20:39 / 06.08.2018
5 044

Urgutda keliniga qotil yollagan qaynota qo‘lga olindi

Urgutda keliniga qotil yollagan qaynota qo‘lga olindi
O‘ktam bobo kelini Salomatni (ismlar o‘zgartirilgan) yoqtirmaydi. Bunga sabab ko‘p. To‘g‘ri, o‘g‘lini orzu-havas bilan uylantirgandi. "Baxtli bo‘lsin", deb duolar qilgan. O‘g‘li va kelini uch farzandli bo‘lgach, yangi imorat qurib, ro‘zg‘orini ajratib qo‘ydi.

O‘g‘li 10 yillardan buyon Rossiyada ishlaydi. Uyiga har yili 15-20 kunga keladi, xolos. Rossiyada topgan pullarini ilgari otasiga jo‘natardi. Bobo ham nima qilardi, kichik o‘g‘illariga yer uchastka sotib oldi, ro‘zg‘or xarajatlariga ishlatdi. Bu Salomat kelinga yoqmadi, "biz yangi ro‘zg‘ormiz, o‘z tashvishimiz bor", dedi. Kelin erini ham "egovlagan" shekilli, otaga pul kelmay qoldi. Endi pul kelinga keladigan bo‘ldi.

O‘zi shundoq ham yoqtirmagan odamingning har qadami ayb bo‘lib ko‘rinaveradi. Kelinning qadam olishidan shubhalanib yurgan qaynotaga bu hol aslo yoqmadi. Kelin eridan kelgan pullarga yangi imoratini qurilishini tugatish, ta’mirlash uchun ustalar olib keldi. Kun ora ustalar, ya’ni begona erkaklar bilan mashinama-mashina yurgan kelinni ko‘rgan qaynotaning jazavasi tutdi. Nazarida kelini ochiq-oydin "yurib ketgandek" tuyulaverdi. Bir necha marta kelib, kelini bilan janjallashdi. Baribir ko‘ngli joyiga tushmadi. O‘g‘liga telefon qilib, diy-diyo qilaverib, xotini bilan ajrashishga ko‘ndirdi. O‘g‘li kelib ajrashish uchun ariza berib ketdi. Sud ularga muddat berdi.

Navbatdagi janjallardan birida kelini: "Bu uy meniki, men uydan chiqmayman!" - degani boboning ko‘nglidagi xavotirni alangalatdi. Kelini begona erkaklar bilan bemalol o‘ralashayotgandek tuyulib, dunyosi qorong‘i bo‘ldi. Ham oriyat, ham rashk, ham mol-dunyo boboning oromini o‘g‘irladi. "O‘ldiraman!!!" Uning yakuniy xulosasi shu bo‘ldi. Rosa o‘ylab ko‘rgach, o‘zi o‘ldirishiga ko‘zi yetmadi. Qo‘lidan kelmasligiga iqror bo‘ldi. Keyin kinolardagidak "qotil" yollamoqchi bo‘ldi: "Kimdir o‘ldiradi, men chetda tomoshabin bo‘lib qolaman. Shu bilan hamma muammo yechiladi, bir tomondan sharmandalikdan qutulaman, ikkinchi tomondan uy-joy ham, pul ham tinch bo‘ladi..." deya o‘yladi u. Shu fikr miyasiga o‘rnashib qoldi, eng to‘g‘ri yo‘l bo‘lib ko‘rindi. Asta-sekin, ehtiyotkorlik bilan yollanma qotil izlay boshladi.

...Bir odamning qotil izlayotgani to‘g‘risida viloyat IIBga tezkor xabar kelib tushdi. Og‘ir jinoyatning oldini olish va bir insonning hayotini saqlab qolish maqsadida darhol tezkor tadbir tashkil etildi. Tajribali tezkor xodimlardan biri "yollanma qotil" vazifasini bajaradigan bo‘ldi...

Izlagan imkon topadi, deganlaridek bir odam boboning qulog‘iga: "Siz izlayotgan odamni bilaman. Falon joydagi pivoxonaga borib Sherali ismli odamni toping", deya shipshidi. O‘ktam bobo o‘sha pivoxonani izlab topdi. Bir stolga o‘tirib atrofni kuzatdi. Biroz o‘tgach, xizmatchi yigitni chaqirib, Sherali ismli odamni so‘radi. Xizmatchi xotirjamlik bilan bir chetdagi stolda pivo ichib o‘tirgan odamni ko‘rsatdi. Bobo avvaliga ikkilandi, keyin tavakkal qilib o‘sha stol tomon yurdi.

- Shu yer bo‘shmi, o‘tirsam maylimi?
- Marhamat!

Bobo yollanma qotillarni boshqacha tasavvur qilardi: qandaydir vahimali ko‘rinishli, chandiqli, qo‘llariga rasmlar chizilgan... xullas, kinolardagi jinoyatchilar kabi. Bu yigit esa unchayam jinoyatchiga o‘xshamaydi, lekin ko‘zlari hissiz va sovuq boqarkan.

