15:08 / 28.07.2018
4 644

Toshkentdagi bankdan katta pulni o‘g‘irlash uchun kelgan xalqaro jinoiy guruh qo‘lga olindi (video)

Toshkentdagi bankdan katta pulni o‘g‘irlash uchun kelgan xalqaro jinoiy guruh qo‘lga olindi (video)
Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi xodimlarining hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirlari natijasida Toshkent shahridagi banklardan biridan katta miqdordagi pulni o‘g‘irlash uchun chet eldan kelgan guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. «O‘zbekiston» telekanalida ushbu hodisa tafsilotlariga bag‘ishlangan ko‘rsatuv namoyish etildi.

Aniqlanishicha, mazkur guruh asosan turli davlatlardagi banklarni o‘marish bilan shug‘ullanib kelgan. Xususan, 2015-2018 yillarda 50 dan ortiq jismoniy shaxsning banklarda saqlanayotgan 3,5 million AQSh dollari atrofidagi pullari aynan ushbu guruh a’zolari tomonidan ustomonlik bilan o‘g‘irlab ketilgan. Rossiya, Ukraina, Belarus, Moldova, Makedoniya kabi davlatlarning ayrim bank muassasalari himoya tizimlari ularning oldida ojizlik qilgan.

1975 yili Ukrainada tug‘ilgan, AQSh fuqarosi hisoblangan Aleks Stavko guruhga boshchilik qilib, kerakli mutaxassislarni yollash, ishlarni taqsimlash va topshiriqlar berish bilan shug‘ullangan.

Makedoniyadagi banklarning birida amalga oshirilgan o‘g‘irlikdan so‘ng, guruh a’zolari Turkiyaning Istanbul shahrida uchrashishadi va keyingi nishon sifatida O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahri tanlanadi.

1970 yilda Ukrainada tug‘ilgan, Ukraina fuqarosi bo‘lgan Vladislav Buts kalit yasash bo‘yicha mutaxassis. U Istanbuldagi uchrashuvda Aleksdan kerakli topshiriqni olgach, Toshkentga uchib keladi.

Guruh a’zolarining maqsadi Toshkentdagi banklarning birida mijozlarga tegishli shaxsiy qutichalarda saqlanayotgan pullarni qalbaki kalitlar yordamida o‘g‘irlash bo‘lgan. Buning uchun avvaliga bank binosi ko‘zdan kechirilgan. So‘ngra guruh a’zolarining biri bank xizmatidan foydalanish bahonasida valyuta hisobraqami ochgan. Ikkinchisi esa ijaraga depozit quticha olgan.

1975 yilda Ukrainada tug‘ilgan, Ukraina fuqarosi bo‘lgan Vyacheslav Sheremetning vazifasi bank qutilarining qulflarini tasvirga olish bo‘lgan.

O‘g‘rilik rejalashtirilgan bankda o‘z qutisini tekshirish bahonasida 18 marta mijozlar qutilari saqlanadigan xonaga kirib chiqqan va 140 ta qutichaning pultini maxsus videokameraga muhrlashga ulgurgan.

Jinoyatga tayyorgarlik jarayoni bilan tanishish maqsadida guruh yetakchisi Aleks Stavko Toshkent shahriga keladi va mehmonxonaga joylashadi. So‘ng guruhning yana bir a’zosi, 1964 yilda Ukrainada tug‘ilgan, Ukraina fuqarosi, MDH davlatlaridagi banklarda o‘g‘irlik sodir etgani uchun muqaddam bir necha bor sudlangan Oleg Dubrovskiy bilan «O‘zbekiston» mehmonxonasida uchrashadi hamda rejalashtirilayotgan o‘g‘irlik masalasini muhokama etishadi. Bir muddat o‘tgandan keyin ularning biri Olmaota shahriga, ikkinchisi esa Nyu-York shahriga uchib ketadi. Shuningdek, Aleks Stavko Toshkentda bo‘lgan vaqtida Vyacheslav hamda Vladislav u bilan uchrashib, pul olishadi va Qirg‘izistondan kalit yasaydigan uskuna olib kelishadi. Vladislav Buts 18 ta quticha kalitini yasaydi.

Hozirda qo‘zg‘atilgan ish doirasida tergov-surishtiruv ishlari olib borilib, guruhning boshqa a’zolarini qo‘lga olish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda, deyiladi lavhada.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkentdagi bankdan katta pulni o‘g‘irlash uchun kelgan xalqaro jinoiy guruh qo‘lga olindi (video)