22:43 / 11.08.2018
4 163

Shu to‘y bilan farzandi o‘zidan tinib-tinchib ketsa xo‘p-xo‘p, aksincha bo‘lsa-chi?..

Shu to‘y bilan farzandi o‘zidan tinib-tinchib ketsa xo‘p-xo‘p, aksincha bo‘lsa-chi?..
«Darding bo‘lsa bo‘lsin, qarzing bo‘lmasin»
Poytaxtda o‘qiganim bois, kelinni kursdoshlar orasidan tanladim. To‘yni ham biroz boshqalarnikidan farq qilsin deb, uydagilarning hisob-kitoblaridan ancha oshiqcha, hashamatliroq o‘tkazadigan bo‘ldik. Harqalay, Toshkentda o‘qigan degan nomim bor. To‘y — to‘ydek bo‘lsin, uzoq-yaqindan keladigan mehmonlarning og‘zi ochilib qolsin-da.

Xullas, dasturxonga bedananing tuxumidan tortib, anqoning urug‘igacha qo‘yiladigan bo‘ldi. Xonanda-sozanda ham shunga yarasha chaqirilgan: navbati bilan qo‘shiq kuylayapti. Shunchasi risoladagidek tashkil qilingach, kelin-kuyovni olib yuradigan mashinalar korteji oddiy bo‘lib qolmasin, pul ketsa ketsin, obro‘ ketmasin, deya so‘nggi rusumdagi vahimali ulovdan o‘ntasini gaplashdik. Biroq bu orzu-havasning xarajati kutganimizdan oshib ketdi. Noiloj, odam bir marta uylanadi: tanish-bilishdan qarz ko‘tardik.

Shu zaylda to‘yni bir amallab o‘tkazib, to‘yonalarni yig‘ib, qarzimizning ozginasidan qutuldik.

Kunlardan bir kun qarz bergan tanishim pulini so‘rab keldi. Otam «darding bo‘lsa bo‘lsin, qarzing bo‘lmasin», deb kunimizga yarab turgan mashinani sotib yubordi. Odamlar qarzni so‘rab kelavergach, do‘ppim boshdan tushdi. Shunda ota-onamning gapiga kirmay, dabdaba ketidan quvganimga ming-ming afsuslandim.

Qilgan ishimdan achchiq xulosa chiqardim. Vaqt o‘tib, farzandli bo‘ldim. Ana shunda ayollarning gapiga quloq solmay, o‘z bilganimcha, kamxarj qilib, chaqaloqni tug‘uruqxonadan olib chiqdim. Beshik to‘yini ham o‘z oilamiz davrasida, kamchiqimgina o‘tkazdik. Ko‘rpaga qarab oyoq uzatishga to‘g‘ri keldi-da. Ustiga-ustak, dabdabadan hech qanday naf yo‘qligini anglab yetgandim...

Ishoning, bu gapni men — boshdan o‘tkazgan odam aytyapti...

Bu illatning davosi bormi?
Yashnobod tumanidagi 6-sonli tug‘uruqxona qarshisidagi bekatda turgandim, qiziq holatga duch keldim. Yelkasiga fotoapparat ilib olgan yosh yigit, qo‘lida gul tutib turgan ayol, balandligi ikki metrcha keladigan quyon va ko‘zoynakli mushuk kiyimidagi yigitlar, ularning atrofida gir aylanayotgan bolalar... Bilsam, yangi chaqaloqni tug‘uruqxonadan olib chiqish marosimi bo‘layotgan ekan.

Qarang, hali hech narsani bilmaydigan chaqaloq uchun shuncha dabdaba. Hozirdan uning hayoti shu tarzda ortiqcha hoyu-havas, dabdaba bilan boshlansa, keyini qanday bo‘larkin, degan o‘y o‘tdi xayolimdan.

Bekatda menga o‘xshab avtobus kutib turgan yoshi elliklarga borgan ikki juvonning suhbati e’tiborimni tortdi.

— Go‘dak shu ishni qayerdanam tushunardi, undan ko‘ra, ota-ona bo‘lmish uni tezroq uyga olib ketmaydimi, — deb gap boshladi birinchi ayol. — Shu modalarimiz ham bor bo‘lsin-da. Uni o‘zimiz o‘ylab topamiz-da, keyin o‘zimiz azobini tortamiz.

— Nimasini aytasiz, — deya gapni ilib ketdi ikkinchi ayol. — Shu desangiz, bunday yangicha dahmazalar tufayli yaqinda qudamiz bilan arazlashib qoldik. Nabiramga masofadan boshqariluvchi (pultli) mashina sovg‘a qilmaganim sabab, qudam mendan qattiq ranjidi. Oxiri, shu ikki million so‘mlik matohni olib berib qutuldim. To‘g‘ri, buni o‘zimning nabiram uchun qildim, lekin hali u bu o‘yinchoqni o‘ynay olmaydi-ku.