- Menga Sherali ismli odam kerak edi.
- Eshitaman...

- Siz bilan jiddiy masalada gaplashmoqchiydim...
- Men jiddiy odamman, yengil gaplarni yoqtirmayman.

- Sal qaltisroq masala-da... shunga...
- Gapirsangiz chaynalmasdan dangal gapiring, bo‘lmasa boshimni qotirmang.

Bu gap boboning hayajonini bosdi, bor kuchini to‘plab masalani aytdi:

- Bir odamni o‘ldirish kerak. Kelinimni... - bobo jur’at bilan shunday dedi-yu suhbatdoshini kuzatdi. Sherali esa pinagini ham buzmasdan dudlangan baliqni huzurlanib kavshardi. Bu hol boboga taskin berdi.

- Qancha berasiz?
- Ikki ming dollar! Faqat ish bajarilgandan keyin, - bobo dadillashdi.

- Nega o‘ldirishim kerakligini bilsam bo‘ladimi?
- Sabab yetarli. Faqat ish toza bo‘lishi kerak.

- Men ham qamoqni sog‘inganim yo‘q, ish toza bo‘ladi. Faqat pulni naqd sanaysiz, men darhol chetga chiqib ketishim kerak. Shunda siz ham, men ham tinch...
- Men kelinim o‘lganiga ishonch hosil qilganimda pul beraman. Iz qolmasa 500-600 dollar qo‘shib ham berishim mumkin...

- Qanday o‘ldirsam ko‘nglingiz joyiga tushadi?
- Menga farqi yo‘q...

- Bo‘pti, avval so‘yib, keyin daryoga tashlab yuboraman.
- Mayli, faqat o‘lik bir-ikki kunda suvdan chiqib qolishi mumkin. Shuning uchun katta tosh bog‘lab cho‘ktirish kerak, - "maslahat" berdi bobo.

- O‘zingiz ham ishtirok etasizmi?
- Yo‘q, menga so‘yilgan va suvga tashlanayotgan rasmini ko‘rsatasiz.

- Kelishdik. Ish bajarilgach, pul to‘lashni o‘yin qilmang, o‘zingizga qiyin bo‘ladi, boboy!

Xullas, shundan keyin qachon, qayerda uchrashish, kelinning rasmini va uy manzili chizmasini olish va boshqa masalalarni kelishib olishdi. Ertasiga bobo kelinning rasmini va uy manzili chizmasini olib kelib berdi.

... IIBda ish qizg‘in. Tezkor xodimlar tadbirni ipidan ignasigacha puxta ishlab chiqishdi. Tayyorgarlik ko‘rilib, kerakli xodimlar, xolislar jalb qilindi...

Kelin uyida xotirjam, uy ishlari bilan mashg‘ul paytda ikki begona erkak ko‘cha eshigini taqillatgancha kirib kelishdi:
- Kechirasiz, siz bilan gaplashib olishimiz kerak. Biz ichki ishlar xodimlarimiz...

O‘zaro ta’sirli suhbatda ayolni vahima va oh-vohdan tinchlantirib, vaziyatni va tuzilgan rejani tushuntirishdi. Keyin mashinaga mindirib IIBga olib ketishdi. Haligacha turli gumonlarda qiynalayotgan ayol ichki ishlar idorasiga kelgach o‘zini bosib oldi. Tezkor yig‘ilishda tadbir yana bir bor muhokama etilgach, ishga kirishildi. Qishloq hududidagi ko‘prik ustida o‘ldirish holati sahnalashtirildi: mutaxassislar ayolni o‘lgan kabi holatda yotqizishdi, bir xo‘roz so‘yilib qoni uning bo‘yniga oqizildi. Xarsang tosh olib kelib oyog‘iga arqon bilan bog‘landi. Sud-tibbiy ekspertiza xodimlari ishonchli tarzda suratga olishdi...

Ertasiga "qotil" telefonlashib, bobo bilan uchrashdi.

- Ish bitdi. Pulni cho‘zing, boboy.
- Men ishonch hosil qilishim kerak. Qani surat?

"Qotil" cho‘ntagidan ikki dona surat chiqarib ko‘rsatdi. Bobo shoshib qo‘l uzatgan edi, suratlarni cho‘ntagiga soldi:
- Avval pulni sanang!..

- Men ishonishim kerak. Buning uchun besh-o‘n kun kutish kerak.
- Men tezroq chetga chiqib ketishim kerak. Hech bo‘lmasa yashirinib yashab turishim uchun pul berishingiz kerak.

Ozgina tortishuv, do‘q-po‘pisadan sal-pal ishongan boboga "qotil" suratlarni berdi. Bobo suratlarni sinchiklab tomosha qilib, "qotil"ga 100 AQSh dollari va 100 000 so‘m pul berdi. Qolganini kelini o‘lganiga ishonch hosil qilgach beradigan bo‘ldi.

Shu payt, organ xodimlari kelib, boboning tirsagidan tutishdi...
Rustam HAYITOV

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Urgutda keliniga qotil yollagan qaynota qo‘lga olindi