19:06 / 05.08.2018
9 428

Yulduz Oripova: «Biz meros talashib janjallashayotganimiz bo‘hton!»

Yulduz Oripova: «Biz meros talashib janjallashayotganimiz bo‘hton!»
«O‘zbekiston qahramoni, xalq shoiri, davlat madhiyasi muallifi rahmatli Abdulla Oripovning farzandlari uning merosini talashib sudlashishmoqda». Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida rahmatli Abdulla Opripovning qizi Yulduz Oripova bilan bog‘landik.

— Yulduz opa, internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi turli gap-so‘zlarga oydinlik kiritsangiz… Nahotki meros talashib yurganingiz rost?..
— Mening otamdan qolgan eng katta merosim, bu otamning ijodi. Kimlardir vaziyatni noto‘g‘ri baholab, turli bo‘htonlarni yozib, shov-shuv ko‘tarib yotibdi. Bizning oilada meros talashib janjallashish holati umuman bo‘lishi mumkin emas. Xudoga shukr, biz opa-ukalar o‘zimizga to‘q, barcha narsasi yetarli odamlarmiz. Meros talashib, ur-to‘polon qilish tarbiyamizga ham to‘g‘ri kelmaydi. (kuyinib)

— Unda bu mish-mishlar qayerdan paydo bo‘ldi?
— Onam advokatlar orqali ishonchli shaxsga murojaat qilgan. Mening onam sodda ayol, shu sababli otamdan qolgan merosni qonun yo‘li bilan taqsimlashga uringan. Hozirda bu masala yuzasidan yurist shug‘ullanmoqda.

— Onangizning bu qaroriga ukangiz bilan salbiy aloqalaringiz sabab bo‘lgandir, ehtimol?
— Aloqa qachon salbiy bo‘ladi? Qachon janjal, urush degan narsalar bo‘ladi? Qachonki muloqot bo‘lsa. Men esa ukam bilan otamning vafotidan beri umuman gaplashmayman. O‘ylaymanki, ukam xatosini, albatta, tuzatadi. Bu qanday xato ekanini ukam Ilhomning o‘zi juda yaxshi biladi. U tarafdan noto‘g‘ri qarorlar bo‘lgandir, yakka-yu yagona merosxo‘r bo‘laman, deb o‘ylagandir, xudbinlik qilgandir. Ammo bu musulmonchilikka ham to‘g‘ri kelmasligini ukam tushunib yetishi kerak. Kelajakda otamning nomini hozirgiday bulg‘ashga urinayotganlarga bilib-bilmay sababchi bo‘lmasligi, aksincha, Abdulla Oripovning xotirasini ko‘klarga ko‘tarishi kerak. Chunki otamning yodi nafaqat bizga, butun boshli xalqqa ham tegishli. Qaytarib aytaman, biz oltita farzand — meros uchun yoqa bo‘g‘ishishdan yiroqmiz, barchamiz o‘zimizga to‘qmiz. Qolaversa, ukam Ilhomga ham adovatim yo‘q. Garchi gaplashmasak-da, uni yaxshi ko‘raman, yoshligida ko‘tarib katta qilganman. U o‘z xatosini tushunib yetishini juda xohlardim.

— Rahmatli Abdulla Oripovdan qolgan meros sotilishi mumkinmi?
— Aslo! Men otamdan qolgan nimaningdir sotilishiga hech qachon yo‘l qo‘ymayman. Meros masalasidagi qaror chiqqani yo‘q. Biz oila davrasida bu haqida hatto gaplashmaymiz ham. Men hamma narsaga chidashim mumkin, lekin otamning nomi qora bo‘lishiga aslo chidamayman. Bo‘layotgan barcha ishlar ukam Ilhomning o‘ziga ma’lum va uning xatosi tufayli sodir bo‘lmoqda. O‘ylaymanki, u bu xatosini tuzatadi!
Mohigul Diyorxo‘jayeva

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yulduz Oripova: «Biz meros talashib janjallashayotganimiz bo‘hton!»