— Ha, men ham yaqinda qizimnikiga beshik olib borishim kerak. Yana o‘yinchoqlar, nevaramga kiyimlar... Shunchasi yetmagandek, qaynota, qaynonasi boring-ki, butun oila a’zolariga sarpo olish, nabiram tug‘uruqxonadan chiqadigan kuni uch-to‘rt yuz minglik pishiriq ham tayyorlatishim kerak. Xarajatlarni hisoblab ko‘rib, bu mablag‘ga sunnat to‘y qilsa bo‘ladi-ku, deysiz. Kechalari o‘ylayverib, uyqum qochadi. Bularni qilmasam, qudam qizimning ko‘zini ochirmaydi. Nachora, farzandimizning baxti uchun majburmiz...

Ayollarning so‘zlaridan qattiq ta’sirlandim.

Barcha tug‘uruqxonalarda ahvol shundaymi? Yo‘q. Yakkasaroy tumanidagi 8-tug‘uruqxonada vaziyat biroz boshqacha. U yerda devorga shunday e’lon yozib qo‘yilgan: «Tug‘uruqxonaga bittadan ortiq mashina va yumshoq o‘yinchoq kiyimidagilarning kirishi taqiqlanadi».

Tug‘uruqxona bosh shifokori buni quyidagicha izohladi:

— Dabdabaning barchasi kimo‘zarga, atrofdagilar oldida soxta obro‘ orttirish uchun qilinayotgan ahmoqlikdan o‘zgasi emas, — deydi Yakkasaroy tumani 8-tug‘uruqxona bosh shifokori Kamoliddin ­ ­NIZOMIDDINOV. — Bu yerda har xil sharoitdagi bemorlar bor. Birida imkon bo‘lsa, boshqasida yo‘q. Odamlar bu haqda yetarlicha o‘ylashmaydi. Xonadoshi chaqalog‘ini karnay-surnay sadolari ostida, qimmatbaho mashinada olib ketganini ko‘rgan sharoiti yo‘q bemorning ko‘ngli o‘ksimaydimi? Bunday vaziyatda ularning ichidan nimalar o‘tishini bilasizmi? Shu bois, mazkur masalaga jiddiy e’tibor berish kerak. O‘shanda jamiyatimizda ijobiy tomonga o‘zgarish kuzatiladi. Dabdababozlikka qarshi jamoamiz qo‘llagan usulni boshqa tug‘uruqxonalarga ham tavsiya qilgan bo‘lardim.

Bobolar nima deydi?
Ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy bundan bir asr muqaddam — «Oyina» jurnalining 1915 yil 13-sonida bong urib, shunday deb yozgan edi: «Biz o‘lik va to‘y uchun haftalar, hatto, oylar ila ishdan qolurmiz... To‘y va ta’ziyag‘a sarf qilinaturgon oqchalarimizni biz, turoniylar, ilm va din yo‘lig‘a sarf etsak, anqarib ovrupoyilardek taraqqiy etarmiz va o‘zimiz-da, dinimiz-da obro‘y va rivoj topar. Yo‘q, hozirgi holimizg‘a davom etsak, din va dunyog‘a zillat va miskinatdan boshqa nasibamiz bo‘lmaydur. Ey, xalq! Ey, musulmonlar! Biz na uchun Xudo va rasulning so‘ziga, o‘zimizning nafimizga amal qilmaymiz? Biz devonami?»

Bir asrdirki, jadid bobolarimiz kuyunib aytgan gap hali-hanuz dolzarbligicha davom etib kelmoqda. Ha, «aqchalarimizni ilm va ma’rifatga» sarflaganimizda edi, bugun ko‘pchiligimiz davlatdan nafaqa yo boshqa ko‘mak umidvor bo‘lib o‘tirmagan bo‘lardik.

Buyuk mutafakkirlardan yana biri, agar kimki nom qozonish uchungina gavhar sochayotgan bo‘lsa, undan baxillik yaxshiroq, deb aytgan ekan. To‘y — ma’naviyat maydoni. Bu maydondagi ma’naviyatimizni, madaniyatimizni qachon ko‘rsatamiz, buning vaqti qachon keladi — bilmayman. Bilganim esa, toki dabdababozlikni bas qilishni o‘zimizdan boshlamas ekanmiz, u kun hech qachon kelmaydi.
Zavqiddin NASIMOV,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mutaxassisi

Manba: Od-press.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shu to‘y bilan farzandi o‘zidan tinib-tinchib ketsa xo‘p-xo‘p, aksincha bo‘lsa-chi?..