi xorijiy hamkorlar bilan aloqalar jadallashmoqda. Buning sababi respublikada boshlangan islohotlar uning xorijiy sarmoyadorlar uchun jozibadorligi ortishiga xizmat qildi.

Yaqinda London fond birjasida O‘zbekiston o‘z obligatsiyalarini savdoga qo‘yganini eslatib o‘tar ekan, jurnalist mamlakat izchil tarzda xalqaro moliya bozorida o‘z o‘rnini egallab borayotganini ta’kidlaydi. O‘zbekistonning xalqaro moliya bozoriga va xorijiy banklarning O‘zbekiston bozoriga kirishi moliya sohasida mutlaqo yangi vaziyatning yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi. Birinchidan, respublika banklari uchun raqobatchilar paydo bo‘ladi va ular o‘z faoliyatini rivojlantirish, takomillashtirishga rag‘bat yuzaga keladi. Ikkinchidan, o‘zbek moliya institutlari xalqaro tajribani o‘rganish va joriy qilish uchun qulay imkoniyatni qo‘lga kiritadilar. Uchinchidan esa istiqbolda mahalliy banklar ham chet el bozorlarini “o‘zlashtirishlari” mumkin bo‘ladi.

Buyuk Britaniyaning yana bir nashri — “The Independent” gazetasi yurtimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida xorijlik mehmonlar uchun yaratilayotgan qulayliklarga to‘xtaladi.

Jurnalist Joanna Vaytxedning yozishicha, O‘zbekistonning turizm sohasidagi imkoniyatlari respublikaga viza olish tartibining nihoyatda murakkabligi tufayli cheklanganedi. Buyuk Ipak yo‘lining qoq markazida joylashgan o‘lkaga borish uchun xorijliklar oylab kutishiga, ko‘plab hujjatlarni to‘ldirishiga to‘g‘ri kelardi. Bu yo‘ldagi turli byurokratik to‘siqlar respublikaga sayyohlar oqimi ortishiga to‘sqinlik qilib kelgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning qaroriga ko‘ra, elektron vizalarning joriy qilinishi, haqiqatan ham, “inqilobiy yangilik” sifatida e’tirof etiladi. Ushbu tashabbus nafaqat respublikaga kirish tartibini soddalashtiradi, balki uning shaffofligini ta’minlab, “inson omili”ni eng quyi darajaga olib keladi.

2017 yil dekabrda va 2018 yil fevralda viza tartibi bo‘yicha qarorlar qabul qilingan bo‘lib, elektron vizalarning kiritilishi bu boradagi islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. “Endi sayyohlar Samarqand, Buxoro, Xivaning go‘zal va mahobatli obidalarini borib ko‘rish uchun oylab kutmaydilar. Buyuk britaniyaliklar bu borada birinchilardan bo‘lib o‘zbek zaminiga otlandilar”, deyiladi maqolada.
Anvar MIRZAYeV

Manba: "Xalq so‘zi"

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Euractiv: Shavkat Mirziyoyev — yetuk va uzoqni ko‘zlaydigan davlat arbobi, haqiqiy islohotchi